Jahon | 18:10 / 07.01.2023
14324
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh tashqi siyosatining Markaziy Osiyodagi asosiy yo‘nalishlari ma’lum qilindi

AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ishonchli sherik bo‘lishga intiladi va ularning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Reuters

AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays brifing chog‘ida Amerika tashqi siyosatining Markaziy Osiyodagi 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari haqida gapirdi.

U Amerika Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ishonchli sherik bo‘lishga intilayotganini va Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.

«AQSh C5+1 diplomatik platformasini 7 yildan ko‘proq vaqt oldin ishga tushirgan, bu formatdagi hamkorlik mintaqa va undan tashqarida yanada samarali va barqaror yechimlarga olib keladi», dedi Prays.

TIV vakili Markaziy Osiyo hozirda o‘zining eng kuchli holatda ekanini, hukumatlar mintaqaviy va global muammolarni birgalikda hal qilayotganini va bu platforma har qachongidan ham dolzarbligini ta’kidladi.

«Iqtisodiy sohada AQSh mintaqaga katta sarmoya kiritishda va o‘z hamkorlari bilan ishlashda davom etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining salohiyatini oshirish, yangi savdo yo‘llarini kengaytirish va mintaqada xususiy sektorni mustahkamlash uchun 25 million dollar ajratilgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi», dedi Prays.

Shuningdek, sheriklar bilan biznes va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, kasbiy almashinuv, ingliz tilini o‘rganish va o‘rgatish, sog‘liqni saqlash, yadro qurolini tarqatmaslik va xavfsizlikni ta’minlash, davlat salohiyatini oshirish kabi sohalarida ko‘plab mintaqaviy va ikki tomonlama dasturlar, mustaqil fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari, mintaqaviy savdo va energiya xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi.

«Markaziy Osiyo hukumatlari va xalqlari bilan hamkorlik, shuningdek, ularning bir-biri bilan o‘zaro hamkorligi Markaziy Osiyoning gullab-yashnashi va barqarorligiga ko‘maklashuvchi tamal toshi hisoblanadi va bu haqiqatan ham Qo‘shma Shtatlarning mintaqaga nisbatan tashqi siyosati yondashuvining asosidir», dedi Prays.

Mavzuga oid