12:10 / 20.03.2023
39776

Xavi «Kamp Nou»dagi ilk klasikosida g‘alaba qozondi. Chempionlik deyarli cho‘ntakda

Bu ish chiroyli va jamoaning o‘ziga xos uslubida amalga oshirildi. Endi «Real» 12 ochkoga ortda qolib ketdi.

Foto: La Liga

La Liga. 26-tur
Barselona — Real 2:1
19 mart, «Kamp Nou»
Gollar: Roberto (45), Kessie (90+2) — Arauxo (9, avtogol).
Barselona – ter Stegen, Arauxo, Kristensen, Kunde, Balde, Roberto (Kessie, 77), Buskets, de Yong, Gavi (Fati, 90+1), Rafinya (Ferran Torres, 83), Levandovski.
Real – Kurtua, Karvaxal, Ryudiger, Militao, Nacho (Mendi, 62), Modrich (Sebalyos, 76), Kroos (Rodrigo, 62), Valverde (Asensio, 76), Kamavinga (Tchuameni, 76), Vinisius, Benzema.
Ogohlantirishlar: Nacho (18), Rafinya (33), Roberto (65), Modrich (69), Balde (90), Sebalyos (90+7), Fati (90+7).

Xavi «Barselona»da ishlayotganiga bir yarim yil ham bo‘lmadi, ammo yakshanba kungi klasiko uning uchun yettinchisi edi. Shunga qaramay, qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, bu uning uchun ilk uy klasikosi bo‘ldi. «Real»ga o‘yinlarning uchtasi Madridda, ikkitasi — Saudiya Arabistonida va bir o‘yin AQShda o‘ynalgan. Bu o‘yinlarda umumiy ustunlik ko‘k-anorranglilar foydasiga — to‘rt g‘alaba va ikki mag‘lubiyat.

Ammo bu davrdagi dinamikani kuzatish qiziq. Barchasi 2022 yil yanvarida Ispaniya Superkubogidagi 2:3 hisobi hamda «Barselona» hali tirikligi va tez orada tiklana boshlashi haqidagi umumiy baho bilan boshlandi. Keyin mart oyida «Bernabeu»da 4:0 hisobida g‘alabaga erishildi va «ular qaytgani» haqida baralla aytila boshlandi. Oktyabr oyida Madridda kechgan o‘yindagi 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat kataloniyaliklar muxlislarining kayfiyatini biroz tushirdi: «Real» prinsipial raqibini maksimal darajada surbetlik bilan — Chempionlar ligasi g‘olibligini keltirgan o‘z uslubida mag‘lubiyatga uchradi. Bir necha oy o‘tib, 2023 yil yanvarida barchasi ostin-ustun bo‘ldi: endi «Barselona» raqibni parchalab tashladi — Superkubokda 3:1 hisobidagi g‘alaba. Va nihoyat Ispaniya kubogi yarimfinalining Madridda kechgan birinchi uchrashuvida ham mehmonlar ustun kelishdi — 1:0.

Oldingi besh o‘yin uchun barqaror tendensiyani qayd etish qiyin – bu o‘yinlarda notinchlik hukmron edi. Ammo mart oyi boshida «Bernabeu»da o‘tgan o‘yin bir jihati bilan diqqatni tortadi, o‘shanda «Barselona», oddiy qilib aytganda, darvozasi atrofida avtobus o‘rnatdi. Va bu amalda ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. Xavi Kataloniyaga murabbiy sifatida qaytganidan keyin klub an’analari, uning madaniyati va o‘ziga xosligi, futbolchilar buni doimo yodda tutishi va boshqa shu kabi jihatlar haqida ko‘p gapirdi. Oddiy va qisqacha qilib aytganda shunday: «Barselona» barselonacha futbol o‘ynashi kerak. Sovrinlar esa – shundan kelib chiqadi. Madridda kechgan so‘nggi o‘yin esa bu paradigmaga umuman mos tushmasdi, xuddi Xavining o‘yindan keyin aytgan so‘zlari kabi: ularda Luka Modrich va Toni Kroos bo‘lganida yana qanday o‘ynash kerak – ulardan to‘pni qanday qilib olib qo‘yish mumkin?

