Jahon | 16:24 / 09.02.2023
11422
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qildi

Foto: Reuters

Polsha jangovar samolyotlarni Ukrainaga yetkazib berishga tayyor, biroq NATOda eng birinchi bo‘lib buni qilmaydi, dedi mamlakat bosh vaziri Mateush Moravetskiy Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI sammiti oldidan. 

«Bizning pozitsiyamiz aniq. Biz faqat Shimoliy Atlantika alyansi shartnomasi doirasida birgalikda harakat qilishimiz mumkin. Agar shunday qaror qabul qilinsa, u holda biz birinchi bo‘lib qiruvchi samolyotlarni taqdim etmaymiz, ammo bunga ijobiy javob beramiz», - dedi Moravetskiy

Uning fikricha, ko‘p sonli shunday qiruvchilarga ega bo‘lgan NATO davlatlari Ukrainani birinchi bo‘lib jangovar samolyotlar bilan ta’minlashi mumkin. Polshada esa qiruvchi samolyotlar yetarli emas, dedi Polsha hukumati rahbari.

YeI sammitida Polshaning uchta asosiy maqsadi bor: YeI davlatlarining Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorligi, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 10-paketi va Rossiya mulkini musodara qilish, shuningdek, undan tushgan mablag‘lardan energiya narxlarini pasaytirish va Ukrainani tiklash uchun foydalanish, deb yozdi Mateush Moravetskiy Twitter’da. 

Avvalroq Germaniya va Polsha Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib beruvchi davlatlar yig‘ilishini chaqirmoqchi, deb xabar bergandi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari Varshavada.

G‘arb hamkorlari Leopard 2 jangovar tanklarining birinchi batalonini yil boshidan uch-to‘rt oy ichida Ukrainaga yetkazib berishi mumkin. Bu haqda 8 fevral kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Varshavaga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

«Biz kamida bitta batalonni joriy yilning dastlabki to‘rt, balki uch oyida yetkazib berishimiz mumkin, keyin esa iloji boricha tezroq harakat qilishimiz tabiiydir», dedi Pistorius va batalon taxminan 31 tankdan iborat bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Vazirlik rahbari Germaniya va Polsha Ukrainaga Leopard 2 yetkazib berishni rejalashtirayotgan davlatlar yig‘ilishini chaqirmoqchi ekanini aytdi. Bunday format ushbu davlatlar manfaati uchun xizmat qiladi, deb qo‘shimcha qildi Pistorius Varshavada Polsha milliy mudofaa vaziri Mariush Blashchak bilan uchrashuvdan keyin.

Mavzuga oid