10:20 / 06.03.2023
3498

BMTda okeanlarni himoya qilish bo‘yicha birinchi kelishuvga erishildi

Yevropa komissiyasi okeanlarni himoya qilish bo‘yicha birinchi global kelishuvni tarixiy deb atadi. Unda 2030 yilga borib okean suvlarining 30 foizga yaqini muhofaza etiladigan suv hududlariga aylanishi nazarda tutilgan.

Foto: Ben J. Hicks / benjhicks.com

Yevropa komissiyasi okeanlarni himoya qilish bo‘yicha birinchi global kelishuvni olqishlab, uni tarixiy deb atadi. «Okeanlarimiz uchun tarixiy lahza. Biz va kelajak avlodlar uchun zarur bo‘lgan dengiz hayoti va biologik xilma-xillikni himoya qilish yo‘lida olg‘a qat’iy qadam tashlamoqdamiz», - dedi 5 mart, yakshanba kuni Yevropa Ittifoqining atrof-muhit bo‘yicha komissari Virginiyus Sinkyavichyus. U shartnomani «Yevropa Ittifoqi asosiy rol o‘ynagan o‘n yildan ortiq tayyorgarlik ishlari va xalqaro muzokaralarning yakuni» deb atadi.

Kuni kecha BMTning 100 dan ortiq davlatlari tashkilotning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida okeanlarni muhofaza qilish bo‘yicha global shartnomani ma’qulladi. Hujjatga ko‘ra, 2030 yilga borib okean suvlarining 30 foizga yaqini qo‘riqlanadigan hududga aylanadi. Shartnoma tomonlari u dengiz hayotini himoya qilishi va tiklashiga umid qilmoqda.

Shartnoma predmeti ochiq dengiz, ya’ni davlatlar chegarasidan tashqaridagi xalqaro okean suvlaridir. Hujjat deyarli yigirma yil davomida tayyorlangan. Mamlakatlar uzoq vaqt davomida, asosan, baliq ovlash kvotalari bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli bir fikrga kela olmadilar. Bitim matni endi qayta ko‘rib chiqilmaydi, ishtirokchi davlatlar uni faqat ratifikatsiya qilishi kerak.

Shartnoma himoyalangan dengiz zonalarini yaratishni nazarda tutadi. Hozirda okeanning atigi 1,2 foizi himoyalangan. Endilikda xalqaro suvlarning uchdan bir qismi muhofaza ostiga olinadi, deb taxmin qilinmoqda. Muhofaza qilinadigan hududlarda baliq ovlash, yuk tashish yo‘llari va foydali qazilmalar qazib olishda cheklovlar mavjud bo‘ladi.

Okeanlar - noyob ekotizim, milliardlab odamlar uchun oziq-ovqat manbai. U iqlimni tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi va sayyoradagi ortiqcha issiqlikning 90 foizdan ortig‘ini o‘zlashtiradi. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, dengiz biologik turlarining deyarli 10 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida.

Top