Urushning ilk kunlari: Bir yil oldin Ukraina Qrimdan kelgan RF armiyasini qanday va nega o‘tkazib yuborgandi?
Rossiya bosqini boshlanishida Ukraina mudofaasidagi eng katta muvaffaqiyatsizliklardan biri shubhasiz Xerson oblastida kuzatilgandi. Chongar bo‘g‘ozi va Qrim yarimorolini mamlakatning materikdagi qismi bilan bog‘lovchi tor bo‘yin mudofaa mohirlik bilan tashkil etilgan holatda o‘tib bo‘lmas to‘siqlar hisoblanardi. Butun oblast bo‘ylab cho‘zilgan sug‘orish kanallari esa harbiy texnikalar harakati uchun tabiiy to‘siqqa aylangandi.
Harbiylar va ekspertlar hisoblashicha, Ukraina mamlakat janubidagi muhim shaharlar mudofaasini raqib bu yerlarga yetib kelishidan oldin tayyorlashga ulguradi.
Ammo Chongar va kanallar orqali o‘tgan ko‘priklar portlatilmaydi. Va 24 fevral tongida Rossiya qo‘shinlari alohida qarshilikka uchramasdan, Qrim ma’muriy chegaralarini xotirjamlik bilan kesib o‘tadi va avtomobil trassalari bo‘ylab yashin tezligida oldinga tashlanadi. Rossiya bo‘linmalari amalda bir necha soat ichida 100 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tadi va Nova Kaxovkani o‘z nazoratiga oladi. Kun yarmida ular Antonov ko‘prigi va Xersonga kirish joyiga yetib kelishgandi. Janubda harakatlangan guruh bir necha kun ichida Shveytsariya maydonidan kattaroq hududlarni egallaydi.
Rossiya qo‘shini qanday qilib Qrim bilan chegaradan amalda hech qanday to‘sqinlikka uchramasdan o‘tgandi? Ular qanday qilib sanoqli soatlar ichida Xerson oblastining ulkan hududlarini egallab olishgandi? Va Ukraina nimaning hisobiga yakunda janubdagi blitskrig rejasini barbod eta oldi?
BBC muxbirlari bu savollarga javob topishga urinib va Rossiyaning Ukraina janubidagi keng ko‘lamli bosqinining dastlabki kunlarida ro‘y bergan voqealarni tushunish uchun Ukraina qurolli kuchlari harbiylari, hududiy mudofaa qismlari jangchilari, siyosatchilar va faollar bilan suhbatlashdi.
Bosqin 22 fevral kuni kutilgandi
2022 yil 22 fevral kuni soat 19:15 da Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilovga maxfiy ma’lumotlar solingan qizil papkani keltirishadi. Unda prezident Volodimir Zelenskiyning hayoti xavf ostida ekani aytilgandi. Protokolga binoan, u bu haqda prezidentni, bosh vazirni va kuchishlatar tuzilmalar rahbarlarini xabardor qiladi.
Ammo hatto o‘shanda ham Ukraina rahbariyati harbiy holat e’lon qilmaydi va umummilliy safarbarlik boshlamaydi. 2021 yil oxirida G‘arb davlatlari yetakchilari Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘playotgani va keng ko‘lamli bosqinga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida bong urganida, mamlakat hukumati «manipulyatsiyaga berilmaslik» va xotirjamlik saqlashga chaqiradi.
Ammo Oleksiy Danilov BBC uchun intervyusida aytishicha, mamlakat oliy rahbariyati bosqin bo‘lishi haqida va hatto u qachon boshlanishi to‘g‘risida bilardi.
«Biz bosqin 22 fevral kuni boshlanishini kutgandik va bizda bosqin shu kunga mo‘ljallangani bo‘yicha yuridik tasdiq bor», deya izohlaydi Danilov va Kiyev atrofida Pskov desantchilari shtab boshlig‘idan tortib olingan xaritani yoyib.
Unda «Maxfiylik» belgisi ostida «20.02.2022» sanasi ko‘rsatilgan. Danilovning so‘zlariga ko‘ra, xaritalar amaliyot boshlanishiga ikki kun qolganida tarqatilgan. Ammo keyin, uning aytishicha, bosqin sanasi 24 fevralga ko‘chirilgan. Shundan keyin xaritadagi avvalgi sana ustidan chizib tashlangan va yonidan yangi sana qo‘yilgan - «22.02.2022».
Danilovning tasdiqlashicha, mamlakat rahbariyati bu rejalar haqida oldindan xabardor edi.
