Kinoga ko‘chgan hayot: asir tushgan fashist askari Angliya futbolida qanday porlagan edi?
1949 yilda Angliyaning «Manchester Siti» futbol jamoasi britaniyaliklarga qarshi jang qilib asir tushgan germaniyalik Bert Trautmann bilan shartnoma imzolaydi. Jamoa muxlislari fashistlar armiyasi sobiq askari bilan shartnoma tuzgan rahbariyatdan qattiq darg‘azab bo‘lishadi va bu ishga qarshi namoyish o‘tkazishadi. Biroq rahbariyat o‘z qarorida qat’iy turadi. O‘shangacha havaskor futbolchi bo‘lgan Bert mahoratli darvozabon ekanini isbotlaydi va keyinchalik Angliyada yil futbolchisi deb topiladi.
1949 yil, oktyabr. «Manchester Siti» futbol jamoasi ofisi oldiga ko‘p ming sonli muxlis yig‘iladi. Ular «Yo‘qolsin frits», «Biz fashistni jamoamizda ko‘rishni xohlamaymiz», «Nemis daf bo‘lsin, aks holda boykot e’lon qilamiz», deb baqirishardi.
Muxlislar jamoa rahbariyatidan biroz avval germaniyalik sobiq harbiy asir Bert Trautmann bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishni talab qilishadi.
O‘shanda uning «Manchester Siti»da to‘p tepishini xohlamagan 20 ming muxlis shahar ko‘chalari bo‘ylab namoyish uyushtiradi. O‘yinlarni tomosha qilish uchun stadionga tushmasligini aytib, klub xo‘jayinlariga bosim o‘tkazadi. Biroq rahbariyat ortga chekinmaydi va nemis futbolchisini jamoada olib qoladi.
Keyinchalik ana shu o‘yinchi «Manchester Siti» afsonasiga aylanadi. Darvozabon bo‘lgan holda xorijliklardan birinchi bo‘lib Angliyada yil futbolchisi deb topiladi.
Bundan tashqari, Bert 2005 yilda Angliya futboli shon-sharaf zalidan o‘rin oladi. Shu tariqa ikkinchi jahon urushi yakunida Britaniya harbiylariga asir tushgan nemis askari mohir darvozabon bo‘lib yetishadi va Angliyada dovruq qozonadi.
Bertning yoshligi va Angliyaga kelib qolishi
Bert Trautmann 1923 yilda Germaniya shimolidagi Bremen shahrida muhandis oilasida tug‘iladi. U maktab o‘qib yurgan paytlarida Germaniyada hokimiyat tepasiga Hitler boshliq natsistlar kelishadi.
Shundan so‘ng ota-onasi Bertni hukmron natsional-sotsialistlar tomonidan tashkil etilgan «Yungfolk» maxsus maktabiga beradi. O‘smir yoshiga yetganda u Hitlerning millatchilik va bosqinchilik g‘oyasi o‘qitiladigan «Hitleryugend» tashkilotiga a’zo bo‘ladi.
Yoshligida turli sport turlari bilan shug‘ullangan Bert yengil atletika musobaqasida g‘olib chiqadi va Germaniya prezidenti Paul fon Giderburg imzosi tushirilgan sertifikat bilan taqdirlanadi.
1938 yilda Bert Berlinda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlarida uchta yo‘nalish – 60 metrga yugurish, uzunlikka sakrash va granata uloqtirish musobaqalarida ikkinchi o‘rinni egallaydi.
1941 yilda 18 yoshga to‘lgan Bert o‘z ixtiyori bilan armiyaga ketadi. Harbiy tayyorgarlikdan o‘tgach u harakatdagi armiya safiga yuboriladi. Bert to‘rt yil davomida avvaliga sharqiy frontda, so‘ng g‘arbiy frontda desantchi askar sifatida janglarda qatnashadi.
Ukraina hududidagi janglardan birida u sovet qo‘shinlari tomonidan asirga olinadi. Bert asirlar lageridan qochishga muvaffaq bo‘ladi va ortga qaytadi. Fashistlar armiyasiga qayta qo‘shilgach, uni g‘arbiy frontga yuborishadi.
1944 yilda Bert fransuzlarga asir tushadi va u yerdan ham qochadi. 1945 yil mart oyida u britaniyalik harbiylar tomonidan uchinchi marta asirga olinadi. Bertdan ishchi kuchi sifatida foydalanish uchun uni Angliyadagi Lankashir grafligida joylashgan qamoqxonaga jo‘natib yuborishadi.
Futbolchilik faoliyatining boshlanishi
Bert Angliyadagi qamoqxonada bo‘lganida nemislar tomonidan bombardimon qilingan binolarni tiklashda qatnashar, dam olish vaqtlarida boshqa asirlar bilan futbol o‘ynab turardi.
U avvaliga yarim himoyachi ampulasida to‘p tepadi. Navbatdagi o‘yinda jamoasi darvozaboni jarohat olgani uchun maydonga chiqa olmaydi. Darvozada Bert turadi va u buni ajoyib tarzda uddalaydi. Shundan so‘ng keyingi o‘yinlarda ham darvozani Bertga ishonib topshirishadi.
1948 yilda Britaniya hukumati ko‘plab nemis asirlar qatori Bertni ham ozod qiladi. Biroq u Germaniyaga qaytishni xohlamaydi va qamoqxona joylashgan shaharchada yashovchi Margaret ismli qizga uylanadi.
Shundan so‘ng qaynotasi Bertni o‘z fermasiga ishga oladi. So‘ng kuyovini o‘zi ishlaydigan mahalliy «Sent-Xelens Taun» havaskorlar jamoasiga taklif etadi.
O‘shanda avvaliga «Sent-Xelens Taun» jamoasining aksariyat muxlislari sobiq fashistlar armiyasi askarining o‘z jamoalarida o‘ynashiga norozi bo‘lishadi.
Ammo Bertning dastlabki o‘yinlarda darvozani juda ishonch bilan qo‘riqlagani muxlislarning hovurini biroz bosadi. Keyinchalik Bert o‘z mahoratini oshirib boravergach muxlislarning sevimli futbolchisiga aylanadi.
«Manchester Siti» safida
Bert «Sent-Xelens Taun» jamoasida bir mavsum o‘ynagach 1949 yilda «Manchester Siti» bilan shartnoma imzolaydi. Uning bu jamoaga o‘tishi tarixi quyidagicha.
Mavsum yakunlangach «Sent-Xelens Taun» «Manchester Siti» bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Ana shu o‘yinda Bert Trautmann o‘zining ishonchli o‘yinlari bilan «Manchester Siti» murabbiyi va rahbariyatining e’tiborini tortadi. Ular 26 yoshli Bertni jamoaga taklif etishga qaror qilishadi.
1949 yil kuzda «Manchester Siti» Bert bilan shartnoma imzolaydi. Bir yil avval «Sent-Xelens Taun» jamoasi muxlislari bilan sodir bo‘lgan ish «Manchester Siti»da battarroq ko‘rinishda takrorlanadi.
Jamoa muxlislari fashistlar armiyasining sobiq askari bilan shartnoma tuzilgani uchun norozilik namoyishi o‘tkazishadi. Unda 20 mingdan oshiq muxlis qatnashadi.
Namoyish chog‘ida muxlislar agar jamoa rahbariyati «fashist askari» bilan shartnomani bekor qilmasa stadionga tushmaslik bilan tahdid qilishadi.
Asosan muxlislarga sotiladigan chipta puliga kun ko‘radigan jamoa uchun bu tahdid ancha jiddiy hisoblanardi. Biroq «Manchester Siti» rahbariyati yon bermaydi va Bert jamoada qoladi.
Shundan so‘ng bir necha o‘yinda jamoa stadioniga ancha kam muxlis tushadi. Biroq Bertning darvozani ishonch bilan qo‘riqlashi ovoza bo‘lavergach muxlislarlarning asosiy qismi uni kechirishadi.
Boshqalari esa unga tahdidli maktublar jo‘natishda davom etishadi. Ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolishsa haqorat qilishadi. Bert bularning barchasiga chidaydi.
O‘sha paytlarda «Manchester Siti» o‘rtamiyona, hatto undan ham past jamoa hisoblanardi. Bert o‘ynagan birinchi mavsumda jamoa ikkinchi divizionga tushib ketadi.
Biroq aynan Bertning ishonchli o‘yinlari evaziga jamoa keyingi yildayoq birinchi divizionga qaytadi. Oradan bir necha yil o‘tib 1955 va 1956 yillarda ketma-ket ikki marta Angliya kubogi finaliga chiqadi.
1955 yilda jamoa finalda «Nyukasl»ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ladi. 1956 yilda esa «Uembli» stadionida 100 ming nafar muxlis qarshisida «Birmingem Siti» jamoasi 3:1 hisobida mag‘lub etiladi.
Bertni dunyoga mashhur qilgan hodisa aynan «Birmingem Siti» bilan o‘tkazilgan final o‘yinida sodir bo‘ladi. O‘yin tugashiga 15 minut qolganda Bert «Birgingem Siti» o‘yinchisi Piter Merfi bilan to‘qnashib yiqiladi va hushini yo‘qotadi. Uni zo‘rg‘a o‘ziga keltirishadi.
Murabbiy qancha qistamasin Bert o‘yinni tark etishni xohlamaydi. Chunki bu paytga kelib jamoa barcha almashtirishlarni amalga oshirib bo‘lgan, Bert o‘yindan chiqsa «Manchester Siti» o‘n kishi bo‘lib qolardi.
Shu sababli u o‘yinni davom ettiradi va tanasidagi kuchli og‘riq bilan o‘yin yakunigacha maydonda qoladi.
O‘yin tugagach Bertni darhol shifoxonaga olib borishadi. O‘tkazilgan tekshiruvlarda Bertning bo‘yin qismidagi umurqalardan biri singani va o‘yinning qolgan qismini u shu holida o‘tkazgani ma’lum bo‘ladi.
Ma’lum bo‘lishicha bunday paytda bitta keskin harakat ham Bertni bir umrlik nogiron qilib qo‘yishi yoki u vafot etishi mumkin ekan. O‘sha paytda Bertning bu qahramonligi haqida barcha gazetalar yozib chiqadi.
Angliyaning eng yaxshi o‘yinchisi
Mamlakat kubogi qo‘lga kiritilgandan so‘ng ko‘p o‘tmay Angliya futbol jurnalistlari assotsiatsiyasi tomonidan Bert Angliyaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topiladi.
Ma’lumot uchun, bu sovrin 1948 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uni birinchi bo‘lib o‘sha paytda «Blekpul» jamoasida o‘ynagan Stenli Metyuz qo‘lga kiritgan. Sovrinning so‘nggi sohibi «Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh hisoblanadi.
Sovrin egasi Angliyadagi bir necha yuz nafar futbol jurnalistlari tomonidan beriladigan ovozga qarab aniqlanadi. Eng ko‘p ovoz olgan futbolchi sovrin egasi bo‘ladi.
Bertgacha va undan so‘ng 1981 yilgacha bir necha nafar shotlandiyalik futbolchini aytmaganda ushbu sovrinni faqat angliyalik futbolchilar qo‘lga kiritgan.
Bert Trautmann «Manchester Siti» darvozasini 15 yil qo‘riqlaydi va 1964 yilda jamoani tark etadi. U manchesterliklar safida jami 545 ta o‘yin o‘tkazadi.
Bertning keyingi faoliyati
Bert «Manchester Siti»dan ketgach quyi divizion vakili «Vellington Taun» safida bir yil o‘ynaydi va futbolchilik faoliyatini tugatib murabbiylik qila boshlaydi.
Bert avvaliga quyi divizionda o‘ynaydigan «Stokport Kaunti», so‘ng Germaniyaning Myunster shahri sharafini himoya qiladigan «Prossen», Ryusselsxaym shahrining «Opel» jamoasiga murabbiylik qiladi.
Jamoalar bilan hech narsaga erisha olmagan Bert 1972-1974 yillarda Birma, 1978-1980 yillarda Liberiya, 1980-1983 yillarda Pokiston terma jamoalarini boshqaradi. Milliy jamoalar bilan ham aytarli yutuqqa erisha olmagach u nafaqaga chiqadi.
2004 yilda Bert Trautmann Germaniya va Britaniya o‘rtasida yaqin do‘stona munosabatlar o‘rnatilishida qo‘shgan hissasi uchun Britaniya Imperiyasi ordeni bilan taqdirlanadi.
2005 yilda u Angliya futboli shon-sharafi zaliga kiritilgan. Bunday yuksak sharafga Buyuk Britaniya tarkibida bo‘lmagan davlatlar fuqarolaridan 14 nafar futbolchi kiritilgan.
Bular, germaniyalik Bert Trautmann, fransiyalik Erik Kantona, Patrik Viyeyra, Teri Anri, daniyalik Peter Shameyxel, irlandiyalik Roy Kin, Denis Irvin, Mark Lourenson, Pol Makgrat, Jonni Jaylz, Liam Breydi, argentinalik Osvaldo Ardiles, niderlandiyalik Denis Bergkamp, italiyalik Dario Gradi.
Bert Trautmann 2013 yilda 89 yoshida Ispaniyadagi uyida vafot etadi.
Bert Trautmann haqida film
2017 yilda taniqli nemis rejissyori Markus X. Rozenmyuller Bertning hayoti haqida «Darvozabon» (The Keeper) filmini suratga ola boshlaydi. Filmda asosan uning Angliyada to‘p tepgan davri hikoya qilinadi.
Film taqdimoti 2018 yilda Tsyurixdagi kinofestivalda o‘tkaziladi. U 2019 yil mart oyida Germaniyada, aprel oyida Buyuk Britaniyada katta ekranlarga chiqariladi. Bosh rollarni germaniyalik taniqli aktyor Devid Kross va shotlandiyalik aktrisa Freyya Mavor ijro etgan.
Filmda uning o‘zidan olingan intervyudan ham kadrlar ishlatilgan. Unda ayrim hodisalarni keksayib qolgan Bertning o‘zi aytib beradi.
Film kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholanadi. Film ijodkorlari o‘nga yaqin kinofestivallarda turli sovrinlarni qo‘lga kiritishgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
11:13 / 10.11.2024
«Siti» inqirozda, «Liverpul» oldinlab ketdi. Kun o‘yinlari
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
12:33 / 03.11.2024
APLda sensatsiyalar kuni, Husanovda ilk qizil. Kun o‘yinlari
12:39 / 24.10.2024