17:37 / 16.03.2023
15243

Prezident bayonoti, “neytral” pozitsiya va Rossiya bilan aloqalardagi markaziy hissiyot - siyosatshunoslar bilan intervyu

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonning "neytral" pozitsiyasi, bu pozitsiyaga xalqaro doiradagi munosabat va mamlakatning Rossiya bilan aloqalari borasida siyosiy tahlilchilar – Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu o‘tkazdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga qilgan ishchi tashrifi bir qator voqealarga boy bo‘ldi. Masalan, o‘tgan 2 yarim oy davomida viloyatda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan Ulug‘bek Qosimov hokimlikka tayinlandi, Boysun-Denov yo‘nalishidagi yo‘l sifatini prezident o‘zi avtomobil boshqargan holda tekshirib ko‘rdi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Surxondaryo viloyatidagi vzvodlaridan biriga tashrif buyurildi.

Ammo ular orasida ham eng e’tiborlisi, shov-shuvga sabab bo‘lgani prezident Shavkat Mirziyoyevning tomon tanlash haqidagi mana bu fikrlari bo‘ldi.

«Hozir katta-katta davlatlar: «O‘zbekiston, sen kim tarafda. Bo‘ldi endi, neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi, yo u tomonga o‘tgin, yo bu tomonga o‘tgin», deya qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib shunga da’vat qilyapti. «O‘rta Osiyoda O‘zbekiston bizga kerak, 36 million bo‘ldi, 3-4 yilda 40 million bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tarafsan?» – deyapti. Qarang, shunday og‘ir savolga qanday javob berish kerak? Javob bitta: bir tomonman, millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Kun.uz muxbiri prezidentning ushbu so‘zlari, shuningdek, O‘zbekistonning «neytral pozitsiyasi» haqida siyosiy tahlilchilar – Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu o‘tkazdi.

— Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoda tomon tanlash haqida aytganlari, xo‘sh, bu bayonotdan nimalarni tushunish kerak, u qanday ma’nolarni anglatadi?

Farhod Tolipov:

— Prezidentning tomon tanlash haqidagi gaplarini eshitib, bir nechta xulosaga keldim. Avvalambor, prezident yirik davlatlar deb bir nechta davlatni nazarda tutib, O‘zbekistonga bosim bo‘lyapti, degandek xabar berdi. Bunda ham AQSh, ham Rossiya nazarda tutilyapti.

Oxirgi ikki yildagi tashriflarga qaraydigan bo‘lsak, AQShdan ham ko‘ra Rossiya vakillari ko‘proq kelgan. Umuman, bosim ikki tomondan ham bo‘lyapti deb tushunish kerak. Kim tarafidasan, degan savolga O‘zbekiston manfaatlaridan kelib chiqaman, degan fikrni aytdi prezident. To‘g‘ri fikr bo‘lsa-da, mavhumlik bor u yerda, bundan qochish ham imkonsiz. Aslida, biz uchun O‘zbekiston manfaatidan boshqa manfaat yo‘q. Balki manfaat neytrallikni taqozo qilayotgandir, balki AQSh yoki Rossiya tarafini olishni. Shunday mavhumlik bilan tugagani uchun ochiq savol bilan yakunlangan bayonot deb tushundim. Bunday geosiyosiy muhitda tanlov qilish juda qiyin.

Kamoliddin Rabbimov:

— Doim takrorlaganimdek, O‘zbekiston geosiyosiy chorrahada joylashgan: sharqda XXR, shimolda Rossiya, g‘arbda Kollektiv G‘arb, AQSh, janubda musulmon dunyosi mamlakatlari. Prezident bayonoti Blinken tashrifidan keyin yangradi. Ammo aynan AQShga qaratilgan fikr emas. Geosiyosiy qurshov masalasi bor va tahdid kim tomondan bo‘lyapti, degan savol bo‘lishi kerak. Keyingi bir yildagi Ukraina urushi fonida Markaziy Osiyodagi geosiyosiy munosabatlar ancha qaltislashgan. Mintaqa davlatlari yaxshi anglaydiki, mintaqaga tahdid bo‘layotgan bo‘lsa, aynan bitta davlat tomonidan bo‘lyapti. Prezidentning munosabati muammoni ko‘rsatadi, lekin yechim taklif qilmaydi. Yechim taklif qilish esa juda murakkab. Neytralligimizning buzilishi imkonsiz, mening nazarimda.