«O‘sha vaqtda axborot maydonini yopiq tutish juda muhim edi. Agar biz Gostomelga hujum bo‘lishi va boshqa barchasi qanday bo‘lishini tushunib turganimizni ko‘rsatib qo‘yganimizda, ular «B» rejani ishga tushirgan bo‘lishardi, biz esa ularning «B» rejasidan voqif emasdik», deydi Danilov.
«Bizning oldimizda har qanday holatda ham mamlakat ichida vahima uyg‘onishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi turardi. Tasavvur qiling, prezident chiqadi va ikki haftadan keyin bizda urush bo‘lishini aytadi. U holda hech kim nazorat qila olmaydigan tartibsizlik jarayoni boshlanib ketgan bo‘lardi. Va Rossiya Federatsiyasi shuni kutgandi», deb hisoblaydi Danilov.
Ammo agar hukumat Kremlning rejalaridan batafsil xabardor bo‘lgan bo‘lsa, Xerson oblasti nega bunday qisqa fursat ichida bosib olindi? Nima uchun o‘shanda Chongar va Xerson oblastidagi boshqa ko‘priklar portlatilib, dushman yo‘li to‘silmagandi?
Danilov bu voqealar bo‘yicha tergov ishlari davom ettirilayotgani, bu savollarga albatta javob topilishini aytgan. «Va biz [muvaffaqiyatsizlikni] yashirmaymiz, biz uni yopiq quti ichiga solib qo‘ymaymiz».
Ukraina xavfsizlik xizmati va Davlat surishtiruv byurosi (GBR) BBC’ning bosqinning dastlabki davrida Xerson oblastida ro‘y bergan voqealar tergovi haqidagi so‘roviga javob qaytarmadi.
Bosqin boshlanganidan keyin Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bergan bayonotda Chongar ko‘prigi minalashtirilgan bo‘lgani, ammo kuchlar nisbati 15:1 ko‘rinishida ekani aytilgandi. Ammo kuchlar nisbati aynan shunday bo‘lgani uchun ham ko‘priklarni portlatish zarur edi. Anneksiya qilingan Qrimda qo‘shin to‘planayotgani to‘g‘risida esa har kuni ma’lumot kelib turgandi. Hatto o‘sha kunlarda Qrimga borgan oddiy odamlar ham chegara atrofida harbiy texnikalar turganini ko‘rganini aytib bergan.
Kechikkan tayyorgarlik
Shunga qaramay, rasmiylar hududiy mudofaani yo‘lga qo‘yishni boshlamaydi. Ammo Donbassda jang qilgan va zaxiraga o‘tkazilganlar «nimadir bo‘lishi»ni tushunib turishgan, o‘z vaqtida Aleshki shahrida hududiy mudofaa kuchlari vzvodi komandiri bo‘lgan Vasiliy shu haqda aytib berdi.
«15 fevral kuni meni harbiy komissariatga chaqirishdi va [hukumat hech narsa qilmayotgan ekan], imi-jimida o‘zimiz tashkillashtirishimiz zarurligini aytishdi. Bu hech bo‘lmaganda, nimadir ro‘y berganda qancha odam qurol ko‘tarishga yaroqli ekani haqida tushuncha hosil qilish uchun edi. Bu harbiy komissarimiz tashabbusi edi va hech kimga hech qanday majburiyat yuklamasdi, bu safarbarlik emasdi», deydi u.
Aleshkovskiy komendantlik rotasiga 60 kishi yig‘iladi. Ularda qurollar ham, zirhli nimchalar ham, aloqa vositalari va transport ham bo‘lmagan. Va hech kim ular Rossiya armiyasi diviziyalari shturmiga qanday qarshilik ko‘rsatishi mumkinligi to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lmagan.
Ammo Ukraina qurolli kuchlari ham tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Fevral oyida «Aleshkovskiy qumlari» milliy parki atrofidagi poligonda doimiy joylashuv manzili Vinnitsada bo‘lgan 59-motoo‘qchilar brigadasi qismi ko‘chirib keltiriladi. Ularga zarur qurol-yarog‘lar va texnikalar uchun yonilg‘i beriladi, shu bilan birga, tankchilarning hikoyalariga ko‘ra, mashinalar harbiy harakatlar uchun zarur bo‘lgan miqdorning faqat yarmiga to‘ldirilgandi.
Bosqinga bir necha kun qolganida 59-brigada tank rotalaridan biri piyodalar bilan birga Qrimga yaqinroq pozitsiyaga olib kelinadi.
Bu vaqtda Lvivdagi 80-desant-shturm brigadasi harbiylari Mikolayiv oblastida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishadi. Yakunda shu ikki brigada Rossiya qo‘shinlarining 24 fevral kungi bosqinini qaytarish uchun yuboriladi.
