22:14 / 31.01.2023
27623

O‘zbekistonda nikohlar kamayib, ajralishlar ko‘paygan - statistika

O‘zbekistonda nikohlar va ajralishlar soni, nikoh qurganlarning va ajrashganlarning o‘rtacha yoshi, nikoh eng ko‘p qurilgan oylar va boshqa ma’lumotlar - O‘zbekistonning 2022 yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlari taqdim etildi. 

Foto: Getty Images

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning 2022 yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlarini taqdim qildi. 

2022 yilda O‘zbekistonda qayd etilgan nikohlar soni 296,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli kamaygani kuzatilgan. Misol uchun, 2018 yilda 311,4 mingta, 2019 yilda 310,9 mingta, 2020 yilda 296,8 mingta, 2021 yilda 305,2 mingta nikoh qayd etilgan edi. 

2022 yilda nikoh qurganlar shaharlarda 149,3 mingtani, qishloq joylarida 147,4 mingtani tashkil etdi. 

Nikohlangan ayollarning o‘rtacha yoshi 22,3 yilni, erkaklarning o‘rtacha yoshi esa 26,5 yilni tashkil etgan. Nikohlarning eng ko‘pi - 55,5 foizi 25 yoshgacha bo‘lganlar orasida tuzilgan. 

So‘nggi 5 yil davomida nisbatan kam nikoh tuzganlar soni aprel va may oylariga, eng ko‘p nikoh tuzganlar soni esa sentabr-oktyabr oylariga to‘g‘ri keladi. 

2022 yilda nikohdan ajralishlar soni 48,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli ko‘paygan. Misol uchun, 2018 yilda 32,3 mingta, 2019 yilda 31,4 mingta, 2020 yilda 28,2 mingta, 2021 yilda 39,3 mingta nikohdan ajralish qayd etilgan edi. 

2022 yilda nikohdan ajralishlarning 30,2 mingtasi shaharda, 18,5 mingtasi qishloq joylarida yuz bergan. 

Nikohdan ajrashganlarning o‘rtacha yoshi erkaklar uchun 39,2 yilni, ayollar uchun 33,1 yilni tashkil etgan. Nikohdan ajrashganlarning eng ko‘pi - 50,5 foizi 35 yoshgacha bo‘lganlarga to‘g‘ri keladi. 

Top