Jahon | 23:51 / 17.03.2023
47024
5 daqiqa o‘qiladi

Putin Xalqaro sud tomonidan hibsga olish uchun order berilgan yettinchi davlat rahbaridir 

Biroq, sud prezidentlarga nisbatan faqat bitta ayblov hukmini chiqargan. 

Foto: Reuters

17 mart kuni Niderlandiyaning Haaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order berilganini e’lon qildi. Ular Ukrainadan bolalarni majburan ko‘chirish bilan bog‘liq harbiy jinoyatlarda ayblanmoqda. 

Xalqaro jinoiy sud (XJS) kamdan-kam hollarda davlat rahbarlarini ayblaydi. Shuningdek, hali prezidentlarga nisbatan bitta ayblov hukmini chiqargan. Ulardan ikki nafari oqlangan, ikkisi hukmgacha yetib bormagan, biri esa ekstraditsiyani kutmoqda.

Rossiya prezidenti o‘z lavozimida bo‘lgan vaqtida sodir etilgan jinoyatlar uchun Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan ayblangan birinchi Yevropa yetakchisi va yettinchi oliy rahbar bo‘ldi. 

2008 yilda Sudan prezidenti Umar Al-Bashir XJS tomonidan hibsga olinishiga order berilgan birinchi amaldagi davlat rahbari bo‘ldi. Al-Bashir Darfurdagi mojaroga aloqador genotsidda ayblangan. Ammo ayblov uning keyingi 11 yil davomida hokimiyatda qolishiga to‘sqinlik qilolmadi. 2019 yilda Al-Bashir harbiy to‘ntarish oqibatida hokimiyatdan ag‘darildi va hibsga olindi. Biroq, mamlakatning yangi rahbariyati uni Haagaga ekstraditsiya qilishga shoshilmayapti. 

Keniyaning bo‘lajak prezidenti Uxuru Keniata XJS tomonidan Keniyada 2007-2008 yillardagi siyosiy inqiroz davrida insoniyatga qarshi jinoyat sodir etishda ayblandi. Biroq, 2014 yil dekabr oyida dalillar yo‘qligi sababli bu ayblovlar olib tashlandi. 

2011 yilda Liviya prezidenti Muammar Qazzofiyni hibsga olish haqida order chiqarildi. U ommaviy norozilik namoyishlarini bostirish operatsiyasi davomida insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblangan. Qazzofiy sud jarayonigacha yetib bormadi, u isyonchilar tomonidan o‘ldirildi. 

2011 yilda Kot-d’Ivuar prezidenti Loran Gbagbo hokimiyatni saqlab qolish maqsadida sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblandi. U saylovlarda yutqazdi, bunkerga yashirindi, ammo hujumdan keyin hibsga olindi va Haagaga ekstraditsiya qilindi. 2019 yilda oqlandi. 

Birinchi sudlangan davlat rahbari Liberiya prezidenti Charlz Teylor edi. U Siyerra-Leone uchun maxsus sud tomonidan sudlandi. U harbiy jinoyatlarga yordam berish va insoniyatga qarshi jinoyatlarda sheriklikda aybdor deb topildi. 2012 yil 30 mayda sud Charlz Teylorni barcha 11 ta band bo‘yicha aybdor deb topib, 50 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. 

Xalqaro adliya tizimida Xalqaro jinoyat sudidan tashqari maxsus harbiy tribunallar ham bor. Yaqin tarixda ulardan 8 tasi bo‘lgan, hozirda ikkita xalqaro tribunal mavjud: Ruanda va sobiq Yugoslaviya bo‘yicha. So‘nggi sud jarayonida Yugoslaviyaning sobiq prezidenti Slobodan Miloshevich ayblandi, u hukmgacha yetib borolmadi va Haaga qamoqxonasida vafot etdi. 

XJS Statutiga a’zo davlatlar hibsga olishga order berilgan har qanday shaxsni ushlash majburiyatiga ega. Biroq, bu avtomatik protsedura emas. Sudanning sobiq prezidenti Umar Al-Bashir o‘z lavozimida bo‘lganida Statutga a’zo bo‘lgan bir qancha Afrika davlatlariga tashrif buyurgan, biroq hibsga olinmagan. 

Rossiya XJS yurisdiksiyasini tan olmaganiga qaramay, Ukraina uni tan olishi kifoya. XJS nizomiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlarning fuqarolari qayerda jinoyat sodir etgan bo‘lsalar ham, shuningdek, XJS vakolatini tan olgan davlatlar hududida taxmin qilinayotgan jinoyatlarni sodir etgan har qanday davlat fuqarolari ham javobgar bo‘ladi. 

Qayd qilish joizki, AQSh Davlat departamenti huzurida harbiy jinoyatlarni sodir etganlarni ushlashda yordam berganlar uchun mukofotlash dasturi mavjud. AQSh Davlat departamenti harbiy jinoyatlari uchun qidiruvda bo‘lganlarni qo‘lga olishga yordam beradigan har qanday ma’lumot uchun 5 million dollargacha mukofot va’da qiladi. Dastur xalqaro tribunallar tomonidan sobiq Yugoslaviya va Ruanda genotsidida ayblanganlarni hibsga olishga yordam bergan. 

Mavzuga oid