Jahon | 10:13 / 20.03.2023
4701
4 daqiqa o‘qiladi

Vuchich: Serbiya va Kosovo kelishuvga erishdi

Serbiya prezidenti Vuchich Kosovo bosh vaziri Kurti bilan G‘arb taklif qilgan kelishuv rejasining bir qancha bandlari bo‘yicha kelishuvga erishganini aytdi. Buni Yevropa diplomatiyasi rahbari Borrel tasdiqladi.

Foto: Anadolu agency

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 18 mart kuni Kosovo bosh vaziri Albin Kurti bilan G‘arb taklif qilgan kelishuv rejasining bir qancha bandlari bo‘yicha kelishuvga erishganini aytdi. Shimoliy Makedoniyaning Ohrid shahrida Vuchich va Kurti o‘rtasidagi muzokaralar 12 soat davom etdi. Serbiya prezidenti ularni muhim deb atadi, biroq «hech narsaga imzo chekmaganini» va bu «iks kun» emasligini qo‘shimcha qildi, deb yozadi Serbiyaning «Vecherniye Novosti» nashri.

Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda erishilgan kelishuvlar tomonlar o‘rtasidagi keyingi muzokaralar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. U, shuningdek, YeI Serbiya rasmiylarining Kosovo bilan uzoq yillik mojaroni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qadrlashiga ishonch bildirdi va bu mamlakatga Yevropa integratsiyasida yordam beradi. «Agar biz Yevropa yo‘lidan borishni davom ettirmoqchi bo‘lsak, erishadigan taraqqiyotimiz yetarlicha qadrlanadi», deb ta’kidladi Serbiya prezidenti. U Kurti bilan 19 mart kuni erishilgan kelishuvlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etishga va’da berdi.

Ohriddagi muzokaralarda vositachilik qilgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel buni tasdiqladi: «Biz kelishuvga erishdik». Tomonlar o‘zaro munosabatlarni normallashtirish yo‘lidagi bitimning amalga oshirish ilovasini kelishib oldilar, deb yozdi u Twitter'da. Biroq, shu bilan birga, Borrel Serbiya va Kosovo o‘rtasida ko‘plab qarama-qarshiliklar saqlanib qolayotganini, keng qamrovli kelishuvga erishish esa keyingi ishlarni talab qilishini ta’kidladi.

Serbiya va undan 15 yil oldin ajralib chiqqan Kosovo (Belgrad buni tan olmagan) o‘rtasidagi mojaroni hal qilish rejasi 2022 yil noyabrida Fransiya va Germaniya tomonidan taklif qilingan va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. O‘n bir banddan iborat hujjatning mohiyati shunday: har ikki tomon o‘zlarining milliy hujjatlari va ramzlarini o‘zaro tan oladi. Serbiya Kosovoning xalqaro tashkilotlarga, jumladan, BMTga a’zoligini bloklashdan bosh tortadi. Kosovo, o‘z navbatida, Kosovodagi serb jamoalari uyushmasi faoliyatiga ruxsat beradi va serb pravoslav cherkovlari va monastirlarini alohida himoya qilishni kafolatlaydi.

2023 yil 27 fevralda Vuchich va Kurti Bryusselda uchrashib, Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlangan vositachilik hujjatini qabul qilishdi. Biroq, Bryusseldan qaytgach, Vuchich Serbiya Kosovoning BMTga a’zo bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligini e’lon qildi, Kurti esa parlamentda muxtoriyat va o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega serbiya jamoalari birlashmasi haqida gap bo‘lishi mumkin emasligi bo‘yicha qasam ichdi. 

Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi mojaro 2022 yil iyul oyida Prishtina Serbiyaga kelayotgan fuqarolar uchun vaqtinchalik hujjatlarni joriy etishga qaror qilgani va serb ozchilikdan o‘zlarining eski serb avtoraqamlarini mahalliy raqamlarga o‘zgartirishni so‘raganidan so‘ng avj oldi. Kosovo serblari norozilik belgisi sifatida barrikadalar o‘rnatdilar, shundan so‘ng Kosovo hukumati yangi qoidalarni joriy etishni keyinga qoldirdi. Biroq, to‘qnashuvlar dekabrgacha davom etdi.

Shu bilan birga, dekabr oyida Kosovo Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun rasman ariza topshirdi. Serbiya buni 2009 yilda amalga oshirgandi. OAV xabarlariga ko‘ra, G‘arb har ikki davlatga ularning Yevropa integratsiyasi istiqbollari to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroni hal etishdagi muvaffaqiyatga bog‘liqligini aniq bildirgan.

Mavzuga oid