— 2016 yildan keyingi O‘zbekistonning geosiyosiy fikrlashi qanday? Bugun, geosiyosiy masalalarda, O‘zbekiston kimni eng ishonchli, eng yaqin do‘st deb biladi?

Farhod Tolipov:

— Angliyalik lord Pamerstonning «Angliyaning abadiy do‘sti ham, abadiy dushmani ham yo‘q. Uning abadiy manfaatlari bor» degan mashhur gapi bor. Shu gapni O‘zbekistonga nisbatan ham ishlatsa bo‘ladi. Fikrimcha, abadiy manfaat ham yo‘q. Manfaat tarixiy jarayonlar, muayyan voqelik taqozosi bilan ham o‘zgarib boraveradi. Do‘st yoki dushman deganda, ularga qanday ma’no yuklashimiz, mezonlar qo‘yishimiz ham muhim. Shu narsani aniqlashtirsa ham, masala bir qadar ravshanlashadi.

Umumiy global maydonda kimlar do‘stimiz, deydigan bo‘lsak. Mirziyoyev prezidentligining dastlabki yillarida tashqi siyosatda Markaziy Osiyo ustuvor bo‘ladi, degan edi. Doimiy manfaatlarimiz aynan shu mintaqa davlatlari bilan kesishadi. Boshqa mintaqadagi do‘stlar vaqtincha bo‘lishi mumkin. 1997 yilda Markaziy Osiyo davlatlari abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma ham imzolagan.

Farhod Tolipov

Kamoliddinov Rabbimov:

— Bu savolni jamoatchilikka bersangiz, ular ikki qutbga ajraladi, ya’ni bir tomon Rossiya deydi, ikkinchi tomon esa Rossiyani tahdid deb biladi. Ya’ni Rossiya eng yaqin hamkorimiz, lekin eng katta tahdid ham Rossiyadan, deyishadi. Rossiya bilan yaxshi iqtisodiy aloqalarimiz geosiyosiy do‘stlikni ifodalamaydi.

Agar mezon sifatida AQSh va Rossiyani qo‘yadigan bo‘lsak, bu yerda AQShning maqsadi Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi va o‘zaro integratsiyasi. Chunki AQSh Rossiya va XXRni o‘ziga raqib deb biladi va shuning uchun makrohudud bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarining ikki davlat tomonidan «yutilishi»ni istamaydi. Bu narsa AQShning strategik manfaatlariga to‘g‘ri keladi.

Iqtisodiy hamkorlik qanchalik kuchli bo‘lmasin, geosiyosiy mustaqilligimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki iqtisodiy hamkorlik mustaqillikni ham yo‘qotishi mumkin, tarixda ko‘plab misollar bor. Bizning mustaqillikka Kollektiv G‘arb yoki AQSh tomonidan hech qanday tahdid bo‘lgani yo‘q. Aksincha, so‘nggi 10 yillikda rasmiy Vashington Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligi ular uchun oliy qadriyat ekanini ta’kidlayapti. Chunki AQSh yaxshi biladiki, ba’zi davlatlar, xususan, Rossiya davlatlarning hududiy yaxlitligi orqali geosiyosiy bosim o‘tkazib keldi shu paytgacha va buni yashirmagan.

Vaziyat o‘ta ziddiyatli. Nazarimda, so‘nggi 6 yilda eng katta bosimlar Rossiya tomonidan bo‘ldi. Birinchi sababi O‘zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kiritish. Hozircha kuzatuvchi maqomidamiz, lekin bu tashkilotga qiziqishimizni bildirmaydi, balki Rossiyani tinchlantirish, vaqtni cho‘zish, menimcha. Agar O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lsa, keyingi qadam KXShTga a’zo qilish va shu orqali O‘zbekistonni har tomondan nazorat qilish bo‘ladi.

