15:51 / 08.03.2023
12974

Toshkentdan Moskvaga uchgan samolyot aeroportda 4 soat qolib ketganiga izoh berildi

«Vnukovo» xalqaro aeroportiga qo‘ngan samolyotda 210 yo‘lovchi to‘rt soat qolib ketgan.

Foto: Videodan kadr

Uzbekistan Airways Moskvadagi «Vnukovo» xalqaro aeroportida Toshkentdan Moskvaga uchib borgan samolyot bortida janjal kelib chiqqani yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, 7 mart kuni HY-601 Toshkent—Moskva yo‘nalishidagi aviaqatnovi havo kemasi «Domodedovo» aeroportining ob-havo sharoiti (uchish-qo‘nish yo‘lagining holati xavfsiz qo‘nishni amalga oshirish uchun zarur talablarga javob bermagani) sababli «Vnukovo» xalqaro aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirgan.  

HY-601 aviaqatnovi havo kemasi sardori yo‘lovchilarga yo‘nalish «Vnukovo» muqobil aeroportiga o‘zgargani haqida ma’lumot bergan. Ob-havo yaxshilangani va havo kemasi «Domodedovo» xalqaro aeroportiga uchib ketishga tayyor bo‘lganidan so‘ng, ekipaj parvozga tayyorligini e’lon qilgan.

«Afsuski, havo kemasi bortida ayol o‘zini yomon his qilayotgani ma’lum bo‘ldi, ekipaj shifokorlarni chaqirishga majbur bo‘ldi, bu esa uchib ketish vaqti kechikishiga ta’sir qildi. Shu paytda «Domodedovo» xalqaro aeroportidagi ob-havo yana keskin yomonlashdi va bu keyingi kechikishga olib keldi», deyiladi munosabatda.

Keyinchalik havo kemasidagi barcha 210 yo‘lovchini «Vnukovo» xalqaro aeroportiga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Uzbekistan Airways aviakompaniya uchun parvozlar xavfsizligi yuqori o‘rinda turishini eslatib, keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilar va ularni kutib oluvchilardan uzr so‘ragan.

Top