07:33 / 07.03.2023
11847

Kiyev: Baxmut uchun janglar «katta natijalarni» keltirmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida Baxmut uchun janglar urush davridagi «eng katta natijalardan birini» berayotganini ma’lum qildi. 

Foto: Libkos / AP / Scanpix / LETA

U Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga Donetsk viloyatining ushbu shahrida «yigitlarga yordam berish uchun tegishli kuchlarni topish» zarurligini ta’kidladi

Oliy qo‘mondonlik shtabining 6 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Baxmut mudofaasini davom ettirish va shahardagi pozitsiyalarni mustahkamlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Aksariyat G‘arb harbiy ekspertlarining fikricha, Baxmutni ushlab turish yoki boy berish urushning borishi uchun strategik ahamiyatga ega emas.

Zalujniy hamda Donbassdagi guruh rahbari, «Xortitsa» qo‘shinlar tezkor-strategik guruhi qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Ukraina prezidentining shu haqdagi savoliga javoban Baxmut mudofaasini davom ettirish kerakligini qayd etishgan. «Ular mudofaa amaliyotini davom ettirish va Baxmutdagi pozitsiyalarimizni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini bildirishdi», — deya xabar bergan Ukraina prezidenti ofisi matbuot xizmati. Xabarda Zalujniy va Sirskiydan qandaydir iqtibos keltirilmagan.

Ukraina prezidenti ofisi bu xabarni Germaniyaning Bild tabloidida Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasida Baxmut bo‘yicha pozitsiyalardagi kelishmovchiliklar haqida chiqqan xabar ortidan tarqatdi. Nemis nashrining Kiyevdagi manbasiga ko‘ra, Zalujniy bir necha hafta oldin taktik sabablarga ko‘ra Baxmutdan ketish haqida o‘ylab ko‘rishni taklif etgan, Zelenskiy esa uni mudofaani saqlab qolishga chaqirgan. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top