21:57 / 16.01.2023
25789

210 mln so‘mlik shartnoma 2 mlrd so‘mga yetgan. Toshkent viloyati hokimligi qaysi xizmatga buncha xarajat qilgan?

Toshkent viloyati hokimligi 2022 yil davomida o‘zining AKT markaziga bir necha marta pul o‘tkazib bergan. Har safar birlamchi shartnoma qiymati oshib boravergan. Bu mablag‘lar aslida piar uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin.

1-holat. 210 mln so‘m

2022 yil 26 yanvarda Toshkent viloyati hokimligi “Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” MChJ bilan 210 mln so‘mlik 24-22-sonli shartnoma tuzgan.

Garchi shartnomada ko‘rsatiladigan xizmat turi “texnik qo‘llab-quvvatlash, serverlarda hosting, ichki axborot resurslarini ishlatish va boshqarish” deya ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, davlat xaridlari portaliga “piar xizmati” deb qayd etilgan. Bu esa hokimlik shartnomada qayd etilgan xizmat uchun emas, aksincha piar uchun 210 mln so‘m pul o‘tkazib bergan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

2-holat. 150 mln so‘m

Hokimlik yuqoridagi sanada shu MChJ bilan yana 150 mln so‘mlik 1-22 sonli shartnoma ham tuzgan. E’tiborlisi, bu shartnomaning predmeti va mohiyati yuqoridagi 24-22-sonli shartnoma bilan bir xil, faqat narxlarda farq bor. Davlat xaridlari portalida bu shartnoma "AKT xizmatlari" deya tavsiflangan.

Bundan, 150 mln so‘mlik shartnoma haqiqatan ham AKT xizmatlari uchun, 210 mln so‘mligi esa piar uchun ekani anglashiladi.

3-holat. 420 mln so‘m

2022 yil 16 mayga kelib, ikki o‘rtada 26 yanvarda tuzilgan shartnomaga qo‘shimcha kelishuv shartnomasi tuzilgan va yana 420 mln so‘mlik pul o‘tkazilgan.

Bu safargi sabab ham davlat xaridlarida ikki xil qayd etilganini ko‘rish mumkin. Batafsil tavsifga “texnik qo‘llab-quvvatlash, serverlarda hosting, ichki axborot resurslarini ishlatish va boshqarish” deb yozilgan. Ammo qisqa tavsifga esa “axborot xizmati faoliyati uchun” degan sabab keltirilgan.

4-holat. 450 mln so‘m

2022 yil 19 mayga kelib, 26 yanvardagi 1-22-sonli shartnomaga yana qo‘shimcha kelishuv tuzilgan. Bajarilgan ishlarning umumiy qiymati 150 mln so‘mdan 600 mln so‘mga o‘zgartirilgan. Bu orqali esa hokimlik yana 450 mln so‘m to‘lagan.

5-holat. 540 mln so‘m

2022 yil 23 noyabrga kelib, 1-22-sonli shartnomaga yana o‘zgartirish kiritilgan. Bu safargi kelishuv qiymati – 540 mln so‘m.

 

Qizig‘i shundaki, davlat xaridlarida yozilgan izohga ko‘ra, 540 mln so‘mlik mazkur o‘tkazma hokimning 435-10-0-F/22 sonli farmoyishi asosida amalga oshirilgan. Ammo hokimning mazkur farmoyishida 540 mln so‘m emas, 90 mln so‘m ajratilishi yozilgan.

6-holat. 780 mln so‘m

2022 yil 23 noyabrda hokimlik yil boshidagi 24-22 sonli shartnomaga navbatdagi marta qo‘shimcha kelishuv qilgan. Bunda shartnoma endi 630 mln so‘mdan 990 mln so‘mga o‘zgartirilgan. Portalda lotning boshlang‘ich qiymati 780 mln so‘m bo‘lgani yozilgan.

Bu lotga hokimning 436-10-0-F/22-sonli farmoyishi asos qilib yozilgan. Ammo hokim farmoyishida na 630 mln, na 990 mln va na 780 mln so‘m haqida so‘z borgan. Aksincha, axborot xizmati uchun 360 mln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Shartnomalar va qo‘shimcha kelishuvlarning barchasida bir xil qolipdagi xizmatlar yozilgan. Faqatgina o‘tkazib berilgan pullarning qiymati o‘zgarib, oshib borganini ko‘rish mumkin. Ammo davlat xaridlari portalidagi tavsiflarda esa pullar axborot xizmati va piar xizmat uchun o‘tkazilgani yozib qo‘yilgan.

Shu o‘rinda qator mulohazalar o‘rtaga chiqadi.

Birinchidan, barcha davlat organlari qatori, Toshkent viloyati hokimligida ham matbuot xizmati faoliyat yuritadi va xizmat xodimlari budjetdan maosh oladi. Lekin hokimlik “axborot xizmati uchun” degan sabab bilan shuncha pul sarflayapti. Ya’ni bu mablag‘lar boshqa maqsadda, masalan, birinchi 210 mln so‘mlik holatga o‘xshab piar uchun sarflangan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, hokimlikning bu shartnomalari juda tushunarsiz holatda davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan. Shartnomalar, qo‘shimcha kelishuvlar va bajarilgan ishlarning hisoboti taftish o‘tkazish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Uchinchidan, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ustav fondidagi davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar davlat buyurtmachisi hisoblanadi va ularning xaridlari davlat xaridlari portalida ko‘rsatilishi shart. Ammo Toshkent viloyati hokimligi shuncha mablag‘ni tendersiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma orqali o‘tkazib bergan “Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” MChJga 100 foiz ulush bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi egalik qilsa-da, ushbu MChJning birorta xaridi portalga joylanmagan. Mazkur MChJ hokimlikdan shuncha mablag‘ni olib, uni nima qilganini bilishning hozirda imkoni yo‘q.

Yuqoridagi holatlar Toshkent viloyati hokimligining xaridlari va sarflayotgan budjet mablag‘lari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish lozimligini ko‘rsatadi.

Top