22:06 / 11.03.2023
37051

O‘zbekiston U20 jamoasi JCh-2023 turniriga yo‘llanma oldi

O‘zbekiston Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lub etdi.

Osiyo kubogi U20 chorakfinal doirasida O‘zbekiston yoshlar jamoasi Avstraliyaga qarshi maydonga tushdi.

«Bunyodkor» stadionida 30 mingdan ortiq tomoshabin qarshisida o‘tgan JCh-2023ga yo‘llanma beradigan bahsning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. 

Ikkinchi bo‘limning 77-daqiqasiga kelib okeaniyaliklar kam sonli vaziyatlardan birini golga aylantirishdi – 1:0.

Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas, o‘yingoh larzaga keldi. To‘p Po‘latxo‘ja Xoldorxonovdan Zafarmurod Abdurahmatovga kelib tushgach, u darvozabonning yaqin burchagini aniq nishonga oldi – 1:1. Asosiy vaqt durang natija bilan tugadi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda ham hisob o‘zgarmagach, jamoalar penaltilar seriyasiga taklif etildi. Unda omad O‘zbekistonga kulib boqdi va Ravshan Haydarov shogirdlari yarimfinal bilan birga Indoneziyada o‘tadigan JCh-2023 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi zarbani Umarali Rahmonaliyev aniq amalga oshirdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston yarimfinalda Janubiy Koreya – Xitoy uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. O‘yin 15 mart kuni «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi.

Osiyo kubogi U20. 1/4 final
11 mart (shanba)

O‘zbekiston — Avstraliya – 1:1. Penaltilar seriyasi: 5:4
Hakam: Ammar Ibrohim (Bahrayn)
Gollar: Zafarmurod Abdurahmatov 79 – Gabriel Popovich, 77.
O‘zbekiston U20: 21.Otabek Boymurodov, 3.Abduqodir Husanov, 6.Jahongir O‘rozov, 7.Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, 8.Behruzbek Asqarov, 10.Umarali Rahmonaliyev, 13.Zafarmurod Abdurahmatov, 14.Abbosbek Fayzullayev, 15.Diyorbek Ortiqboyev, 20.Mahmudjon Mahamadjanov, 22.Sherzod Esanov (11.Shahriyor Jabborov, 64).
Avstraliya U-20: 1.Jyek Varshavski, 2.Joshua Roulins, 3.Nektarios Triantis, 4.Kris Donnell, 7.Bernardo Oliveyra (17.Eydan Simmons, 60), 8.Alessandro Lopane, 9.Gabriel Popovich, 10.Adrian Segechich, 13.Panashe Madanya, 15.Jozef Ford, 21.Jyed Dryu (20.Aleksandr Badolato, 60).

Top