Ammo bu brigadalar zarur vositalar bilan to‘ldirilmagandi. Qolaversa, bo‘linmalarda odamlar yetishmasdi. Oliy rada deputati va parlamentning milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi kotibi Roman Kostenko bu tayyorgarlik jarayonidagi xatolar tufayli bo‘lganini tan oladi.
«Biz birinchi navbatda zaxiradagilarni chaqirmadik, oldinroq harbiy holat e’lon qilmadik, harbiy qismlarni to‘liq joylashtirmadik. Agar aholi bosqin kunida emas, oldinroq safarbar qilinganida keyin frontga yaxshi tayyorlanmagan odamlarni yuborishga to‘g‘ri kelmasdi. Ularni tayyorlashga ulgurgan bo‘lardik», deydi Kostenko.
Ukraina armiyasining chekinishi
24 fevral tongida Rossiya Ukrainaning harbiy bazalari, omborlari va aeroportlari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llay boshlaydi. Aviatsiya «Aleshkovskiy qumlari»dagi 59-brigada tank batalonini o‘qqa tutadi. Rota komandiri - katta leytenant Yevgeniy Palchenko Nova Kaxovka yaqinidagi Sergeyivka qishlog‘i tomon harakatlanishga va olti tank bilan kanal orqali o‘tgan ko‘prikni himoya qilishga buyruq beradi.
«Biz Sergiyivkaga ketayotganimizda qarama-qarshi yo‘nalishda kolonna kelayotgandi. Bizning barcha qurolli kuchlarimiz chekinayotgan va Antonov ko‘prigi tomon harakatlanayotgandi. Biz esa ikkinchi tomonga yurayotgandik, hech kim nima bo‘layotganini tushunmasdi», deya eslaydi u.
«Sergiyivkaga keldik, mening navodkachim (nishonga oluvchi) menga aytdi: «Raqib texnikasini ko‘ryapman». Men unga dedim: «Bu chindan ham raqibnikimi yoki bizniki?» U shunday javob berdi: «Bilmayman, ammo unda Z harfi bor». Men aytdim: «Bu aniq bizniki emas» va barcha olti tankka o‘t ochishga buyruq berdim. Biz tankni, BMPni (piyodalar jangovar mashinasi) aniq nishonga oldik. Biz texnikalarni yo‘q qildik, ko‘prikni to‘sib qo‘ydik va dushman chekindi. Shu vaqtda menga shtab boshlig‘i qo‘ng‘iroq qildi va zudlik bilan Aleshki tomon harakatlanishga buyruq berdi, chunki ularni qurshab olishayotgandi».
«Endi Sergiyivka atrofidagi ko‘prikni mudofaa qilishdan ma’no qolmagandi. Raqib allaqachon Nova Kaxovkaga yetib borgan va Dniproning o‘ng sohiliga desant tushirgandi», deya izohlaydi Palchenko.
Aleshkida esa Palchenko yangi topshiriq oladi - allaqachon rossiyalik harbiylar nazorat qilayotgan Antonov ko‘prigi bo‘ylab yorib o‘tish. Bu vaqtda Ukraina qurolli kuchlari shoshilinchda chekinayotgandi va agar ko‘prik to‘sib turilmasa, ular qurshovda qolishi mumkin edi.
«Biz ko‘prik yaqinidagi politsiya postidan o‘tishimiz bilan o‘ng tomondan raqib ham paydo bo‘ldi - tankka qarshi barcha vositalari bilan. Men ularga pulemyotdan ochdim. Qochishga tushganlarga ikkita tankim ortdan zarba berdi. 50 metr yurganimizdan so‘ng chap tomondan ham ko‘p sonli dushman kuchlari chiqib keldi. Darhol o‘ngda BMPni ko‘rib qoldim va navodkachimga baqirdim: «Sheva, uyoqda BMP!» U javob qaytardi: «Ko‘ryapman». Bitta oskolkali snaryad bilan uni yakson etdik. Portlash va mashina yonib ketdi. Dushman qocha boshladi».
Palchenko batalon komandiriga ko‘prik egallangani haqida xabar berishi bilan harbiylar Dniproning o‘ng sohiliga o‘tishni boshlagan. «Roppa-rosa ikki soat davomida texnika o‘tdi. Yaradorlar juda ko‘p edi, KAMAZlar, pastdan ham, tepadan ham odamlar piyoda o‘tib kelardi. Halok bo‘lganlar ham ko‘p edi. Odamlarni shunchaki olib o‘tishardi. Bu kolonnada oddiy aholi vakillari ham bor edi».
