21:27 / 28.03.2023
5232

Meksikaning AQSh chegarasidagi migrantlar markazida yong‘in: 39 kishi halok bo‘ldi 

Norozilik aksiyasi sifatida boshlangan mojaro fojia bilan yakunlandi. 

Foto: Getty Images

Meksika shimolidagi Syudad-Xuares shahrida joylashgan migrantlar markazida dushanba kuni sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘ldi. 

Yong‘in dushanba kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 22:00 da Milliy Migratsiya institutida boshlangan. U yerda Markaziy va Janubiy Amerikadan kelgan 68 nafar erkak bo‘lgan. Ulardan 29 nafari yong‘inda jarohatlangan va hududdagi to‘rtta shifoxonaga yetkazilgan. 

Guvohlardan biri so‘zlariga ko‘ra, muassasadagi migrantlarning ko‘pchiligi Venesuela fuqarolari bo‘lgan. Shuningdek, binoda Gvatemala va Gondurasdan kelgan migrantlar bo‘lgani ham aytilmoqda. 

Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador bayonotiga ko‘ra, migrantlar deportatsiya qilinishini bilganidan keyin norozilik sifatida matraslarga o‘t qo‘ygan. Shundan so‘ng yong‘in avj olgan. 

«Ular bunchalik dahshatli fojiaga olib keladi deb o‘ylamagan edilar», dedi u. 

Yong‘inga nima sabab bo‘lgani haqida rasmiy bayonot berilmadi, biroq mahalliy gazetalar yong‘indan sal avval bino ichida mushtlashuv boshlanganini xabar qildi. 

Voqea joyiga qutqaruv xizmatlari va ko‘ngillilar yetib borgan. Meksika Bosh prokuraturasi yong‘in yuzasidan tergov boshlagan. 

So‘nggi haftalarda Syudad-Xuares shahri AQSh immigratsiya siyosatida yaqin orada o‘zgarishlar bo‘lishini kutayotgan migrantlarga to‘lib ketgan edi. 

Gap shundaki, kovid pandemiyasi boshlangan 2020 yilda sobiq prezident Donald Tramp «yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun» odamlarning Qo‘shma Shtatlarga kirishini taqiqlash imkonini beruvchi qonunni imzolagan edi. Ushbu qonun muddati yaqin orada nihoyasiga yetadi. 

Avvalroq, Bayden ma’muriyati Tramp davridagi ushbu siyosatdan foydalanishni to‘xtatmoqchi ekanini e’lon qildi, ammo hozircha bu qonun o‘z kuchida. Shunday bo‘lsa-da, bu haqda e’lon qilinganidan so‘ng, Syudad-Xuaresda cheklovlar bekor qilinishini kutayotgan migrantlar soni sezilarli darajada oshib ketgan edi. 

Top