11:38 / 08.02.2023
6276

BMT Termizdan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi

Bugun Birlashgan millatlar tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligi, BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi O‘zbekiston hukumati ko‘magida Termiz shahridagi xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi orqali Afg‘onistonga navbatdagi beg‘araz yordamini jo‘natdi.

Foto: UzA

O‘zA xabariga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘magida qo‘shni mamlakatga 12 ta yuk mashinasiga yuklangan 48 mingdan ortiq ko‘rpa (adyol) qahraton sovuqda himoyaga muhtoj afg‘on xalqining hayotini saqlab qolishda muhim o‘rin tutadi.  

BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining mamlakat janubidagi gumanitar logistika mintaqaviy markazi O‘zbekiston –Afg‘oniston chegarasidan 2 kilometr uzoqda joylashgan. Markaz BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligiga mintaqadagi zaxiralarni zarur mahsulot bilan tez to‘ldirish va gumanitar yordam ko‘rsatishda yanada moslashuvchan bo‘lish imkoniyatini beradi. 

– Biz O‘zbekiston hukumati bilan jafokash afg‘on xalqiga hayotiy insonparvarlik yordami ko‘rsatishni davom ettirish uchun barcha sa’y–harakatlarni amalga oshirmoqdamiz, — deydi BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi katta maslahatchisi Frenk Remus.– Hamkorlikdagi ishimiz bu yilgi sovuq qishda ham juda muhim ahamiyat kasb etayotir. Chunki, bu safargi insonparvarlik yordami Afg‘onistondagi ko‘plab himoyaga muhtoj insonlarning ko‘rpaga (adyol) bo‘lgan ehtiyojini qondiradi.  

Termizdagi Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi Afg‘oniston, Eron, Pokiston hamda Markaziy Osiyo va undan tashqarida BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarlik operatsiyalariga yordam berish uchun asosiy konsolidatsiya va jo‘natish punkti bo‘lib xizmat qiladi. 

So‘nggi ikki yilda markaz orqali ko‘chirilgan oilalar, suv toshqinlari va zilzila kabi tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlar uchun 217 ta yuk mashinasida gumanitar yordam jo‘natilgan. Bu yerdan yuborilgan yuklar muhim uy-ro‘zg‘or idishlari, yotoq to‘shaklari, brezent, chelak, ko‘rpa, zanglamaydigan po‘latdan yasalgan oshxona to‘plamlari, ko‘chma quyosh energiyasi bilan ishlaydigan lampa singari asosiy ehtiyoj buyumlaridan iborat.  

Termizdagi xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabidan beg‘araz yordam yuki ortilgan avtomashinalar karvoni «Ayritom» chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni mamlakatning Mozori Sharif shahriga jo‘nab ketdi.  

Mavzuga oid
Top