18:35 / 08.03.2023
15331

«Qonun chaqaloqqa sut yetkazishga yo‘l qo‘ymasa, qonunni buzish kerak». Ekspertlar Suriyaga yordam yetkazishdagi sustkashlikda BMTni ayblamoqda

Suriyadagi zilziladan jabrlanganlarga yordam juda kech kelishiga hukumat mamlakat shimoli-g‘arbidagi muxolifat kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan hududlarga insonparvarlik yuklari olib kirilishi va qutqaruvchilar kirishiga bir hafta davomida ruxsat bermagani sabab bo‘lgan. Bu haqda BBC bilan suhbatda xalqaro huquq sohasidagi ekspertlar, jumladan huquqshunoslar, BMTning sobiq xodimlari va Xalqaro sud hakamlari aytib berishgan.

Zilzila oqibatida Suriyada 6 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan, 8,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Qator ekspertlar fikricha, ko‘plarni xalqaro yordam o‘z vaqtida yetib kelmagani uchun qutqarishga ulgurilmagan. Foto: Getty Images

Ko‘pchilikka ma’lumki, zilzilalarda dastlabki 72 soat eng muhimi hisoblanadi, bu xarobalar ostidan maksimal darajada ko‘p sonda tirik odamlarni olib chiqish imkoniyati yuqori bo‘lgan vaqt oralig‘idir.

Fojianing ilk soatlarida BMT mamlakat shimoli-g‘arbidagi hududlarga kirish uchun chegarada qo‘shimcha nazorat-o‘tkazish punktlari ochishga ruxsat berishni so‘rab Suriya hukumatiga murojaat qilgan.

Ekspertlar hisoblashicha, bunday vaziyatda BMT Damashqning javobini kutmasdan, xalqaro huquqning kengroq talqinini qo‘llashi ham mumkin edi.

«Agar qonun siz och qolgan chaqaloqqa u chegaraning narigi tomonida turgani uchun sutli kasha yetkazib bera olmasligingiz yozilgan bo‘lsa, siz qonunni buzish kerak», deb hisoblaydi Endryu Gilmor.

U 2014 yilda Suriyaning isyonchilar nazoratidagi hududlariga insonparvarlik yordam jo‘natish bo‘yicha ilk rezolyutsiyaga kelishilgan muzokaralarda qatnashgan BMTning yuqori martabali mulozimlaridan biri  bo‘lgandi.

«Vaqt omili va zudlik bilan reaksiya ko‘rsatish - zilziladagi eng asosiysidir. BMT esa gangib qolib, shunchaki nimanidir kutdi», deydi boshqa bir ekspert, inson huquqlari sohasidagi advokat Sara Kayali.

Fevral oyi boshida ro‘y bergan zilzila oqibatida olti mingga yaqin suriyalik halok bo‘ldi, 8,7 mingdan ortiq kishi jabrlangan. Ko‘plarning jarohati jiddiy.

Rixter shkalasi bo‘yicha 7,8 ballga teng bo‘lgan yer silkinishi epimarkazi Turkiyaning G‘oziantep viloyatida joylashgan. Bu zilzila ikki mamlakatda jami 52 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketdi.

Tabiiy ofat qurbonlarining aksari Turkiya hissasiga to‘g‘ri keladi, ammo Suriyada ham 6 ming atrofida odam halok bo‘lib, shuning 4,5 mingdan ortig‘i mamlakat shimoli-g‘arbida muxolifat kuchlari nazoratidagi hududda yashar edi.

BMTning aybi

BBC ko‘p sonli ekspertlar - yuristlar, BMTning sobiq xodimlari va Xalqaro sud sudyalari bilan gaplashgan, va ularning barchasi agar BMT qat’iyroq harakat qilganida, qutqarilgan suriyaliklar soni ko‘p bo‘lardi, deb hisoblaydi.

Minglab suriyaliklar bor-budidan ayrildi – uyidan tortib shaxsiy buyumlarigacha. Foto: Getty Images

«Davlat chegarasi orqali insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun bizga yoki mamlakat hukumati ruxsati, yoki, Suriya bilan bo‘lgan holatlarda, BMT Xavfsizlik kengashining yakdil rezolyutsiyasi talab etiladi. Biz xalqaro huquq mavzusida haftalab, oylab va yillab ilmiy bahslar olib borishimiz mumkin. Biz xalqaro huquq bizning ishimizni kechiktirmadi, degan pozitsiyadamiz», deydi BMT himoyasi uchun tashkilot bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.

BMT yordam ajratish va yetkazib berishdan tashqari, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishda ham muhim rol o‘ynaydi.

Xususan, tashkilot so‘rovdan keyin (Turkiya ham shunday so‘rov jo‘natdi) 12-48 soat ichida dunyoning istalgan nuqtasida ish boshlashi mumkin bo‘lgan UNDAC qutqaruv brigadalari faoliyatiga rahbarlik qiladi.

Ammo, ma’lum bo‘lishicha, BMT tez tibbiy yordam brigadalarining Suriya shimoli-g‘arbiga kirishi bo‘yicha so‘rov yubormagani ma’lum bo‘ldi. Tashkilot vakillari UNDAC guruhlarini tabiiy ofat joylariga joylashtirish bo‘yicha so‘rov yuborilganini ham tasdiqlay olmadi.

Stefan Dyujarrikning ta’kidlashicha, fojia joyida qutqaruv brigadalari yetarli bo‘lmagani Suriya hukumati qabul qilgan qator qarorlar bilan izohlanadi.

«Xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar bor. Bunga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan turli siyosiy muammolar bor», deydi BMT vakili.

Ammo Xalqaro jinoiy sud prokurorining maxsus maslahatchisi Marko Sassolining ma’lum qilishicha, BMT Suriya ruxsatisiz ham, xalqaro huquq kafolati bo‘lgan Jyeneva konvensiyasi asosida yordam yetkazilishini ta’minlashi mumkin edi.

«Suriya ham imzolagan Jyeneva konvensiyasida mustaqil humanitar organ mojaroning barcha tomonlariga o‘z xizmatlarini taklif qilishi mumkinligi aytilgan», degan u BBC nashriga.

Umar Hoji o‘z yaqinlarini xarobalar ostida quruq qo‘l bilan qidirgan

Zilziladan jabrlanganlar ham BMT yetarlicha tezkorlik bilan harakatlanmagan deb hisoblashadi. Ular orasida zilzila oqibatida rafiqasi va besh farzandidan ayrilgan Umar Hoji ham bor.

Nashr jurnalistlari uni tabiiy ofatdan keyingi ilk kunlarda uchratishgan. U bu vaqtda o‘zining oltinchi bolasi - bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgan 14 yoshli Abdurahmonni qidirayotgandi, keyinroq u topildi.

«BMTning yordami yetarlicha bo‘lmadi. Eng sezilarli yordam mahalliy aholi vakillari tomonidan bo‘ldi. Agar BMT oldinroq kelganida ko‘p narsa boshqacha bo‘lgan bo‘lardi», deb hisoblaydi Umar.

«BMT Suriya shimoli-g‘arbidagi aholi ishonchini oqlamadi. Bu yerdagi odamlar xalqaro yordam kelishini kutdi va yordam baribir kelmagach, chindan o‘zini tashlab qo‘yilgan his qilishdi», deb yozadi zilziladan bir hafta o‘tib Bob-al-Hava chegara o‘tkazish punktiga yetib kelgan BMT favqulodda yordam xizmati rahbari Martin Griffits.

AQShning mulohazasiz qadami

New York Times gazetasi seshanba kuni yozishicha, 
Vashington zilzila oqibatlarini bartaraf etishni osonlashtirish uchun Suriyaga qarshi sanksiyalarini vaqtincha yumshatdi.

Xususan, jabrlangan hududlar tiklanishiga zarur bo‘lgan vositalar to‘siqsiz yetib borishi uchun Suriya bank tizimiga taalluqli cheklovlarning bir qismi olti oy muddatga olib tashlangan.

Nashrning yozishicha, sanksiyalar masalasi - Bashar Asadni fojiadan keyingi soatlar va kunlarda qiziqtirgan yagona masala edi.

Asad favqulodda holat e’lon qilmadi, halok bo‘lganlar uchun motam e’lon qilmadi va jabrlangan hududlarga tabiiy ofatdan bir necha kun o‘tibgina tashrif buyurdi. Lekin uning hukumati birinchi kuniyoq G‘arbni sanksiyalarni olib tashlashga chaqirdi. Damashqni faqat shu narsa qiziqtirdi.

Avvaliga Vashington rad javobi berib, sanksiyalar hech qanaqasiga qutqaruv ishlarini cheklamasligini bildirdi, ammo keyin baribir yon berishga qaror qildi. Yevroittifoq ham Suriyaga qarshi sanksiyalar masalasida xuddi shunday yo‘l tutdi.

Bu odamlarga zudlik bilan yordam zarur, ammo huquqbonlar Suriya hukumati G‘arb sanksiyalari yumshatilishidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishidan xavfsiramoqda. Foto: Getty Images

Damashqqa xalqaro sanksiyalar fuqarolik urushiga aylanib ketgan namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilishi va bu ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lishi, Yaqin Sharqda tajovuzkor siyosat olib borayotgan Eron bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgani va boshqa ko‘plab sabablarga ko‘ra joriy etilgandi.

New York Times nashri yozishicha, fevral oyidagi zilzila Bashar Asad rejimi uchun siyosiy ne’matga aylandi va u butun dunyoning hamdardligidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qiladi.

Shu vaqtga qadar Asad bilan aloqa qilishdan tiyilib kelgan ko‘plab arab davlatlari yetakchilari unga hamdardlik va jabrlanuvchilarga insonparvarlik yordamlari yuborishdi.

Amerika nashri Asad va uning atrofidagilar g‘arb sanksiyalari yumshatilishidan o‘z moliyaviy bazasini mustahkamlash uchun foydalanishidan xavotirlar borligini yozadi.

«Zilziladan allaqachon siyosiy manfaatlar uchun foydalanayotgan rejim undan qaytish va o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchun ham foydalanmoqchi», deydi NYT nashriga bergan intervyusida Davlat departamentining Yaqin Sharq ishlari bo‘yicha bo‘limi sobiq maslahatchisi, Vashington instituti katta ilmiy tadqiqotchisi Endryu Teybler.

Uning hisoblashicha, sanksiyalar yumshatilishi Suriya hukumatiga zilzila jabrdiydalariga yordam niqobi ostida moliyaviy tranzaksiyalar amalga oshirish imkonini beradi va bunday o‘tmishga ega rejim uchun bu aql bovar qilmas darajadagi omaddir.

AQSh Davlat departamenti esa Amerikaya moliya vazirligida bunday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun dastaklar (richag) borligiga ishontirgan, ammo bu aynan qanday qilinishini izohlamagan. Moliya vazirligi New York Times nashrining qator so‘rovlariga ham javob qaytarmagan.

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top