16:34 / 17.02.2023
8234
Reklama

Ozarboyjon delegatsiyasining “O‘zbekekspertiza” AJga tashrifi yakunlandi

Foto: O‘zbekekspertiza

2023 yilning 13-16 fevral kunlari Ozarboyjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Monopoliyaga qarshi siyosat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat xizmati huzuridagi “Iste’mol tovarlari ekspertizasi markazi” MChJ rahbarlaridan iborat Ozarboyjon Respublikasi delegatsiyasi “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – “O‘zbekekspertiza” AJ ning tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash va sertifikatlash sohasidagi tajribasini o‘rganish.

Foto: O‘zbekekspertiza

Tashrif davomida Iste’mol tovarlari ekspertizasi markazi delegatsiyasi Jamiyat faoliyati bilan yaqindan tanishdi, xususan, ularga tashkilot tuzilmasi, AJ ning hududiy filiallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Mehmonlarning alohida e’tibori milliy va xalqaro qonunchilik, tovar kelib chiqish mamlakatini aniqlash ichki qoidalarini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar, qoidalar, tariflarni o‘rganishga qaratildi.

Shuningdek, Ozarboyjon delegatsiyasi a’zolariga Kompaniya va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni avtomatlashtirishni o‘z ichiga olgan “YaAT” Yagona axborot tizimi faoliyati namoyish etildi. Iste’mol tovarlari ekspertizasi markazi xodimlari “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatining eksport hajmlarini oshirish va tadbirkorlik sub’yektlari uchun ekspertizadan o‘tkazish va tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risida sertifikatlar berish jarayonlarini soddalashtirish borasidagi faoliyatini amaliyotda o‘rganish maqsadida Toshkent viloyatidagi ishlab chiqarish korxonasi negizida joylashgan Jamiyat filiallaridan birida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekekspertiza

“O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatining oziq-ovqat va alkogol mahsulotlari, yengil sanoat mahsulotlari, kimyo va polimer mahsulotlari, matbaa va charm mahsulotlari kabi yo‘nalishlarda sinovlar o‘tkazilayotgan sinov majmuasi mehmonlarda ayniqsa katta qiziqish uyg‘otdi.

Ozarboyjon delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrifining so‘nggi kunida, “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori v.b. Artyom Grigoryans mehmonlarga Jamiyat faoliyatiga bildirilgan qiziqish uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, hamkorlikni yanada kengaytirish, ekspertiza o‘tkazish va tovarlarning kelib chiqishi bo‘yicha sertifikatlar berish bo‘yicha amaliy tajriba almashish jarayonlarini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Foto: O‘zbekekspertiza

O‘z navbatida, delegatsiya rahbari “Iste’mol tovarlari ekspertizasi markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Emil Ahmedov “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga Ozarboyjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Monopoliyaga qarshi siyosat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat xizmati rahbariyati nomidan minnatdorchilik bildirdi va O‘zbekistonda tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash ekspertizasi va sertifikatlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Janob Ahmedovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston tovarlarning kelib chiqishini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish jarayonlari xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan va chuqur o‘rganishga loyiq kam sonli davlatlardan biridir.

“O‘zbekekspertiza” AJ matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top