Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 sentabr kuni Germaniyada bölib ötadigan Ukraina mudofaasi böyiça ("Ramştayn" formati) aloqa guruhining navbatdagi yiğilişida iştirok etişi kutilmoqda. Bu haqda 5 sentabr, payşanba kuni Der Spiegel jurnali xabar berdi
Naşrning yozişiça, Zelenskiy AQŞ harbiy-havo kuçlarining Reynland-Pfals federal yeridagi bazasiga taşrifi bilan hozirgi vaziyatning jiddiyligini namoyiş qilmoqçi. Ukraina davlati rahbari şaxsan ittifoqçilardan Rossiyaga qarşi turiş uçun qöşimça qurol-yaroğ yetkazib berişni söramoqçi. Gap birinçi navbatda uzoq masofali raketalar va qöşimça havo mudofaa tizimlari haqida ketmoqda, deya qayd etadi Der Spiegel.
"Ramştayn" formatidagi muzokaralar
Ukraina mudofaa böyiça aloqa guruhi mamlakatga harbiy yuklarni olib kiriş sa’y-harakatlarini muvofiqlaştirib, ularni jönatişni tezlaştiriş yöllarini örganmoqda. Unga 50 ga yaqin davlat kiradi. Muzokaralarga NATOga a’zo bölmagan davlatlar ham taklif qilingan. Bu guruhning 24-yiğilişi böladi, muzokaralarning asosiy qismi videokonferensiya formatida ötkazildi.
Ayni paytda, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov bir neça kundan beri Kiyevning eng muhim ittifoqçilari bilan muzokaralar olib bormoqda. 5 sentabr oqşomida u Berlinda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bilan uçraşadi. Der Spiegel naşrining yozişiça, asosiy savol Germaniya budjeti çeklanganiga qaramay, yaqin oylarda qöşimça qurol paketlarini taqdim eta oladimi yoki yöqmi, degan savol bölişi mumkin.


