Ko‘prikdan o‘tishning o‘zi ikki soat vaqt olgan bo‘lsa, demak Ukraina Xerson oblastida katta kuch joylashtirgandi. Ammo ma’lum bo‘ladiki, Kiyev Qrim tomondan bu qadar katta tezlik bilan yorib o‘tilishiga tayyor bo‘lmagan. Yakunda Ukraina qo‘shini bosqinning ilk soatlaridayoq chekinishga majbur bo‘lgan.
«Havo hujumidan mudofaa tizimlari yo‘q holda raqibni qanday to‘xtatib turish mumkin? deya savol qo‘yadi Palchenko. - Ularning aviatsiyasi shunchaki uchib kelar va ko‘plab aviatsiya bombalarini tashlar va hammayoq shunchaki portlardi. Shu tariqa, katta miqdordagi jonli kuchlar va texnikalar yo‘q qilingan».
Aftidan, Rossiya qo‘shini ular tezlik bilan harakatlanishiga ishonishgan. Tezlik katta ahamiyatga ega edi, shuning uchun ularning taktikasi katta shaharlarni aylanib o‘tish, ularni o‘rab olish va yana oldinga harakatlanishga qaratilgandi.
2022 yil avgustida BBC nashriga bergan intervyusida Mikolayiv mudofaasini boshqargan general-mayor Rossiya rejasida Mikolayivni o‘rab olish uchun ikki kun, Odessa uchun uch kun ajratilgan bo‘lganini aytib o‘tgandi. Bu ma’lumotni ular parashyut-desant polki shtab boshlig‘idan olib qo‘yilgan xarita bilan izohlashgan.
«Ular avval boshdan shaharga kirishni reja qilmagandi. Ular Bashtanka orqali Voznesankka o‘tib, katta halqa hosil qilish, keyin uni shaharning g‘arbiy chegaralarigacha toraytirishni ko‘zlashgandi. Ular biz Varvarovskiy ko‘prigini portlatishimizni tushunib turardi va shu tufayli uchta parom kechuvi o‘rnatishga tayyorlanishgandi. Odessagacha yetib borish va desant tushirilishini ta’minlash uchun bu kechuvlar orqali ikkitadan batalon-taktik guruhlari o‘tishi kerak bo‘lgan», deydi Marchenko.
G‘arb Ukrainaga ishonmagandi
Rossiya qo‘shini raketa zarbalari berishga va Ukraina chegarasini kesib o‘tishga kirishgach, G‘arb davlatlari yetakchilari orasida Zelenskiyga birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilgan odam Buyuk Britaniyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Boris Jonson bo‘ladi. Bu vaqtda Londonda ertalab soat 4 edi.
«G‘arb davlatlari Ukraina bardosh berishiga umuman ishonishmagandi. Ular biz uch-besh kun kurashishimiz va taslim bo‘lishimiz haqida o‘ylashgan. Aynan shuning uchun AQSh va boshqa mamlakatlar og‘ir qurollar berishni istashmadi. Ular toliblar Afg‘onistonni qanday qaytarib olganini unutishmagandi va ularning qurollari rossiyalik harbiylar qo‘lida paydo bo‘lishidan xavfsirardi», deydi Danilov.
«Bosqin boshlanganidan keyin G‘arb davlatlari nima qilishni maslahat berishdi?» deya so‘raydi muxbir.
«Ular bizga partizanlik urushini taklif etishdi», deya javob qaytaradi Danilov.
24 fevral tongida Rossiya desanti Antonov ko‘prigi yaqiniga tashlanganida harbiy komissar ham Aleshkidagi hududiy mudofaa guruhiga aynan shuni taklif qiladi - bu vaqtda ular amalda Ukrainaning asosiy kuchlaridan uzilib qolgandi.
Vasiliy va uning guruhi bu o‘z joniga qasd qilish bilan barobar ekanini tushunib turardi. Rossiyaliklarda Donbassda xizmat qilganlarning barchasining ro‘yxati bo‘lgan. «Ular bizni shunchaki otib tashlardi», dedi u.
Vasiliyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina xavfsizlik xizmatining Aleshkidagi ofisi yopiq, uning xodimlari esa shahar qurshovga tushishidan oldin ketib ulgurgandi. «Politsiya bo‘limidagi qurollar ham olib ketilgandi», deydi Vasiliy.
Yakunda ular qayiq orqali Dniproning o‘ng sohiliga suzib o‘tishga qaror qilishadi.
