Rossiyaning qator hududlarida 20 yil ichida birinchi marta qotilliklar soni ortdi
Rossiyada qotillik va qotillikka suiqasd holatlari oshgani qayd etilgan – ularning soni 2021 yildagi 7332 holatdan 2022 yilda 7628 tagacha, 4 foizga oshgan. Bu Ukrainadagi urush bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi - noma’lum, ekspertlar bu borada turlicha fikrda.
2022 yil Rossiyada jinoyatlarning umumiy darajasi pasaygan, ammo qotilliklar va qotillikka urinishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga oshgan. Bunday ma’lumotlar «Travmpunkt» advokatlik firmasining hududiy sud departamentlari, Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasining rasmiy ma’lumotlariga tayangan hisobotida keltirildi, deb yozadi «Kommersant» gazetasi 28 mart, seshanba kuni.
«Qurolli to‘qnashuvlarga aloqador mamlakatlarda zo‘ravonlikning kuchayishi namunalari» hisobotida aytilishicha, so‘nggi yigirma yil ichida Rossiyada qotilliklar va qotillikka urinishlar soni kamaymoqda. 2002 yilda 32 265 ta, 2021 yilda 7 332 ta jinoyat qayd etilgan. 2022 yilda qotillik va qotillikka urinishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 296 taga ko‘p bo‘lgan.
Harbiy mojarolar zonasi bilan chegaradosh hududlarda ushbu og‘ir jinoyatlarning o‘sishi qayd etildi. Belgorod viloyatida 102 ta qotillik va suiqasd (2021 yilda - 52 ta), Kursk viloyatida - 89 ta (bir yil avval 58 ta) sodir etilgan. Shu bilan birga, boshqa bir qator hududlarda ham jinoyatlar ortgan. Xususan, Tambov viloyatida yil davomida qotillik va suiqasdlar soni 26 tadan 44 taga, Kirov viloyatida 45 tadan 62 taga, Buryatiya Respublikasida 134 tadan 177 taga, Moskvada 269 tadan 413 taga ko‘paygan.
Bundan tashqari, 2022 yilda ayollar oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganliklarini aytib, psixologik yordam telefonlariga ko‘proq murojaat qilishgan, deya qayd etadi hisobot mualliflari. Ularning fikriga ko‘ra, bu spirtli ichimliklarni iste’mol qilishning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 2022 yilda, Rosalkogolregulirovaniye ma’lumotlariga ko‘ra, kuchli alkogolning chakana savdosi 6,8 foizga oshdi. Rossiyada qotilliklarning 70-80 foizi mast holda sodir etilgan, deydi advokatlar.
Ta’riflangan hodisalar Ukrainadagi urush fonida sodir bo‘lmoqda, deb hisoblaydi hisobot mualliflari. Kriminolog, huquqshunos va sobiq tergovchi Igor Markelovning ta’kidlashicha, bunday xulosa uchun ma’lumotlar yetarli emas. Uning tan olishicha, jinoyatchilikning ortishi migrantlar va qochqinlar hisobiga aholi sonining ko‘payishi natijasi bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
23:24
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53