«Bizga tanklar bering!» Zelenskiy Germaniya va boshqa ittifoqchilarni so‘zdan ishga o‘tishga chaqirdi
Ukraina prezidenti tanklar soni bo‘yicha savdolashmaslikni so‘radi. Ammo Germaniya Ukrainaga og‘ir texnikalar yetkazib berilishiga rozilik bermadi. Polsha g‘azabda, boshqa ittifoqchilarning hafsalasi pir bo‘lgan.
Kiyev sabot bilan so‘rayotganiga va «Ramshteyn» kontakt guruhidagi ittifoqchilarning qattiq bosimiga qaramay Germaniya Leopard-2 tanklari Ukrainaga yetkazib berilishiga rozilik bermadi.
Shu haftada Germaniyaning yangi mudofaa vaziri etib tayinlangan Boris Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati hozircha Leopard tanklari bo‘yicha qaror qabul qilmadi.
«Bugun biz bu borada qaror qachon va qanday shaklda qabul qilinishi bo‘yicha aniq gap aytishga tayyor emasmiz», degan Pistorius «Ramshtayn» guruhiga a’zo mamlakatlarning mudofaa vazirlari uchrashuvidan keyin.
Shu bilan birga, Pistorius Germaniyada tanklarni yetkazib berishni ataylab bloklash niyati yo‘qligi va bugun Berlin hech qanday javob bermagani hukumat bu borada ish olib bormayotganini anglatmasligini ma’lum qilgan.
«Bu borada qaror qabul qilinganida - bu bir yoki ikki haftadan keyin ham, bir kundan keyin ham bo‘lishi mumkin - men tezlik bilan harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lishni istayman. Shu bois men bugun ertalab o‘z vazirligimga bizning qurolli kuchlarimizdagi, shuningdek sanoatdagi Leopard tipidagi tanklarni inventarizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdim», degan Bundesver rahbari.
Izolyatsiya tomon yo‘lmi?
Ayrim ekspertlar fikricha, Germaniya kansleri Olaf Shols o‘z o‘jarligi bilan ittifoqchilar lagerida yakkalanib qolmoqda.
Anchadan buyon o‘z ixtiyoridagi nemis tanklarini Kiyevga taqdim etishga tayyorligini bildirib kelayotgan Polsha hukumati Varshava Germaniyaning pozitsiyasidan hayratda ekanini yashirmayapti.
«Ukrainaga yordam - hozirda barchamiz uchun, ayniqsa polyaklar uchun, bizning xalqimiz va hukumatimiz uchun eng muhimi», degan BBC uchun bergan intervyusida Polsha TIV rasmiysi Lukash Yasina va Berlinning qat’iyatsizligi barcha jabhalarda vaziyat rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkur esa Germaniya Kiyevga o‘zidagi Leopard tanklarini berishga tayyor bo‘lgan boshqa davlatlarga to‘sqinlik qilmasligiga ishonch bildirgan.
«Tanklarni jo‘natish uchun ruxsat olishda hech qanday to‘siq bo‘lmaydi», deya ishonch bildirgan u juma kuni. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala yaqin kunlarda hal etilishi kerak.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg uchrashuv tanaffusi vaqtida jurnalistlarga Ukrainaga Leopard tanklari yetkazib berish masalasi hamon g‘arblik hamkorlar o‘rtasida muhokama mavzusi bo‘lib qolayotganini aytgan.
«NATO va G‘arbning ayni vaqtdagi asosiy maqsadi Ukraina suveren, mustaqil Yevropa davlati bo‘lib qolishiga yordam berishdir», dedi Stoltenberg Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansi ittifoqiga a’zo bo‘lishi istiqbollari haqidagi savolga javob berarkan.
Zelenskiy Berlindan iltimos qildi
«Ramshtayn» sammiti arafasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Germaniyaga Kiyev uchun Leopard tanklari yetkazib berilishiga rozi bo‘lishini so‘rab to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qildi. Uning murojaati Germaniya jamoat televideniyesi efirida ketdi.