Xersondagi vaziyat ham sarosimali edi. Politsiya bo‘limlari yopilgandi. Harbiy komissariat xodimlari fuqarolik formasini kiyib olishgandi. Hech kim izchil mudofaani yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylamasdi.
Xersonlik faol, istilo vaqtida bir necha oy shaharda qolgan Konstantin Rijyenkoning hikoya qilishicha, mahalliy rasmiylar va aholi o‘rtasida hech qanday kommunikatsiya bo‘lmagan. «Odamlar nimaga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini tushunishi uchun shahar ayni vaqtda qanday holatda ekani, hech bo‘lmaganda mudofaa kuchlari qanday holatda ekani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q edi», deydi u.
Shu tufayli odamlar avvaliga nima qilishni bilmay qolishdi, keyin esa bu odamlar o‘zini o‘zi mudofaa qilishiga to‘g‘ri keldi. Ayrimlar mas’uliyatni zimmasiga olishdi va mahalliy hududiy mudofaa otryadlarini shakllantirishdi.
1 mart kuni tongda ular avtomat va Molotov kokteyllari bilan shaharni mudofaa qilish uchun chiqishdi. Ular Siren parkiga yig‘ilganida ular tomon dushmanning zirhli texnikasi yurib bordi va himoyachilarning deyarli barchasi halok bo‘ldi.
Mudofaa rejasi bo‘lmagan
Mikolayivda Xersonning qismati takrorlanishi mumkin edi. Ammo mo‘jiza ro‘y beradi va mahalliy aholi vakillarining ko‘pchiligi aytishicha, bu mo‘jizaning nomi - general Marchenko edi.
«25 fevral kuni ertalab soat 04:00 da Mikolayivga bordim, va, yumshoq qilib aytganda, hang-mang bo‘lib qoldim. Birorta blokpost, birorta patrul, birorta harbiy, birorta politsiyachi yo‘q edi. Shahar bo‘shab yotgandi, bo‘m-bo‘sh. Soat 04:00 - kel va egalla», deydi Marchenko.
«Harbiy qismlarni aylandim. O‘zimning qadrdon 79-brigadamga bordim. 36-brigadaga. So‘radim: «Sizning vazifangiz qanaqa?» Ular aytishdi: «Harbiy qismni hartomonlama himoya qilish». Men aytdim: «Siz tushunmaysizmi, agar tanklar shaharga kirsa, sizning hartomonlama himoyangiz [qulashini]?»
«26 fevral holatiga shahar mudofaasi rejasi yo‘q edi, holbuki bu 23-sanadayoq bo‘lishi lozim edi. U shunchaki yo‘q bo‘lgan. U qayerdaligini so‘raganimda, shunday deyishgan: «Biz hali xaritani yopishtirmadik». Men aytdim: «Sizlar normal odammi? Xersonni egallashdi, siz esa hali xaritani tayyorlamadingizmi?»
Va baribir Mikolayivda Xersonda bo‘lmagan narsa bor edi - vaqt. 59- va 80-brigada qismlari dushman bilan noteng janglarga kirishib, Mikolayiv mudofaasini tayyorlash uchun bir necha kun bo‘lsa ham vaqtdan yutib berishadi.
Antonov ko‘prigi uchun jang
Ukraina qurolli kuchlarining asosiy guruhi Antonov ko‘prigi orqali o‘tgach va Mikolayiv tomonga chekingach, katta leytenant Yevgeniy Palchenko mansub bo‘lgan batalon ko‘prikni to‘sib, Rossiya qo‘shinlarini to‘xtatib turish uchun qoladi.
«Yarim tunda shunday «vaqtichog‘lik» boshlanadi: bizga minomyotlardan o‘q yog‘dirishadi, behisob K-52 vertolyotlari va qiruvchilar yopiriladi, barchasi ustma-ust. Artilleriya, otishmalar, o‘ngdan ham, chapdan ham diversiya-razvedka guruhlari keladi», deya eslaydi Palchenko.
Bundan oldin esa Yevgeniy Palchenko tanklarni joylashtirib chiqadi va ularga vazifalar belgilab beradi, chunki aloqa butunlay o‘chirib qo‘yilgandi. «Men o‘z tankimdan taxminan 150 metr masofada turgandim, shu payt «FAB-500» aviatsiya bombasi portladi. Uchinchi rotaning vzvod komandiri halok bo‘ldi».
«Men bir lahza ham o‘ylamasdan avtomatni yelkamga tashladim va bor kuchim bilan tank tomon yugurdim. Menda shunday hissiyot bo‘lgandiki, uch soniya ichida uning ichida edim. Shunchaki shokka tushiruvchi vaziyat, nima bo‘layotganini tushunmaysan. Tankka sakrab tushdim, lyukni yopdim - va batalon komandiri baqirib qoldi: «Chap qanotga o‘t och! Meni o‘qqa tutishmoqda».
