O‘zbekiston | 11:06 / 28.04.2023
4960
4 daqiqa o‘qiladi

Respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarini dorilar bilan ta’minlash tartibi e’lon qilindi 

Sog‘liqni saqlash vazirining “Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Tartib Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar, jumladan respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, respublika tasarrufidagi muassasalar hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarining klinikalari (muassasalar) faoliyatiga tatbiq etiladi.

Muassasada dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashda xarajatlar smetasi bo‘yicha ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi doirasida xarid qilinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar bepul, qolgan hollarda pulli asosda muassasaga kirim qilingan narxlarda amalga oshiriladi.

Muassasa dorixonasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009 yil 2 iyundagi “Dori-darmonlarni saqlashda mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i bilan tasdiqlangan sanitariya qoidalari va me’yorlari talablari asosida, shuningdek sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyruqlariga muvofiq faoliyat yuritadi.

Dorixona ishini boshqarish oliy farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan malakali mutaxassis tomonidan amalga oshiriladi.

Muassasalarda dori vositalariga ehtiyojni aniqlash Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 sentabrdagi 741-son qaroriga ko‘ra Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan amaldagi “Asosiy dori vositalar ro‘yxati” asosida amalga oshiriladi. Muassasada tibbiy buyumlarga ehtiyojni aniqlash sog‘liqni saqlash vazirining 2016 yil 29 iyundagi 60-son buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyoj har bir vositaga alohida hisoblanadi.

Muassasaning giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarga bo‘lgan ehtiyoji Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 29 oktyabrdagi 472-con qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq aniqlanadi.

Muassasalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash quyidagi bosqichlardan iborat:

a) birinchi bosqichda muassasaning har bir bo‘limi o‘z faoliyat turidan kelib chiqqan holda o‘tgan davr uchun sarflangan dori vositalari, tibbiy buyumlar hamda muassasa formulyari hamda tibbiy buyumlar ro‘yxatiga muvofiq belgilangan davrda bemorlarni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan istiqbolli ehtiyojni ishlab chiqadi;

b) ikkinchi bosqichda muassasaning doimiy faoliyatdagi hay’ati bo‘limlardan olingan ehtiyojni umumlashtiradi va rejalashtirilayotgan davr uchun muassasaning istiqbolli yig‘ma ehtiyojini shakllantiradi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarga ehtiyojni aniqlash har bir muassasaning Doimiy faoliyatdagi hay’ati tomonidan o‘rin fondi, ularda davolangan bemorlar, o‘rtacha davolanish kunlari, davolash standartlari, klinik qo‘llanmalar, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam hajmidan kelib chiqib amalga oshirilgan retrospektiv tahlillar va statistik hisobotlar asosida har yil uchun alohida shakllantiriladi va rahbar imzosi bilan tasdiqlanadi.

Muassasaning dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun tasdiqlangan yig‘ma ehtiyoji respublika miqyosida umumlashtirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalarning yig‘ma ehtiyoji asosida kelgusi yil uchun dori vositalari va tibbiy buyumlarini markazlashgan holda xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantiradi. Bunda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun muassasalarning profil formulyarlariga kirmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar ehtiyoji ham inobatga olinadi.

Bemorlarni davolash uchun talab etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar to‘liq muassasa tomonidan xarid qilinadi.

Muassasada davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan zaruriy dori vositalar va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlash va ularning birlamchi zaxirasini yaratish bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

Mavzuga oid