Ma’naviyat va ma’rifat markazining yangilanayotgan Konstitutsiyaga bag‘ishlangan respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
10 aprel kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!” mavzusida Respublika konferensiyasi o‘tkazildi.
Tadbirda 130 nafardan ziyod taniqli olimlar, ziyolilar, professor-o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov tadbirni ochib berar ekan:
— Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi 25 yilda jahonning 100 dan ortiq davlatlarida konstitutsiyaviy islohotlar kuzatilgan. Birgina XXI asrda 57 ta davlat konstitutsiyasi qabul qilinibdi. Yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotgan har bir davlat o‘z rivoji, fuqarolari farovonligi yo‘lida yangi tahrirdagi qomusga ehtiyoj sezadi.
Mana shu maqsadda bugun Respublikamiz bo‘ylab “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!” shiori ostida “Ma’naviyat festivali” o‘tkazilmoqda. Poytaxtdan tashrif buyurgan ziyolilar yurtimizning barcha shahar-u qishloqlarida, mahallalarda, tashkilot-u korxonalarda, umumta’lim maktablariga tashrif buyurishyapti, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinyapti. Bugunga qadar poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh ziyolilar, taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at ahli Farg‘ona, Namangan, Andijon hamda Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlari bo‘ylab safarda bo‘lib aholi bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini xalqchil tilda batafsil sharhlab berishmoqda, — deya ta’kidladi.
Ma’lumki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Yig‘ilishda Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha alohida-alohida to‘xtalib o‘tildi, fikr almashildi.
Konferensiya kun tartibida:
“Konstitutsiyaviy islohot—bugunning talabi, ertaning kafolati”;
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi ustuvor yo‘nalishlar”;
“Yangilanayotgan konstitutsiya taraqqiyotimizga yangi kuch va shiddat bag‘ishlaydi”; “Milliy o‘zlikni anglashda Qomusimiz tarixi va yangilanayotgan Konstitutsiyamizda inson huquqlarining o‘rni”;
“Ta’lim olish huquqi va imkoniyati yanada kengaytirilib, o‘qituvchilarning konstitutsiyaviy maqomi mustahkamlanmoqda”;
“Yangilanayotgan Konstitutsiya va uning targ‘iboti: zamonaviy yondashuvlar zarurati” kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.
"Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati Axborot xizmati