«Bizga ham zarba kelib tekkan, tizim ishlamasdi. Biz barchasini qo‘lda bajardik, xuddi avvallari T-34 tankida bo‘lganidek. Men navodkachimga baqirdim: «Teskari peredacha (harakatni mashinaning bir qismidan boshqasiga o‘tkazuvchi mexanizm)ni yoq!» Mexanik orqaga yurdi, o‘ng richagni tortdi - tank aylandi, minorasi ham. Va Sheva kombatga o‘t ochilayotgan binoni ko‘rib qoldi. Men darhol qichqirdim: «Sheva, o‘t och!» U o‘sha yerga avval bir snaryad uchirdi, keyin ikkinchisini. Men yana baqirdim: «Yana bitta!» Va bu bizning batalon komandiriga o‘qlar ostidan chiqib ketishga yordam berdi».
Jang bir soatga yaqin davom etadi va tankchilar katta yo‘qotishlarga uchrab, o‘qlar yomg‘iri ostida Molodejnoye qishlog‘i tomon chekinishga majbur bo‘ladi. Katta leytenant Palchenkoning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda batalondan bitta rota qolgandi.
Ammo tez orada ular Antonov ko‘prigiga qaytishga buyruq oladi, chunki bu vaqtga kelib bu yerga 80-brigada desantchilari olib kelingan va ular Rossiya kuchlarini ko‘prik atrofidan chekintirgandi. Yo‘lga chiqqan yetti tankdan to‘rttasi yo‘lda o‘chib qoladi - yonilg‘i tugagandi. Palchenko o‘zining nosoz tankida va yana ikki mashina ko‘prik tomon harakatlanishda davom etadi. Uning tankini granatomyotlardan otilgan snaryadlar chaqini ta’qib etadi, ammo har safar mo‘jiza ro‘y berib u tutun pardasi orasidan beshikast chiqib kelaveradi.
Batalon komandiri tankini urishganidan keyin, Yevgeniy Palchenko Antonov ko‘prigi mudofaasidagi eng katta ofitser bo‘lib qoladi. O‘sha tunda u yana bir necha bor ortga chekinadi va desantchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘prikka qaytadi. O‘shanda u 23 yoshda edi - va keyinroq Ukraina qahramoni unvoni bilan taqdirlanadi.
Hujum to‘xtatib turilishi
Ukrainaning Xerson mudofaasidagi muvaffaqiyatsizligi ko‘plab javobsiz savollarni qoldirgan. Ammo Ukraina qo‘shini Xersonni jangsiz topshirgan deyish to‘g‘ri emas. Qurolli kuchlar mushkul vaziyatda dushman yurishini imkon qadar uzoq vaqtgacha to‘xtatib turish uchun choralar ko‘radi.
25 fevral kuni tushga yaqin Rossiya desantchilari va og‘ir texnikalari Antonov ko‘prigidan o‘ta boshlaydi. O‘ng sohilda ular darhol Palchenkoning tank guruhi va ko‘prik mudofaasi uchun tashlangan boshqa bo‘linmalar bilan jangga kirishadi. Ammo kuchlar teng emasdi. Aviatsiya ukrain bo‘linmalari ustidan bombalar tashlaydi, tez orada Rossiya artilleriyasi ham yetib kelib butun hududni o‘qqa tuta boshlaydi.
Palchenko va boshqa tankchilarda esa snaryadlar tugab qoladi. Unga Mikolayivga chekinishga buyruq beriladi. Ammo shaharga yaqinlashganda uning guruhi yana ortga buriladi va Antonov ko‘prigiga qaytish bo‘yicha buyruq oladi. Bu vaqtga kelib u yerga ukrain artilleriyasi yetib borgan va chap sohildagi Rossiya texnikalarini o‘qqa tuta boshlagandi.
Keyingi kuni, 26 fevralda, Ukraina qo‘shini Chernobayivkaga chekinadi, bu joy keyinroq Rossiya kuchlariga eng ko‘p zarba berilgan joy sifatida mashhur bo‘lib ketgandi.