Bundan ham yomonrog‘i - Xavi jamoasida o‘ziga xos trendni kuzatish mumkin: agar la ligada JCh-2022 tanaffusidan keyin o‘tkazilgan o‘yinlarga qaralsa, «Barselona» 11 turda qatorasiga olti o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozonganini ko‘rish mumkin. Bu davrdagi o‘yinlardan faqat uchtasida kataloniyaliklar bittadan ortiq gol urishgan va faqat bir marta – ikkitadan ortiq (5 fevral kuni «Sevilya» 3:0 hisobida mag‘lub etilgan). Umumiy raqamlar shunday: +9=1-1, to‘plar nisbati – 14-2. Natija borasida barchasi a’lo ko‘rinishda, ammo barchasi hisobga olinsa, bu Diyego Simeonening eng yaxshi paytlardagi «Atletiko»siga juda o‘xshab ketadi. Ha, bu raqamlar bir jihatdan vaziyatlardan foydalana olmaslik natijasida yuzaga kelgan: «Barselona» xG bo‘yicha qariyb 54 golga o‘ynagan bo‘lsa-da (Understat ma’lumoti), amalda 45 gol urgan, ya’ni muqarrardek ko‘ringan 9 gol urilmagan. Ammo muntazam 1:0 hisobidagi g‘alabalar qariyb uch oy davomida qayd etilayotgan bo‘lsa, buni faqat vaziyatlardan foydalana olmaslik bilan izohlash to‘g‘ri emas.

Shu tufayli birinchi uy klasikosi Xavi uchun faqatgina turnir ahamiyatiga ega emasdi (g‘alaba qozonish va chempionlik masalasini amalda hal qilish) — shunchaki g‘alaba qozonish yetarli emas, buni jamoa o‘z uslubida amalga oshirishi talab etilardi. Shu kuni «Kamp Nou»ga kelgan va o‘yinni tribunada turib kuzatgan Pep Gvardiola ko‘z o‘ngida ham barselonacha o‘ynash kerak edi. Oy boshida «Bernabeu»da ko‘rsatilgan o‘yin bilan 1:0 hisobida g‘alaba qozonish mag‘lubiyatga teng ko‘rilardi. Axir «Barselona»da mafkurani klub muzeyidagi kuboklardan ko‘proq qadrlashadi.

Gvardiola Yohan Kroyfning rafiqasi bilan ko‘rishmoqda

O‘yin startidayoq to‘p Ronald Arauxoga tegib, darvoza to‘riga borib tushganida ruhiy imperativ hayotiy vazifaga aylandi — 9-daqiqadayoq hisob 0:1 ko‘rinishini olgach, Simeonega xos o‘yin ko‘rsatish ma’nosini yo‘qotdi. Bu epizodda o‘ziga xos taqdir hazili ham bor. Arauxo — «Barselona»ning bu mavsumdagi eng kuchli himoyachisi va Xavi uni Vinisiusni personal ta’qib qilish uchun tushirgandi (boshqa o‘yinlarda o‘ng qanot himoyasida Jyul Kunde ham o‘ynashi mumkin edi). Ammo aynan Vinisiusning harakatlaridan keyin «Real» hisobda oldinga chiqib oldi, braziliyalik futbolchi esa o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibining familiyasini protokolda avtogol muallifi sifatida qayd etilishiga erishdi.

