Mustaqillikning ilk yillarida milliy jamoaning Hirosimadagi ilk o‘yinini eslayman. 90-yillar boshida AQShda shov-shuv ko‘tarib, Niderlandiya va Belgiya kabi jamoalarga qarshi munosib to‘p surgan Saudiya Arabistoni ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozongan edik. Shu paytgacha sobiq ittifoqda yurgan futbolimiz uchun Osiyo o‘ziga yarasha ekzotika edi, tabiiyki, bundan buyog‘i shunday bo‘lishi, O‘zbekiston Osiyoning eng zo‘rlaridan biri bo‘lishiga ishonardik.

Keyin bilsak, Osiyo o‘yinlariga bo‘lgan munosabat qit’a «sherlari» uchun haminqadar ekan. Bu turnir ham, qisman ikki yil o‘tib biz guruhdan chiqa olmagan Osiyo kubogi ham, aslida bizga ushalmas orzuga aylangan jahon chempionati saralashi uchun tayyorgarlik sifatida ko‘rilar ekan.

Shuncha yil o‘tdi va o‘tgan haftalarda milliy jamoaning Osiyo chempionatidagi sakkizinchi ishtirokiga guvoh bo‘ldik. Jamoamizga o‘z tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lmish yarim finalga chiqishni takrorlash uchun Zafarmurod penalti tepishda yugurishga eringan ikki qadam yetmay qoldi.

Mayli, o‘ttiz yil oldingi xatoni takrorlab, keling, bu natijani jiddiy olib, fojia yasamaylik-da, katta jamoalar kabi, turnirga boshqa rakursdan qarab ko‘ramiz va keyingi musobaqalar uchun biz sezgan ijobiy jihatlar haqida so‘z yuritamiz. Albatta, undan oldin, ularga biroz tanbeh berib, futbol jamoatchiligida eng ko‘p tilga olingan e’tirozlarni tilga olib o‘tamiz. Axir yomon xabarlardan boshlash kerakki, oxirida maqolamiz sarlavhasi kabi pozitiv nuqtada xayrlashamiz.

E’tirozlar

Birinchi e’tiroz, tarkibni tanlash, u yoki bu futbolchini almashtirish haqidagi fikrlar. Bu tarzdagi tanqidlarning davomli tus olishiga, albatta, Suriyaga qarshi birinchi o‘yindagi holatlar ham sabab bo‘ldi. Esingizda bo‘lsa, Katanetsning boshlang‘ich tarkib va taktikasidan ko‘pchilik hayron bo‘ldi, turli boshqacha takliflar berildi ham. O‘sha o‘yindagi o‘zgartirishlar va Hindistonga qarshi tanlangan futbolchilar go‘yoki, murabbiy emas, e’tiroz bildirgan jurnalist va muxlislar haq bo‘lgandek ko‘rsatib qo‘ydi. Rostan ham, O‘runov markaziy hujumga boshqa qo‘yilmadi, Fayzullayev asosiy tarkibdan joy oldi va hokazo.

Ammo bu turdagi tuzatishlar ish muhitida tamoman normal holat ekanini ta’kidlash kerak. Tabiiyki, tayyorgarlik uchrashuvlari va mashg‘ulotlar rasmiy turnir muhitini, yuklama va bosimini bermaydi. Murabbiy u yoki bu rejani musobaqa oldidan sinab ko‘rishi, ammo amalda, ba’zi futbolchilarning o‘rtoqlik uchrashuvlari yoki mashg‘ulotlardagi sifatni taqdim etishga qodir emasligi qachonki, rasmiy o‘yinda sinab ko‘rilsagina bilinadi. Yoki ba’zi futbolchilar aslida pastroq saviyada bo‘lishi mumkin, ammo aynan bir turnirda kutilmaganda va tushunarsiz sabablar bilan porlab ketadi. O‘sha «kuraj»ni ushlagan futbolchiga murabbiy imkoniyat berishda davom etadi va rejalarni o‘zgartirib bo‘lsa-da, ruhan tayyor futbolchilarga suyanishda davom etadi.