Shu kuni dushman kutilmaganda Xerson tomondan chiqib keladi, holbuki bu vaqtda shahar Rossiya qo‘shini tomonidan egallanmagandi. Shu vaqtda piyodalar pozitsiyalarini tashlab, mashinalarda Mikolayiv tomon yo‘lga tushadi. «Komandirga qo‘ng‘iroq qildim va so‘radim: «Piyodalar qayoqqa yo‘l oldi?» U aytadi: «Sen haliyam o‘sha yerdamisan? Sen haqda unutibman. U yerdan ket, u yerda biznikilar qolmadi». Va bunday holat ikki kun ichida besh yoki olti marta sodir bo‘ldi - meni shunchaki pozitsiyada unutib qoldirishardi», deydi Palchenko.
«Men go‘shakni qo‘yishim bilan o‘ng tomondan biz tomon kuchaytirilgan rota kelayotganini ko‘rdim. O‘zimiznikilarning barchasiga raqib o‘ng tomonda ekanini aytdim. Va shu payt mening tankimga snaryad uchib keldi. Minoraga tegdi. Quloqlarni tom bitdi. Burundan qon oqdi. Men o‘z ekipajimga baqirdim: «Chiqinglar, biz yonyapmiz!» Shunda yana bir snaryad keladi - portlash bo‘ladi, hammayoq gumburlaydi».
Yonayotgan tankdan chiqib olgan Palchenko jamoaga chekinishni buyuradi. U kontuziya holatida omon qolgan uchta tankdan biriga chiqadi va ular Mikolayiv tomon chekinadi.
Mikolayivdagi safarbarlik
Mikolayiv mudofaasi tarix darsliklariga kiradi, chunki bu urushda burilish pallasi edi. Rossiya qo‘shinlarining yashin tezligida yuz bergan hujumi aynan shu yerda to‘xtab qoladi. Bu yerda ular qattiq qarshilikka uchraydi va keyin uloqtirib tashlanadi.
Shaharga kelgan general Marchenko tezlik bilan odamlarni safarbar qila boshlaydi va barcha xohlovchilarni mudofaaga qo‘shilishga chaqiradi.79-brigadaning asosiy bo‘linmalari Donbassda edi, 36-brigada esa Mariupoldagi shiddatli janglarda qatnashayotgandi. 79-brigada harbiy qismida 120 kishi qolgandi, ammo ikki kun ichida ukrain harbiylari safiga yana bir yarim ming kishi qo‘shiladi.
«Biz ularni kiyintirdik, poligonga olib bordik, otish mashqlarini bajartirdik. Bu yerga 2014 yilda jang qilganlardan ham ko‘pchilik keldi. Ya’ni harbiy tayyorgarlik bo‘lgan», deya hikoya qiladi general Marchenko.
General Marchenko barchani - politsiyachilar, milliy gvardiyachilar, hududiy mudofaa a’zolarini birlashtirish va mudofaaga qo‘shishga muvaffaq bo‘ladi. Mikolayiv to‘rt qismga ajratiladi, mas’ullar tayinlanadi. Har bir bo‘linmada tankka qarshi zaxira kuchlari tashkil etiladi - granatomyotlar bilan ta’minlangan bu guruhlar agar shaharga tanklar kirsa, oldinga chiqarilishi kerak edi.
Muammo kommunikatsiyada edi. Bunday holatda Rossiya qo‘shini shaharga qaysi tomondan kirishini qanday bilish mumkin edi?
Shunda Mikolayiv oblasti gubernatori Vitaliy Kim yordamga keladi. U odamlarni yig‘ib, ularga vazifalar bo‘lib beradi - ular shaharga kirishdagi chorrahalarda joylashib, signal postlari tashkil etishi kerak edi. Bu rejaga ko‘ra shaharga tanklar kela boshlaganida shinalar yoqilishi va bu tankka qarshi guruhlar uchun mo‘ljal olish imkonini berishi kerak edi.
Oddiy odamlar
Fuqarolik va harbiy tuzilmalarning o‘zaro muvofiqlikda harakatlanishi muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri bo‘ladi.
«Vitaliy Kimning odamlar bilan aloqasi juda zo‘r edi - va bizda barchasi juda tez va yaxshi tashkillashtirildi. U aytardi: «Nima kerak?» «Ekskavatorlar» deyman. Ekskavatorlar tezda yetib keladi va yerni qaziy boshlaydi. U yana so‘raydi: «Nima kerak?» Men deyman: «Beton bloklar va tankka qarshi to‘siqlar tayyorlang». Yarim kun o‘tib bloklar va to‘siqlar paydo bo‘ladi».
Mahalliy aholi muntazam ravishda ma’muriyatga qo‘ng‘iroq qiladi va dushmanning harakati bo‘yicha ma’lumotlarni yetkazib turadi. Bu ma’lumotlarning barchasi xaritada qayd etiladi, koordinatalar artilleriyachilarga yuboriladi.
