08:21 / 17.03.2023
7445

AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi haqida ma’lum qildi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya agressiyasiga qarshi kurash doirasida Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi. U «yaqin kunlarda» e’lon qilinadi, dedi Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi. 

Foto: Reuters

U ushbu paketga aynan nimalar kiritilishiga aniqlik kiritmadi, biroq AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi imkoniyatlar va miqdorlar bo‘yicha «butun dunyoda tengsiz» ekanini ta’kidladi.

Avvalroq, 15 mart kuni video-konferensiya orqali Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhining «Ramshtayn» formatidagi 10-yig‘ilishda 40 dan ortiq davlat ishtirok etgandi. 

Uning yakunida AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Shvetsiya Kiyevga o‘nta Leopard 2 tanki hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari topshirishini ma’lum qildi. U qaysi komplekslar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi. Fevral oyida Stokholm Hawk va IRIS-T tizimlari Ukrainaga o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.

Ispaniya Ukrainani qurol-yarog‘, gumanitar yordam va ukrainalik harbiy xizmatchilarni o‘qitish orqali qo‘llab-quvvatlash majburiyatini yana bir bor tasdiqladi. Yaqin kelajakda Madrid Kiyevga Leopard 2A 4 rusumli oltita jangovar tankni, keyinroq esa yana to‘rttasini jo‘natadi, dedi mudofaa vaziri Margarita Robles. 

Kanada hukumati Kiyevga 8000 ta artilleriya o‘qlari, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yuboradi, deb xabar berdi Ottavadagi Mudofaa vazirligi. Bundan tashqari, Daniya, Germaniya va Niderlandiya tomonidan Ukrainaga topshirilgan Leopard 1 jangovar tanklari uchun 105 mm kalibrli 1800 dan ortiq o‘quv snaryadlari taqdim etiladi.

Daniya hukumati joriy yilda Ukrainaga harbiy va humanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etishini ma’lum qildi.Qirollik hukumati parlamentning keng qo‘llab-quvvatlashi bilan Ukraina uchun jamg‘arma yaratish qaroriga kelishib oldi. Uning umumiy summasi 7 milliard Daniya kronini (taxminan 940 million yevro) tashkil etadi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top