12:01 / 03.02.2023
7697

Zelenskiy: Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralarga loyiq

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning Yevroittifoqqa yanada integratsiyalashuvi uning xalqiga «har qanday to‘siq va tahdidlarga qaramay kurashga kuch va motivatsiya» beradi.

Foto: AP

Ukraina bu yil Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga loyiq. Bu fikrni prezident Volodimir Zelenskiy 2 fevral, payshanba kuni Kiyevda Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan uchrashuvdan so‘ng vatandoshlariga kechki videomurojaatida bildirdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va YeI rahbariyati Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga keyingi integratsiyalashuvi xalqqa «har qanday to‘siq va tahdidlarga qaramay, kurashga kuch va motivatsiya» berishi bo‘yicha yakdil pozitsiyada.

3 fevral kuni Kiyevda Ursula fon der Lyayyen, shuningdek, YeI kengashi rahbari Sharl Mishel ishtirokida Yevropa Ittifoqi-Ukraina sammiti bo‘lib o‘tadi. 2022 yil iyun oyida Rossiya bilan urishayotgan Ukraina Yevropa Ittifoqiga nomzod davlat maqomini oldi. Ayni paytda, Yevropa Ittifoqiga to‘la huquqli a’zo bo‘lish uchun yillar kerak bo‘lishi mumkin, deya eslatadi kuzatuvchilar.

O‘z navbatida, fon der Lyayyen Twitter'da Zelenskiy uni Kiyevda kutib olayotgani surati ostiga izoh qoldirdi: «Sizning Yevropa yo‘lida olg‘a intilish qat’iyatingiz hayratlanarli. Siz bizning tavsiyalarimizni amalga oshirish uchun oldinga sezilarli qadamlar tashlab, ayni paytda bosqinga qarshi kurashyapsiz. Biz sizning keyingi taraqqiyotga erishish uchun harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz».

O‘z navbatida, Kiyevda bo‘lgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 2 fevral kuni Twitter'da «Ukraina xalqining Yevropa orzusi haqiqatga aylanib borayotganini» aytdi. «Yevropa Ittifoqi va Ukraina har qachongidan ham yaqinroq. Ukraina kelajagi - YeI doirasida», - deya ta’kidladi u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top