19:16 / 26.01.2023
52249

“Afrosiyob” tezyurar poyezdi qo‘ylar podasini urib yubordi

Qo‘ylarning egasi qoidalarni buzgani hamda "O‘zbekiston temiryo‘llari" AJga yetkazilgan zarar uchun ma’muriy jazoga tortiladi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda “Afrosiyob” tezyurar poyezdi temiryo‘ldan o‘tayotgan qo‘ylar podasini urib yuborgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2023 yil 24 yanvar kuni “Toshkent – Buxoro” yo‘nalishida harakatlanayotgan 770-sonli “Afrosiyob” tezyurar poyezdi bilan sodir bo‘lgan.

Poyezd "Malikobod" va "Qiziltepa" bekatlari oralig‘ida ketayotganda, temiryo‘ldan o‘tayotgan qo‘ylar podasidan bir necha bosh hayvonni urib yuborgan.

Aniqlanishicha, voqea joyidan 300 metr uzoqlikda chorva mollarini haydash uchun maxsus ajratilgan joy bo‘lishiga qaramasdan 1000 ga yaqin qo‘y podasi temiryo‘l himoya panjarasini buzib o‘tgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Qo‘ylar egasi qoidalarni buzgani hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga yetkazilgan zarar uchun ma’muriy jazoga tortiladi.

«Yuqoridagilardan kelib chiqib, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ rahbariyati tomonidan mazkur hudud bo‘ylab qo‘shimcha panjara (ikki qavatli to‘siq) o‘rnatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, bugungi kunda eski panjaralarni tiklash va qo‘shimcha panjaralarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda», deyiladi munosabatda.

Avvalroq, Buxoro-Toshkent yo‘nalishida harakatlangan “Afrosiyob” poyezdi Zirabuloq-Kattaqo‘rg‘on bekatlari oralig‘ida qo‘ylar podasini urib yuborgandi.

Top