14:34 / 27.02.2023
40520

Entoni Blinken O‘zbekistonga tashrifidan nimalar kutayotganini aytdi

Bugun, 27 fevral kuni AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari Entoni Blinken Qozog‘istonga uchib ketdi.

Foto: Twitter / SecBlinken

Bu haqda davlat kotibi Entoni Blinken Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

«Bugun men Qozog‘iston, O‘zbekiston va Hindistonga sayohatga ketyapman. Bu mening Davlat kotibi sifatida Qozog‘iston va O‘zbekistonga birinchi safarim bo‘ladi va men Markaziy Osiyo bilan hamkorligimizni yanada rivojlantirishga intilaman. U yerdan G20 yig‘ilishi uchun Hindistonga boraman», dedi u. 

AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari Entoni Blinken Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi haqida avvalroq xabar berilgan edi.

Ostonada u mintaqadagi barcha beshta davlat vakillari bilan AQShning Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini tasdiqlash, shuningdek, umumiy global muammolarga yechim izlashda mintaqa bilan hamkorlik uchun C5+1 (Markaziy Osiyo mamlakatlari + AQSh) vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi.
 
C5+1 vazirlar yig‘ilishida AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy, energetika, atrof-muhit va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
 
Eslatib o‘tamiz, brifing chog‘ida AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu AQSh rasmiylari inson huquqlarini ta’minlash borasida O‘zbekistondagidek jadal ijobiy siljishni dunyoning hech bir joyida ko‘rmaganini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid
Top