Tanzila Norboyeva: “Inson qay holatda, sharoitda va maqomda bo‘lishidan qat’i nazar malakali yuridik yordam olish huquqiga ega”
Bugun, 6 aprel kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi majlisda senatorlar tomonidan 8 ta qonun muhokama qilinishi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili va Tashqi ishlar vazirligining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitilishi hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Dastlab senatorlar “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilishdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda ko‘rsatilib, ma’muriy va fuqarolik ishlarida nazarda tutilmagan hamda yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi joriy etilmagan. Qolaversa, ushbu sohani muvofiqlashtiruvchi yagona organning belgilanmaganligi esa kam ta’minlangan fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan to‘liq foydalana olmasligiga, korrupsiyaviy omillar paydo bo‘lishiga olib kelishi bilan bir qatorda, budjet mablag‘larining sarflanishi ustidan samarali nazorat o‘rnatilishiga ham to‘sqinlik qilayotgandi.
Muhokama qilinayotgan qonun bilan mazkur muammolar o‘z yechimini topishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlari belgilanyapti.
Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tanlash tartibi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestrini yuritishning ochiq va shaffof mexanizmlari joriy etilyapti.
Qonunning qabul qilinishi natijasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi yanada ortadi va malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan kafolatlari kuchaytiriladi, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning shaffof tartibi joriy etiladi hamda davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar sarflanishi ustidan samarali nazorat o‘rnatiladi.
“Ayni paytda yurtimizda 2 milliondan ziyod oila Ijtimoiy himoya yagona reyestrida ro‘yxatga olingan. Ular ham shu jamiyatning to‘laqonli a’zosi. Ular ham fuqarolik, ma’muriy, jinoyat ishlarida da’vogar, javobgar, jabrlanuvchi, sudlanuvchi va h.k. bo‘lishlari mumkin.
Har doim ham ularda malakali yuridik yordam olish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Lekin bu degani kam ta’minlangan yoki turmush vaziyati og‘ir bo‘lgan insonning huquq va manfaatlari himoyasi o‘z holiga tashlab qo‘yilishini anglatmaydi. Inson qaysi holatda, sharoitda va maqomda bo‘lishidan qat’i nazar malakali yuridik yordam olish huquqiga ega. Davlat buni kafolatlashi va zarur choralar ko‘rishi kerak. Inson qadri aynan shunda namoyon bo‘ladi.
Mazkur qonun bilan ana shu ezgu g‘oyani amalga oshirishning yana bir mustahkam huquqiy asosi yaratilmoqda. Odamlar bu qonunni kutyapti. Shunday ekan, xalqimiz, ayniqsa davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqi kafolatlanayotgan shaxslar mazkur qonundan, uning imkoniyatlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak.
Huquqni qo‘llash amaliyoti to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, jumladan raqamlashtirilgan tizimlar va budjet mablag‘larining sarflanishiga doir tartib-taomillar bekami-ko‘st ishlashi shart”, — deya ta’kidlab o‘tdi Senat raisi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
20:31 / 27.10.2024
Tanzila Norboyeva nabirasi bilan birga saylovda ovoz berdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:33 / 25.10.2024