Germaniya jamoatchiligida Ukrainaga tanklar yetkazib berishi bo‘yicha fikrlar, so‘rovlarga ko‘ra taxminan 50 ga 50 nisbatida, bu esa shusiz ham ittifoqchilar bosimi ostida qolayotgan kansler Sholsning vaziyatini yanada og‘irlashtiradi.
Roppa-rosa 50 ishtirokchini o‘z ichiga olgan «Ramshtayn» formati Rossiya tajovuzi ortidan G‘arbning Ukrainaga harbiy yordamini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan.
Urush boshlanganidan buyon ushbu format doirasida Ukraina uchun bir necha yordam paketi kelishilgan. Juma kungi uchrashuvda asosiy e’tibor - Germaniyaning Leopard tanklari yetkazib berilishi bo‘yicha qaroriga qaratildi, ekspertlar fikricha, bunday tanklar Ukrainaga ayni vaqtda Rossiya yurish qilayotgan uchastkalardagi vaziyatda burilish yasash imkonini beradi.
Bir kun oldin AQSh va Yevropaning qator mamlakatlari Ukrainaga turli qurollar, jumladan shu vaqtgacha berilmagan texnikalarni yetkazib berishni va’da qilishdi. Ammo shu vaqtgacha faqat Buyuk Britaniya Ukrainaga og‘ir tanklar yetkazib berish majburiyatini olgan - tanklar Ukrainaga o‘z hududlarini ozod etishda samarali kurash olib borish uchun o‘ta zarur vositadir.
«Yuzlab minnatdorchilik so‘zlari yuzlab tanklar o‘rnini bosa olmaydi», - degan Volodimir Zelenskiy videoaloqa orqali Amerikaning Germaniyadagi «Ramshtayn» bazasida yig‘ilgan kontakt guruhi ishtirokchilariga qarata.
«Ramshtayn»da nimalar deyildi?
An’anaga ko‘ra kontakt guruhi uchrashuvini AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ochib berdi.
U nutqini Rossiya tomonidan ko‘rsatilayotgan beshafqatlik G‘arb Ukrainaga yordam sur’atlarini tushirishiga imkon bermayotgani haqidagi gap bilan boshladi.
«Rossiya qo‘shini o‘zining dahshatli hujumlarini kuchaytirdi, hech qanday gunohi bo‘lmagan ukrainlarni o‘ldirmoqda», - dedi u birinchi navbatda rossiyaliklarning yaqinda Dniprodagi ko‘p qavatli uyga raketa zarbasi berganini nazarda tutgan holda.
«Rossiyaliklarning hujumlari Ukraina ruhini sindirishga qaratilgan, biroq bundan hech narsa chiqmadi, Ukraina xalqi esa butun dunyoni ilhomlantirdi. Ayni vaqtda Rossiyada o‘q-dorilar tugab bormoqda, ular katta harbiy yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. U [Putin] o‘zining qolgan hamkorlaridan ushbu fojiali bosqinni davom ettira olishi uchun o‘z zaxiralarini to‘ldirishda yordam so‘ramoqda», - degan Ostin va hamkorlarni Ukraina atrofida yanada jipslashishga chaqirgan.
Shundan keyin ishtirokchilar qarshisida videoaloqa orqali Volodimir Zelenskiy chiqish qildi.
«Rossiya tomonidan boshlangan urushda to‘xtab bo‘lmaydi. Vaqt - bizning umumiy qurolimiz», degan u.
U ittifoqchilarni nafrat birinchi o‘rinda turadigan dunyo tartiboti o‘rnatilishiga yo‘l qo‘ymaslikka va Ukraina so‘ragan qurollarni, jumladan nemis tanklarini tezroq berishga chaqirdi.
