10:10 / 23.03.2023
5113

Shvetsiya parlamenti NATOga a’zo bo‘lish uchun ovoz berdi

Riksdagdagi ovoz berishda Shvetsiyaning NATOga kirishiga faqat So‘l va «yashillar» partiyasi qarshi chiqdi.

Foto: AFP

Shvetsiya parlamenti mamlakatning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatladi. 22 mart, chorshanba kungi ovoz berishda bu qadam uchun 269 deputat ovoz berdi, 37 nafari qarshi chiqdi. Ovoz berishda 349 deputatdan 43 nafari ishtirok etmadi.

Shvetsiyaning Svenska Dagbladet gazetasiga ko‘ra, Riksdagdagi ovoz berishda NATOga qo‘shilishga faqat So‘l partiya va «Yashillar» partiyasi qarshi chiqqan.

«NATOga a’zolik Shvetsiya xavfsizligini ta’minlash va butun Yevroatlantika hududi xavfsizligiga birdamlik hissasini qo‘shishning eng yaxshi yo‘lidir», dedi Qirollik tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom ovoz berishdan oldingi olti soatlik parlament muhokamasi chog‘ida.

Shvetsiya va qo‘shni Finlandiya betaraflik siyosatidan voz kechib, 2022 yil may oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishi fonida Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu mamlakatlarga to‘liq a’zolik berish uchun ularning arizalari Turkiya va Vengriya tomonidan tasdiqlanishi kerak.

17 mart kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan qo‘shma matbuot anjumanida uning mamlakat parlamenti Finlandiya arizasini ratifikatsiya qilish jarayonini boshlashini aytdi. Shvetsiya bilan vaziyat boshqacha, deya qo‘shimcha qildi Turkiya rahbari.

Anqara, birinchi navbatda, Stokholmning unga Turkiya kurd faollari, shuningdek, 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda aloqadorlikda gumon qilinganlar deb hisoblaydigan «terrorchilarni» ekstraditsiya qilishni istamasligidan norozi.

Shu bilan birga, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Billstryom 2023 yil iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitidan oldin o‘z mamlakati Shimoliy Atlantika alyansiga qabul qilinishiga ishonch bildirdi.

Vengriya 27 mart kuni Finlandiya arizasiga ovoz berishi kerak. Shvetsiya bo‘yicha qaror mamlakat tomonidan keyinroq qabul qilinadi.

Top