Ammo o‘yinning ilk daqiqalaridan, hisob hali 0:0 ekanida, «Barselona» bu oqshom o‘yin aynan uning shartlari asosida kechishini namoyish etishga ulgurdi — xuddi eng yaxshi davrlardagidek. To‘p nazorati va hujum chizig‘i vakillarining o‘ta yuqori individual mahorati bilan qorishgan yuqori pressing — kataloniyaliklar o‘zlarining barcha asl fazilatlarini astoydil namoyish etishdi. Tibo Kurtua ilk daqiqalardan o‘yinga kirishishga majbur qilindi.

To‘xtovsiz ravishda bunday o‘ynab bo‘lmasligi ko‘rinib turardi. «Real» vaqti-vaqti bilan to‘pni o‘ziga olar, ba’zida «Barselona» himoyasini tahlikaga solar, ammo asosiysi, mezbonlar maydonda shunday deya olishdi: «Biz — «Barselona»miz va biz ustunlik qilishni xohlaymiz». Buni javob goli yaqqol ko‘rsatib berdi: urilgan gol hujumning uchinchi to‘lqinida ro‘y berdi, himoyachilar to‘pni qaytaraverishdi, hujumchilar to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib zarba beraverishdi va oxiri to‘p darvoza to‘riga borib tushdi.

«Barselona» tanaffusdan keyin, hisob teng holatida ham to‘la kuch bilan o‘z o‘yinini namoyish etishda davom etdi. Bu daqiqalardagi hujumlar chindan ham chiroyli ko‘rinish oldi, garchi Kurtua birinchi bo‘limdagi kabi yorqin seyvlar amalga oshirishiga to‘g‘ri kelmagan bo‘lsa ham — mezbonlarning zarbalari ko‘p hollarda xato ketdi.

Shu bilan birga, raqib o‘tgan yilgi Chempionlar ligasi g‘olibi ekani yodga solib turildi. Raqib o‘yinni va maydondagi vaziyatni nazorat qilyapman deb o‘ylashi mumkin, lekin amalda bu illyuziya bo‘lib chiqishi va boshqaruv pulti aslida «Real»da turgan bo‘lishi mumkin. O‘yinning yakuniy qismida «Real» yaxshiroq harakatlandi — bu ham jamoa tajribasi hisobiga, ham zaxira kuchlar evaziga bo‘ldi: Karlo Anchelotti 76-daqiqaga kelib besh futbolchini almashtirib ulgurdi. Marko Asensio darvozani ishg‘ol qilganida esa, maydonda bir yil oldin «PSJ» yoki «Manchester Siti»ga qarshi kechgan o‘yinlar remeyki qo‘yib berilayotgandek tuyuldi.

Lekin mikroskopik darajadagi ofsayd «Barselona» foydasiga ishladi, Frank Kessie esa qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alaba golini urdi — buni esa jamoaning an’analarga va yillar davomida shakllangan uslubiga sodiq bo‘lishga intilishlari uchun mukofot bo‘ldi deb baholash mumkin. Durang ham ko‘k-anorranglilarni chempionlik poygasida strategik jihatdan to‘la qanoatlantirgan bo‘lardi — «+9» ko‘rinishidagi qulay farq saqlanib qolardi. Ammo birinchi uy klasikosida Xavi o‘zining so‘nggi bir yarim yillikda aytgan barcha so‘zlari shunchaki quruq gap bo‘lmaganini ko‘rsatishga ochiqchasiga harakat qildi. Golli hujum ham jamoa stilida amalga oshirildi: Robert Levandovskining tovon bilan o‘tkazgan pasi va Alexandro Baldening aqlli uzatmasi.

«Barselona» — deyarli chempion, mavsum yakuniga 12 tur qolganida jamoa asosiy ta’qibchisi «Real»ni 12 ochkoga ortda qoldirmoqda va Madriddan farqli o‘laroq, yevrokuboklarga chalg‘ishiga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo bu klasiko qanday yutilgani ham muhim. Keyingisi esa (Ispaniya Kubogi yarimfinalining javob o‘yini) — 5 aprel kuni, yana «Kamp Nou»da bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top