U kontakt guruhi ishtirokchilaridan tanklar miqdori bo‘yicha savdolashmaslikni, Rossiya vahshiyliklarini to‘xtatish uchun bu masalani butunlay hal qilishni so‘radi.
Zelenskiy ushbu formatdagi keyingi yig‘ilish tarixga Ukraina uchun F-16 qiruvchilari va uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qilingani bilan kirishiga umid qilishini aytdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilar «terrorni yo‘q qila oladigan artilleriya va aviatsiyani kafolatlash»ga qodir.
Diqqat markazida - Leopard tanklari
Leopard tanklari NATOning qator a’zolari, jumladan Polsha, Finlandiya va Kanada armiyalari ixtiyorida mavjud va bu davlatlar o‘zidagi bunday tanklarni Kiyevga berishga tayyor, ammo NATO qoidalariga ko‘ra qurollarni uchinchi davlatga berish uchun ishlab chiqaruvi davlatning rasmiy roziligi talab etiladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsga bosim ortib borayotganiga qaramay, shu vaqtga qadar nemis hukumati o‘z tanklarini yetkazib berish bo‘yicha ham, boshqa mamlakatlardagi shunday tanklar Ukrainaga berilishiga ham ruxsat bermayapti.
«Agar sizda Leopard tanklari bo‘lsa, ularni bizga bering! Ular Rossiyaga ketmaydi. Biz o‘zimizni himoya qilamiz», - dedi Zelenskiy Germaniyaga murojaat qilib.
Germaniya rasmiylari bir necha haftadan buyon kuchli bosim ostida qolgan: nafaqat Kiyev, balki NATO bo‘yicha barcha ittifoqchilar ushbu mamlakat Leopard bo‘yicha qaror qabul qilishini kutmoqda.
Shunday bosim joriy haftada Germaniya mudofaa vaziri Kristina Lambrext iste’foga chiqishiga olib keldi. Uni boshqa kamchiliklar qatori Ukrainaga harbiy yordam masalasidagi qat’iyatsizligi uchun ham qattiq tanqid qilishgandi.
Endi esa «Ramshtayn»da ittifoqchilarning bor e’tibori Bundesverning yangi rahbari Boris Pistoriusga qaratildi, undan qat’iy harakatlarga kirishish kutilmoqda.
Polsha TIV rahbari o‘rinbosari Pavel Yablonski juma kuni Varshava Berlin ruxsat bermasa ham o‘zidagi nemis tanklarini Kiyevga jo‘natish yo‘llarini qidirayotganini aytdi.
«Ko‘ramiz. O‘ylaymanki, [Germaniya] qarshilik qilgan taqdirda, biz nostandart qadamlar tashlashga tayyor bo‘lamiz. Ammo keling, voqealar rivojidan oldinga chiqib ketmaylik», dedi u Polsha radiosidagi dasturlardan birida.
Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Yuriy Saka ittifoqchilar juma kuni juda murakkab qaror qabul qilishiga to‘g‘ri kelishini aytgan.
«Ukraina uchun tanklar - ozodlik tanklaridir», - degan u BBC uchun intervyusida.
U agar Ukraina tanklarni hozir olmasa, boshqa davlat Moskva tajovuzidan himoyalanish uchun tanklarga muhtoj bo‘lib qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Berlin nega o‘jarlik qilmoqda?
Urush boshida nafaqat Germaniya, balki butun NATO bloki Ukrainaga zamonaviy qurollar yetkazib berilishi Moskvani sergak torttirishi va mojaro yanada keskinlashuviga olib kelishi mumkinligidan xavfsirayotgandi. Xuddi shu sabab bilan, masalan AQSh ancha vaqtgacha Kiyevga o‘z gaubitsalari yoki HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini berishga shoshilmadi.
