O‘zbekiston | 12:57 / 19.01.2023
9976
4 daqiqa o‘qiladi

“Hukumat reja va xohishlarini xalq bilan bo‘lishishi kerak” - iqtisodchi O‘zbekistonning gaz shartnomalari yopiq tarzda imzolanishi haqida

Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekiston hukumati imzolayotgan xalqaro shartnomalar bandlarini ochiqlamasligi, bu haqda xalqqa hisob berilmasligi, ulardan faqat sanoqli amaldorlar xabardor bo‘lishi hamda shu tufayli mamlakatda mavjud axborot bo‘shlig‘i va shubhalar haqida gapirdi.

“Biz gaz ittifoqi xaqidagi xabarlar chiqqandan buyon Rossiya yoki Qozog‘iston tomonidangina axborot, bayonotlar olyapmiz. Bunda bizning pozitsiyamiz, harakatlar rejamiz nimalardan iborat ekani haqida O‘zbekiston hukumatidan aniq bir fikr eshitmadim. Shuning uchun uzuq-yuluq axborotlardan kelib chiqib, mulohaza qilyapmiz. Mening fikrlarim ham shunday bo‘ladi, albatta. Shaxmatga qiyos qiladigan bo‘lsak, hozirgi xolat bu eng oxirgi yurishlar bo‘lyapti, bu «o‘yin» o‘tgan o‘n yilliklarda boshlangan.

Bundagi yutqiziqlarimiz shundan iboratki, biz keyingi yurishlarni ko‘rmaganmiz, ko‘rgan bo‘lsak xam, e’tiborga olmaganmiz. Yoki qaror qabul qiluvchilarga oqibatlar to‘g‘risida doimiy ravishda to‘g‘ri axborot yetib bormagan. Qazib olishda aktivlarimizni boy berdik. Xususiylashtirish niqobi ostida «falajlantirildik»: yetarli darajada qazib olish imkoniyatlarimiz cheklandi. Texnologik va moliyaviy jihatdan qaramligimiz oshdi. Biz haddan tashqari noqulay shartlarda, O‘zbekiston uchun oqibatlar yaratadigan shartlarda moliyaviy kanallarga murojaat qilib keldik.

Shunday vaziyat yuzaga keldiki, biz, birinchidan, konlardan; ikkinchidan, bu konlarda qazib olingan mahsulotni yetkazib berish infrastrukturasidan; uchinchidan, iqtisodiyotimiz ko‘tarsa, tashqaridan import qilish va eksport qilish imkoniyatlarimizni yo‘qotish pallasiga kelib qoldik. Bu oxirgi palla.

Bu yerda yo‘qotish va xatolarimiz kadrlar bilan ham, neft-gaz sektoridagi noto‘g‘ri vertikalni yo‘lga qo‘yganimiz bilan ham, moliyaviy qarorlar bilan ham (chuqur o‘ylanmagan loyihalarga mablag‘ ajratish) bog‘liq. Bularning hammasi birgalikda shakllanib, biz kelib qolgan holatga olib kelyapti. Bular mening mulohazalarim. Balki yetarlicha mulohaza qilmayotgandirman. Buning uchun bizga xalq va hukumat muloqoti kerak. Hukumat o‘zining reja va xohishlarini xalq bilan bo‘lishishi kerak”, – dedi iqtisodchi Kreml taklif qilayotgan “uch tomonlama gaz ittifoqi” va unga O‘zbekistonning javobi qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi savolga javoban.

Bakirovga ko‘ra, bundan 10 yil avval gaz qazib olish va potensial jihatidan dunyoda 37-o‘rinda bo‘lgan «Uzbekneftgaz» kompaniyasi bugun 200 talikka ham kirmaydi. Bir paytlar O‘zbekistondagi gaz-neft zaxiralarining 99 foizini o‘z nazoratida saqlagan kompaniya ko‘p gaz qazib ololmayapti, asosiy neftni qayta ishlash kompaniyalarining biridan mosuvo bo‘lgan. Qarzlari shu darajada oshib ketganki, kelajakdagi pul oqimlari ham qoplashga yetarli bo‘lmay boryapti. Ammo kompaniya qanday qilib bu ahvolga kelib qoldi, degan savolni berish uchun ham odamlarda yetarli ma’lumot yo‘q.

“Aytmoqchimanki, bu masalada qandaydir xulosa qilish uchun axborotning o‘zi bo‘lishi kerak. Bu qarorni hukumat qabul qilmasligi kerak, bu qarorga maslahatlashilgan holatda kelish kerak. Ittifoqqa qo‘shilish qaroriga keladigan bo‘lsak, avvalo uning ijobiy va salbiy oqibatlarini sanab chiqishimiz kerak”, – dedi bloger. 

Intervyuni to‘liq holda ushbu video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid