Jahon | 09:27 / 13.03.2023
5386
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova provokatsiyalar ehtimoli haqida ogohlantirdi

Kishinyovda muxolifat namoyishi bo‘lib o‘tdi. Politsiya Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan provokatsiyalar tayyorlanayotganini e’lon qildi, shu munosabat bilan 7 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi.

Foto: Reuters

Moldova politsiya bosh komissarligi rahbari Viorel Cherneutsanu Rossiya maxsus xizmatlarini muxolifat namoyishlari paytida beqarorlik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rganlikda aybladi. «Politsiyaga Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan Moldovada muxolifat namoyishlari paytida, shu jumladan bugun ham vaziyatni beqarorlashtirish bo‘yicha rejalangan harakatlarga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida tezkor ma’lumotlar kelib tushdi», — dedi u 12 mart, yakshanba kuni «Shor» partiyasi mitingi oldidan brifingda.

Cherneutsanu, shuningdek, Rossiya vakili rahbarligida ushbu maqsadlar uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tayotgan 7 kishining qo‘lga olingani haqida ham ma’lum qildi. Politsiyaga jami 25 nafar gumondor keltirildi.

Ayni paytda, Kishinyov markazida «Shor» partiyasi uyushtirgan ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Moldovada isitish mavsumi uchun kommunal to‘lovlar to‘lashni va urushning oldini olishni talab qilgan miting ishtirokchilari hukumat binosiga qarab yurib, politsiya halqalarini yorib o‘tishga urindi, deb yozadi Publika.md.

Aksiya ishtirokchilari hukumatdan qish oylarida kommunal to‘lovlarni so‘ndirish bo‘yicha 24 soat ichida javob berishni talab qilib, qaror qabul qildi, dedi «Shor» partiyasi raisi o‘rinbosari Marina Tauber. Bundan tashqari, faollar bosh vazir Mayya Sanduni iste’foga chaqirishdi. «Interfaks» xabariga ko‘ra, mitingda 50 ga yaqin odam hibsga olingan.

Bir kun avval Moldova politsiyasi ehtimoliy provokatsiyalar haqida ogohlantirgan edi. Bayonotda huquq-tartibot idoralari xodimlari tartibni saqlashga chaqirgan. «Milliy politsiyada ertaga aksiya davomida beqarorlik va tartibsizliklar uyushtirish rejalashtirilgani haqida ma’lumot bor. Shu munosabat bilan tashkilotchilar va ishtirokchilardan qonun talablariga rioya etishlarini hamda inson hayotiga xavf tug‘diruvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘raymiz», - deyiladi bayonotda. Boshqa narsalar qatori, ishtirokchilardan yuzlarini berkitmaslik va noqonuniy xatti-harakatlardan voz kechish talab qilindi.

12 mart kuni Moldova chegara politsiyasi Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi vakilini mamlakatga kiritmagani ma’lum bo‘ldi. «Axborot almashish bizga Kishinyov aeroportidagi yo‘lovchilar oqimida Rossiyadan kelgan XHK vakili shaxsini aniqlash imkonini berdi», — deyiladi politsiya xabarida. Erkak Moldovaga samolyotda kelgan. U samolyotda uchgan davlatga qaytarilgan.

Fevral oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Moldovada hokimiyatni qo‘lga kiritish rejasi borligini e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng, ushbu mamlakat prezidenti Mayya Sandu bu ma’lumotni Kiyevdan olganini tasdiqladi va Moldovada barqarorlikni buzish tahdidi hamda Rossiya tomonidan davlat muassasalariga hujum qilish va garovga olish uchun dunyoning bir qancha davlatlaridan diversantlar jalb etilishi mumkinligini bildirdi.

Mavzuga oid