Prezident Jo Bayden ma’muriyatini Amerikaning Ukrainaga harbiy yordami ehtiyotkorlik bilan dozalangani, tabiatan «tomchilab» berilishi va Kiyevga bosib olingan hududlarini qaytarib olish uchun qarshi hujumga o‘tishga yoki Ukraina sharqidagi Rossiya qo‘shinlari harakatini to‘xtatishga ham imkon bermasligi uchun tanqid qilishadi.
O‘z navbatida, Germaniya Ukrainaga og‘ir texnikalar bergan ilk davlat bo‘lishni istamasligini va bu qaror Qo‘shma Shtatlar bilan birgalikda qabul qilinishi kerakligini bildirmoqda.
Xususan, Germaniyadagi Süddeutsche Zeitung nashri bir necha kun oldin o‘z manbalariga tayangan holda Olaf Shols Leopard tanklarini Ukrainaga berishga tayyor ekani, ammo buning uchun AQSh ham o‘zining Abrams tanklarini ukrainlarga yetkazishga rozi bo‘lishini xohlayotganini xabar qildi. Bu haqda Shols payshanba kuni Davosdagi forumda amerikalik kongressmenlar bilan uchrashuvda ham aytib o‘tgan.
Vashingtondagilar esa bunday yondashuvdan hayron bo‘lishmoqda va Abrams tanklarini yetkazib berish norealligi, chunki bunday texnikalar haddan tashqari ko‘p yonilg‘i sarflashi, ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun ulkan tizim yo‘lga qo‘yish talab etilishi va bu haddan tashqari qimmatga tushishi, shuningdek, ukrainalik harbiylar bunday mashinalarni boshqarishni o‘rganishi uchun juda ko‘p vaqt talab etilishini aytishmoqda.
Buyuk Britaniya Ukrainaga o‘zining asosiy jangovar tanklari bo‘lmish Challanger-2 mashinalarini yetkazib berishni va’da qilgani ham hozircha Germaniyani o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga unday olmadi.
Volodimir Zelenskiy bir necha bor Berlinni ikkilanishni bas qilishga va boshqa kimdir birinchi qadamni tashlashini kutmaslikka chaqirgan.
Bir kun oldin Davosdagi forumda videoaloqa orqali chiqishida bunday strategiyani noto‘g‘ri va maqsad uchun zararli deb atagandi.
Ukraina qanday qurollar kutishi mumkin?
Payshanba kuni, «Ramshtayn» sammiti arafasida ko‘plab mamlakatlar Ukraina uchun keyingi harbiy yordam paketlarini e’lon qilishdi.
AQShning 2,5 mlrd dollarlik navbatdagi yordam paketi 90 dona Stryker rusumli zirhli transportyorlarni, 59 dona Bradley rusumli jangovar piyodalar mashinalarini, HIMARS va NASAMS tizimlari uchun o‘q-dorilar, HARM raketalari, artilleriya snaryadlari, boshqa turdagi o‘q-dorilar, 8 ta Avenger havo hujumidan mudofaa tizimlari va 350 dona HMMWV mashinalarini o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, Claymore piyodalarga qarshi minalari, tungi ko‘rish moslamalari, ehtiyot qismlar va boshqa harbiy aslahalar yetkazib beriladi.
- Buyuk Britaniya 600 dona Brimstone raketalari;
- Daniya - Fransiyaga buyurtma qilingan 19 dona CAESAR o‘ziyurar artilleriya qurilmalari;
- Estoniya - 113 million yevrolik harbiy texnikalar, bu paket FH-70 va D-30 rusumli o‘nlab gaubitsalar va M2 rusumli tankka qarshi granatomyotlar hamda ular uchun o‘q-dorilarni o‘z ichiga oladi;
- Latviya - o‘nlab Stinger tizimlari, ikkita M-17 vertolyoti, o‘nlab pulemyotlar, dronlar beradi, shuningdek 2 ming ukrain askarini tayyorlaydi;
- Kanada - 200 dona Senator rusumli zirhli avtomobillar.