Jahon | 08:20 / 29.08.2024
3052
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hujumlari fonida NATO Ukrainaga yordamni oshirmoqda

NATO bosh kotibi Ukraina ittifoqchilari Rossiyaning mamlakat hududiga yangi yirik hujumlari munosabati bilan harbiy yordamni kengaytirish niyati haqida e’lon qildi. U bu qadamni Ukraina mudofaasi uchun zaruriy shart deb atadi.

Foto: Vitalii Vodolazskyi/Shutterstock

Rossiyaning Ukraina hududiga qilgan ommaviy hujumlaridan so‘ng Shimoliy Atlantika alyansi Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyor. Bu haqda 28 avgust, chorshanba kuni NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishidan so‘ng uning bosh kotibi Yyens Stoltenberg ma’lum qildi.

«Bugun ittifoqchilar Ukrainaga harbiy yordamni oshirayotganini tasdiqladilar, - dedi u. - Ukrainani Rossiyadan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va o‘q-dorilar bilan ta’minlashda davom etishimiz kerak». Shu bilan birga, alyans rahbari Kiyevga harbiy yuklarni ko‘paytirish mamlakat mudofaasini ta’minlashning asosiy sharti ekanini ta’kidladi.

NATO a’zolari Rossiyaning tinch aholiga bergan zarbalarini qoraladi

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishida jang maydonidagi voqealar va Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari muhokama qilingan. Alyans a’zolari Rossiyaning Ukraina tinch aholisi va infratuzilmalariga qarshi havo hujumlari kuchayganini keskin qoraladi.

Elchilar darajasidagi kengash yig‘ilishi Kiyev iltimosiga ko‘ra chaqirilgan. NATO matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov unga video-aloqa orqali qo‘shilgan va ittifoqchilarni xavfsizlik holati hamda o‘z mamlakatining ustuvor ehtiyojlari haqida xabardor qilgan.

Tomonlar, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketalarni yetkazib berish masalasini muhokama qilishdi, dedi Umerov Facebook’da uchrashuv yakunlari bo‘yicha. Bundan tashqari, Kiyev hamkorlari bilan Ukrainaning g‘arbiy hududlari ustidan havo hujumidan mudofaa qalqoni yaratish bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda.

«Ittifoqchilarimizdan cheksiz qo‘llab-quvvatlagani va va’da qilingan yordami uchun minnatdorman», — deya qo‘shimcha qildi Ukraina mudofaa vaziri.

NATO-Ukraina kengashi 2023 yil iyul oyida NATO sammitida tuzilgan va maslahatlashuvlar, qarorlar qabul qilish va birgalikdagi harakatlar uchun platformani taqdim etadi. Uning yig‘ilishlarida odatda alyansga a’zo davlatlarning doimiy vakillari va Ukraina rasmiylari ishtirok etadi. 

NSATU missiyasi sentabr oyida boshlanadi 

NATOning iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan yubiley sammitida ko‘plab ittifoqchilar Ukrainaga qo‘shimcha havo mudofaa tizimlari, jumladan Patriot batareyalarini yuborishini e’lon qildi. Shuningdek, ular 2025 yilda Kiyevga kamida 40 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bundan tashqari, sentabr oyida Ukrainaga harbiy yordamni muvofiqlashtirish bo‘yicha yangi dastur - «NATOning Ukraina uchun xavfsizlik bo‘yicha ko‘mak va treningi» - Nato Security Assistance and Training for Ukraine (NSATU) boshlanadi. U Qo‘shma Shtatlar shafeligidagi «Ramshtayn» formatini almashtirmaydi, balki uni to‘ldiradi va qo‘llab-quvvatlaydi. 

Alyans Ukraina harbiy xizmatchilarining NATO o‘quv bazalarida o‘qitilishini nazorat qiladi, Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni rejalashtiradi va muvofiqlashtiradi, shuningdek, jihozlarni yetkazib berish va ta’mirlashni boshqaradi. Missiya shtab-kvartirasi Germaniyaning Visbaden shahrida joylashgan. 

Mavzuga oid