23:14 / 11.03.2023
15012

Polsha tarixda birinchi marta o‘ziga o‘zi gaz yetkazdi 

Mamlakat energetika mustaqilligiga intilmoqda. 

Foto: Marcin Bielecki

Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar fonida Polsha tarixda birinchi marta o‘ziga AQShdan suyultirilgan gaz partiyasini yetkazib berdi. 

PAP xabariga ko‘ra, Polshaning «Orlen» kompaniyasiga tegishli «Lex Kachinski» gaz tashuvchi kemasi birinchi marta Svinouytse shahridagi terminalga 70 ming tonna gaz yetkazdi. 

Polsha bosh vaziri o‘rinbosari Yatsek Sasin so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning Rossiya gaziga qaramligidan voz kechib, energetik mustaqillikka erishish siyosati sobiq prezident Lex Kachinskiy tashabbusi bilan boshlangan. 

«Polsha mustaqil va g‘ayratli suveren davlat», dedi Sasin. 

«Lex Kachinski» gaz tashuvchisi 2022 yil dekabr oyida suvga tushirilgan. Ikkinchi shunday kema «Grajina Gesitskaya» Janubiy Koreya qirg‘oqlarida sinovdan o‘tmoqda. Yana ikkita gaz tashuvchisi 2024 yilda, qolgan 4 tasi bir yildan keyin yetkazib beriladi. 

Gaz tashuvchilarning har biri qariyb 300 metr uzunlikda bo‘lib, 174 ming kub metr yoki 70 ming tonnaga yaqin suyultirilgan gazni tashishi mumkin. 

2022 yilning 17 martida Polsha Rossiya bilan gaz sotib olish bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma 2022 yilning dekabrida tugashi va boshqa yangi bitimlar bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi. 

2022 yil 1 oktyabrdan Polsha Norvegiya gazini yangi quvur orqali qabul qila boshladi. 

Top