09:17 / 13.02.2023
23508

AQSh harbiylari yana bir noma’lum uchar obektni urib tushirdi. Bu – to‘rtinchisi

Amerikalik harbiylar yana bir noma’lum uchar obektni urib tushirishdi – bu safar Kanada bilan chegaradagi Guron ko‘li atrofida. Bu fevral oyi boshidan buyon qayd etilgan shu kabi to‘rtinchi holatdir.

Foto: AP

Michigan shtatidan Kongress a’zosi bo‘lgan (demokrat) Elissa Slotkin obekt yakshanba kuni AQSh Harbiy-havo kuchlari va Milliy gvardiya samolyotlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. «Ushbu missiyada ishtirok etgan har bir kishi o‘z ishini ajoyib darajada bajardi», deya yozgan u tvitterda.

Wall Street Journal nashri Kanada hukumati vakiliga tayanib yozishicha, obekt o‘zaro chegaradan taxminan 14 milya (22,5 km) masofada urib tushirilgan.

Kongress yordamchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, obekt sakkizburchak shaklida bo‘lgan va 20 000 fut (6 kilometrdan ko‘proq) balandlikda harakatlangan, bu esa tijoriy samolyotlar parvoziga xavf tug‘dirardi. 

Pentagon urib tushirilgan obekt harbiy nuqtayi nazardan xavfli bo‘lgan deb hisoblamaydi, ammo amerikalik harbiylar u razvedka maqsadlarida foydalanilgan bo‘lishi mumkinligini o‘ylashmoqda.

O‘z navbatida, Michigan shtatidan Vakillar palatasining yana bir a’zosi, respublikachi Jyek Bergman tvitterida amerikaliklar so‘nggi paytlarda sodir bo‘lgan qator voqealar bilan bog‘liq savollarga javob kutayotganini yozdi.

Shimoliy Amerika ustida urib tushirilgan obektlar

  • 4 fevral: Amerikalik harbiylar Janubiy Karolina sohillari yaqinida razvedka ishlari olib borayotgani taxmin qilingan havo sharini urib tushirdi. AQShdagi mulozimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu jism bir necha kun davomida Amerika hududida bo‘lgan, Xitoydan kelgan va strategik obektlarni kuzatgan.
  • 10 fevral: AQSh yana bir obektni urib tushirdi – Alyaskaning shimoliy qismida. Rasmiylarning xabar berishicha, unda qandaydir dvigatel yoki boshqaruv tizimi bo‘lmagan.
  • 11 fevral: Qiruvchi samolyot Amerika chegarasidan taxminan 160 km masofada, Yukon ustida, Kanada havo kengligida «ancha yuqorida harakatlangan» obektga zarba berdi. Uni dastlabki havo sharidan ancha kichik hajmdagi silindrsimon obekt deb tasvirlangan.
  • 12 fevral: Amerika qiruvchi samolyoti Guron ko‘li atrofida to‘rtinchi nishonni urib tushirdi.

Hozirga qadar Guron ko‘li ustida urib tushirilgan obekt dam olish kunlaridagi boshqa hodisalar bilan aloqadorligini ma’lum emas, ammo Federal aviatsiya boshqarmasi Mudofaa vazirligi amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun avvaliga Montana shtati hududida, keyin esa Michigan ko‘li ustida havo kengligini fuqarolik parvozlari uchun vaqtincha yopdi.

Keyinroq havo kengliklari yana ochilgan.

Juma kuni prezident Jo Bayden Alyaska ustida «kichik avtomobil hajmidagi» noma’lum uchar jismni urib tushirishga buyruq bergandi. Hozirgacha uning mansubligi va funksiyalari haqida ma’lumot berilmadi.

Shanba kuni esa amerikaliklar qiruvchisi Kanadaning shimoli-g‘arbidagi Yukon provinsiyasi ustidagi havo kengligida noma’lum uchish apparatini urib tushirdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo ma’lum qildi. Kanada mudofaa vaziri Anita Anand shanba kungi brifingda bu obekt taxminan 12 km balandlikda harakatlangani va fuqarolik parvozlari xavfsizligi uchun tahdid solganini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u kichik va silindrsimon shaklda bo‘lgan.

Vashington amerikalik harbiylar 4 fevral kuni xitoyliklarning josus havo shari ekani taxmin qilingan obektni urib tushirganidan so‘ng yuqori darajadagi shaylik holatini e’lon qilgan. Xitoyning o‘zi bu yo‘nalishidan og‘ib ketgan meteorologik zond bo‘lganini bildirgan.

Yakshanba kuni AQSh Senatidagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer ABC telekompaniyasi efirida juma va shanba kuni urib tushirilgan obektlar ham razvedkachi havo sharlari bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jismlar AQSh harbiy-havo kuchlari Janubiy Karolina sohillari yaqinida urib tushirgan birinchi obektdan «ancha kichikroq» bo‘lgan.

«Eng asosiysi, bir necha oy oldin ham bu havo sharlari haqida hech narsa ma’lum emasdi. Ehtimol, biz barcha razvedkachi havo sharlari [parchalari]ni bir joyga to‘plab, keyin nima bo‘layotganini aniq bilamiz», degan Shumer.

Top