Xersondagidan farqli o‘laroq, Mikolayiv oblastida sug‘orish kanallari orqali o‘tgan uchta ko‘prikdan ikkitasi 2014 yilda Donetsk aeroporti uchun jangda qatnashgan, Oliy rada deputati bo‘lgan Roman Kostenko boshchiligida shoshilinch tarzda tuzilgan maxsus topshiriqli kuchlar guruhi tomonidan portlatiladi.
Uchinchi ko‘prik minalashtiriladi va unga artilleriya to‘g‘rilanadi. Rossiyaliklarning Mikolayivga yurish qilgan barcha texnikasi shu ko‘prik tomon oqib kela boshlaydi. Birinchi tank kanaldan o‘ta boshlaganida ko‘prik portlatib yuboriladi, artilleriya esa ushbu kechuv atrofida turganlarning barchasini o‘qqa tuta boshlaydi.
Rossiyaliklarning ilg‘or guruhi Voznesenskka yorib kirganida, general Marchenko barcha kuchni ularni asosiy guruhidan uzib qo‘yish uchun yo‘naltiradi.
«Artilleriyachilar u yerdagi barcha narsani sindirishdi, - deya eslaydi u. - Mening ixtiyorimdagi spetsnaz, 3-polk, 7-polk - bu odamlarning bari g‘ayrat bilan jo‘shib borardi. Biz telefon rejimida edik. Ular aytishardi: «Vazifa qanday?» «Kolonna turgan joyga boring va zarba bering». Ular sakrab tushib, avval birinchi mashinaga, keyin oxirgisiga va o‘rtadagisiga zarba berishadi va ketishadi. [Rossiyaliklar] sochilib ketadi, yo‘ldan chetga chiqadi. Biz ularning jangovar tartibini buzgandik va amalda bu bizni qutqardi».
Voznesensk orqali harakat Mertvovod daryosi ustidagi shahar ko‘prigi portlatilgani tufayli to‘xtab qoladi. Uch kunlik janglardan keyin rossiyaliklarning ilg‘or guruhi 80-brigada desantchilari bosimi ostida chekinishga majbur bo‘ladi. Ularni esa Mikolayivdan chiqqanlar qarshi olishadi va yakson etishadi.
«Biz ularni daf etganimizda, - deya eslaydi general Marchenko, - bizda shunday burilish pallasi ro‘y berdi, biz o‘zimizga ishona boshladik, jangchilar qarshilik ko‘rsatishayotganini, [rossiyaliklar] qo‘rqib, qocha boshlaganini tushunishdi. Biz ularni asir ola boshladik, ularning texnikalarini o‘lja qilishni boshladik. Va men shunday ishtiyoq bilan barchaga ularni uloqtirib tashlash kerakligini aytdim. Biz ularni shahardan Xerson bilan ma’muriy chegaraga qadar chekintirdik».
«Agar butun xalq mudofaaga chiqmaganida, buning barchasiga erishib bo‘lmasdi», - deydi general Marchenko. «Shunchaki oddiy odamlar askarlar bilan birga okop qazishdi. Miltiqli ovchilar blokpostlarda turishdi. Birgina Bashtankadagilarni olaylik - ular haqida film ishlash mumkin. Ular kuniga 30 nafargacha asir olishar, dushman texnikasini o‘qqa tutishar va tortib olishardi».
Mikolayivning muvaffaqiyatli mudofaasi evaziga Rossiya baribir Odessaga desant tushira olmaydi. Bu uchastkadagi muvaffaqiyat Xersonning kelgusida ozod etilishi uchun platsdarm ham taqdim etadi.
Ammo Mikolayiv bilan bog‘liq tarix shuni ko‘rsatadiki, Xerson halokatli qulashining oldini olish mumkin edi. Buning uchun ko‘priklarni portlatish, ertaroq safarbarlik o‘tkazish, qo‘shinlarni o‘z vaqtida chegara yaqiniga joylashtirish, samarali kommunikatsiya va shaharlar mudofaasini rejalashtirish - bu ishlar amalga oshirilganida, Rossiyaning Ukraina janubidagi yurishi mutlaqo boshqacha yakunga ega bo‘lardi.
Mavzuga oid
23:49 / 10.10.2024
«Biz bu haqida gaplashmadik». Zelenskiy ittifoqchilar bilan o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilganini rad etdi
22:10 / 10.10.2024
Rus qo‘shinlari Donbassda ilgarilamoqda. Tahlilchilar nima deydi?
13:30 / 10.10.2024
Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlari - Zelenskiyning «tinchlik formulasi» tarafdori
13:20 / 10.10.2024