Farhod Tolipov:

— Rossiya demokratiyani chetga surgan holda munosabatlar qurishi manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Xususan, iqtisodiy loyihalar, boshqa turli taklif etilayotgan loyihalarni oshirib, mintaqadagi ta’sirini ham kuchaytirib olishi muhim Rossiya tomoni uchun. O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari demoktariyani asosiy yo‘l deb tanlaganmi, shu yo‘ldan boraverish kerak. Boshqa davlatlarning talablari ikkinchi darajali masala.

— Xitoy ham, Rossiya ham avtoritar davlatlar. Aniqrog‘i, ikkalasi ham inson huquqlari va demokratik masalalarda, “qulay” davlatlar: Markaziy Osiyo davlatlaridan demokratik o‘zgarishlar talab qilmaydi. Aksincha, siyosiy konservatizm va barqarorlik tarafdori. Xo‘sh, ushbu omil, geosiyosiy yaqinlikni anglatishi mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov

Kamoliddin Rabbimov:

— Qisman asos bo‘loladi. Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiyaga munosabati poydevorida Rossiyaning avtoritarligi, inson huquqlarini talab qilmasligi emas, imperialistik siyosati. Markaziy Osiyo davlatlari hokimiyatlari uchun eng katta qadriyat o‘zlarining hokimiyati. Ya’ni hech bir elita o‘z hokimiyatini qo‘ldan berishni istamaydi. Masalan, necha yillardan beri Rossiya va Belarus o‘rtasida integratsiya masalasi ko‘tariladi, lekin Lukashenko buni istamaydi, ya’ni real hokimiyatini berib qo‘ygisi yo‘q. Shu sabablardan ham vaziyat ziddiyatli. Xitoy va Rossiya inson huquqlari, demoktariya borasida real bosimlar ko‘rsatmaydi. Va keyingi paytlarda AQSh ham bosimlar qilmayapti, chunki kuchli bosim qilsa, Rossiya yoki Xitoyga og‘ish bo‘lishini biladi.

Shaxsiy fikrim shundayki, O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari qo‘rquv asosida shakllangan. Markaziy Osiyo davlatlari aslida Rossiyani ishonchli davlat deb bilmaydi. Chunki bugun rasmiy Kreml mutlaqo o‘zgacha xokimiyat, bir narsani gapiradi, boshqa narsani o‘ylaydi. Ularning bayonotlari real qiymatga ega emas. Hamma biladiki, Putinning eng katta loyihasi possovet hududi integratsiyasi va shu orqali Moskva nazoratini o‘rnatish. So‘nggi vaqtlarda urush fonida bu informatsion va siyosiy kompaniya borgan sari ochiqlashyapti. Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyani ishonchli hamkor deb biladimi yoki qo‘rqadimi, degan savolga 100 foiz ishonch bilan qo‘rqadi deb javob beraman. Qo‘rqish uchun asoslar bor, ishonish uchun esa yo‘q, mening nazarimda.

Farhod Tolipov:

— Men Rossiya va Markaziy Osiyo munosabatlarini ishonchga aylangan xavfsirash deb atagan bo‘lardim. Xavfsirash shunchalik ko‘payib, chuqur ildiz otganki, ishonchdek ko‘rina boshladi. Oldingi suhbatlarda zaif davlat kompleksi shakllanib qolgan, degan edim. Amaliy sinovdan o‘tmay turib, biz ojizmiz degan qarash bor. Shu narsadan kelib chiqqan holda siyosiy qarorlar bo‘ladi, munosabat quriladi. Shu kompleksdan qutulmasak, bu xavfsirash davom etaveradi va qo‘shtirnoq ichidagi ishonch mustahkamlanib boradi. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid
Top