Tuganmas urush: Ukrainaga bosqin natijasidan qat’i nazar, Kreml strateglari boshqa davlatlarga hujum qilishga tayyor
Putinga bo‘lajak saylovlar yilida Rossiya hududining kengayishiga olib keladigan «g‘alabali kichik urush» juda zarur edi. Chunki Rossiyada g‘alaba deganda faqat harbiy muvaffaqiyat va hududining kengayishi tushuniladi.
«Agar Rossiya bu urushda g‘alaba qozonsa, u boshqa mamlakatga ham hujum qiladi», – degan edi Polsha prezidenti Anjyey Duda.
Shunga yaqin ma’nodagi fikr qarama-qarshi tomondan ham yangradi. RF Davlat dumasi deputati, «Yedinaya Rossiya» partiyasining markaziy siyosiy kengashi a’zosi va «Milliy ozodlik harakati» (NOD) muvofiqlashtiruvchisi Yevgeniy Fyodorov bir necha kun avval shunday dedi:
«Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan Armaniston SSSRni tark etmagan, demak, sovet davlatining huquqiy vorisi sifatida Rossiya tarkibini ham. Moskva va Yereven mana shu status va vajga ko‘ra keyingi munosabatlarini qurishi kerak».
Gap nima haqida borayotgani borasida hech kimda shubha qolmasligi uchun «Yedinaya Rossiya» markaziy kengashi a’zosi qo‘shimcha qilgan:
«Armaniston mustaqil bo‘lishi kerak, lekin xalqaro huquq nuqtayi nazaridan bu bahsli hudud ekani haqidagi omil ham hisobga olinishi kerak».
Ukraina va Gurjiston misolida Moskva o‘zi «bahsli hudud» deb atovchini mamlakatlarning boshiga ne kunlarni solishi yaxshi ma’lum. Binobarin, Kreml o‘zining keyingi mo‘ljali sifatida Armanistonni qarab ko‘rayotganini taxmin qilish qiyin emas, deb yozadi jurnalist Aleksandr Jyelenin. Quyida uning mulohazalari keltirib o‘tiladi.
Albatta, Fyodorovning so‘zlariga qo‘l siltab qo‘yib, e’tibor ham qilmaslik mumkin, biroq naqadar noadekvat ko‘rinmasin, baribir u mutlaqo tizimning odami. Yuqorida zikr etilganidek, hukmron «Yedinaya Rossiya» partiyasi rahbariyati tarkibiga kiradi. Eski apparatchi sifatida (yigirma yil Davlat dumasida ishlagan, axir!) Fyodorov hech qachon Rossiya Federatsiyasining almashtirib bo‘lmas hukmdori Vladimir Putinning fikriga ters g‘oya ayta olmaydi. Toki u bunday fikrlarini ommaga chiqaryapti ekanmi, demak, u dohiyning ma’qullovidan o‘tgan yoki unga yoqadigan fikr bo‘ladi.
Anjyey Dudaning aytgan fikrning barchasiga ham qo‘shilib bo‘lmaydi. Putin boshqa mamlakatlarga hujum qilishi uchun Ukrainada g‘alaba qozonishi shart emas, yutqazsa ham urush qilishda davom etaveradi.
To‘g‘rirog‘i, mana bunday: Putin Ukrainani har qanday sharoitda yenga olmasligi aniq-ravshan ko‘rinib qoldi. Chunki bunga Ukrainaning o‘zi ham, G‘arb ham qo‘yib bermaydi. Ichki auditoriyasi uchun Putin u yoki bu natijani g‘alaba sifatida taqdim etishni istayotgani boshqa gap. Uning sodiq Prigojini Putin elektoratining oxuriga tashlanishi mumkin bo‘lgan ssenariylardan birini yaqinda og‘zidan gullab qo‘ydi:
«Ideal variant – «maxsus harbiy amaliyot» tugaganini e’lon qilish va Rossiya o‘z oldiga qo‘ygan natijalarga erishdi, deya xabar qilish. Qandaydir ma’noda, biz chindan ham maqsadlarimizga erishdik. Biz Ukrainaning ko‘plab askarlarini go‘shtqiymalagichdan o‘tkazdik, endi o‘z oldimizda «maxsus harbiy amaliyot» vazifalari uddalandi, deb hisob beraverishimiz mumkin».
Lekin gap shundaki, bu natija Rossiyada hammani ham qoniqtirmaydi. «Vagner» XHK rahbari og‘zidan yangragan g‘oya bo‘yicha uning raqibi Igor Strelkov-Girkin g‘azab bilan fikr bildirdi:
«Men to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, Qora Masxaraboz Rossiyadan Donetsk Xalq Respublikasining yarmini, Xersonga doir «oddiy bo‘lmagan qaror» asnosida uning poytaxti va Zaporojye oblastining uchdan birini ajratib olishga chorlayaptimi? Qiziq, kimdir uning ustidan prokuraturaga yozib berarmikan?»
Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerakki, Strelkov-Girkin bu gaplari bilan nafaqat o‘z fikrini, balki «urush partiyasi» tarafdorlarning katta qatlami nuqtayi nazarini ham bayon qilmoqda. Hozircha ular, jumladan, sobiq «DXR mudofaa vaziri» ham garchi ko‘p ham yoqtirishmasa ham, Putinga sodiqligini tasdiqlab turishibdi. Ammo ular toki Kiyev doxil Ukrainaning yarim hududi okkupatsiya qilinishini nazarda tutuvchi kelishuv bitimi imzolanmas ekan, boshqa har qanday kelishuvni xoinlik natijasidagi mag‘lubiyat o‘laroq baholayverishadi. Binobarin, Girkinning «urush partiyasi» (bu yerda nafaqat uning obunachilari, u kabi fikr yuritadiganlar ham hisobga olinmoqda) tomonidan ushbu voqealarga bildiriladigan reaksiya Putin va uning atrofidagilarga yoqmasligi tabiiy. Aniqroq aytganda, har qanaqasiga yoqmaydi, jumladan, ularning noroziligi qurolli qo‘zg‘olon ko‘rinishida ham bo‘y ko‘rsatishi mumkin.
Shunga qaramasdan, Putin bugun nima qilib bo‘lsa ham urushni yakunlab, Ukraina bilan kelishuvni imzolashi kerak. Axir bir yildan kamroq muddat ichida u «prezidentlik saylovlari»ni o‘tkazishi kerak. Bu tadbirda u hukmronligini yana 6 yilga «legitimlashtirib» olishni rejalashtirmoqda. Urushning har bir haftasi uning reytingi pasayishiga, unga nisbatan ishonchsizlik oshishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, bu holga harbiy xarajatlar keskin o‘sgani, Yevropa bozori qo‘ldan boy berilgani uchun neft-gaz daromadlarining pasayib ketgani oqibatida Rossiya budjetining shiddat bilan qisqarishi tufayli iqtisodiy vaziyat yomonlashgani sabab bo‘lmoqda.
Binobarin, har bir hafta Rossiya hukmdorini shaxmatda tsugsvang deb ataluvchi – har qanday keyingi yurish o‘yinchining holatini yomonlashtiruvchi vaziyatga yetaklamoqda.
Urush tufayli saylovlarning ko‘chirilishi tufayli ham, Ikkinchi jahon urushi davridan buyon Rossiya uchun eng qonli urush pallasida saylov o‘tkazilishi ham jamoat noroziligi, portlashiga olib kelishi mumkin.
Ana shuning uchun Zelenskiyni shu paytgacha Rossiya egallashga ulgurgan yerlarni tan olishini shart qilib, u bilan tinchlik kelishuviga erishish to‘g‘risidagi axboriy «tashlanma» nafaqat Prigojin, RF tashqi ishlar vaziri, Putinning eng asosiy «sarlochin»laridan biri Sergey Lavrovning og‘zidan ham yangradi. «Rossiya Ukrainadagi mojaro imkon qadar tezroq yakunlanishidan manfaatdor», – dedi Rossiya TIV rahbari 17 aprel kuni braziliyalik hamkasbi Mauro Viyeyra bilan uchrashuv chog‘ida.
Shubhasiz, ertami-kechmi bunday kelishuv albatta imzolanadi, lekin Rossiyaning shartlarida emas. Ukraina maksimum darajada yerlarini qaytarib oladi.
Shundan so‘ng mamlakat ichida omonatgina bo‘lib qolgan pozitsiyalarini mustahkamlash uchun Putinga yana bitta, RF hududining qandaydir darajada o‘sishi bilan yakunlanadigan «kichik g‘olibona urush» kerak bo‘ladi. Chunki Putin Rossiyasida g‘alaba faqat mana shu bilan o‘lchanadi.
Dushman uchun nomzod sifatida kichikroq va kuchsizroq davlat bo‘lishi mumkin. Kreml strateglari nuqtayi nazarida bu rol uchun ideal nomzod – Ozarboyjon bilan urushda holdan toygan Armanistondir. U, masalan, yaqinda KXShT harbiy mashqlarini o‘tkazishdan bosh tortdi, biroq NATOning Germaniyada o‘tadigan Sabre Junction mashqlarida ishtirok etishga tayyorlanmoqda.
Bu rolga Gurjiston ham to‘g‘ri keladi. Mamlakat hukumati garchi Putin Rossiyasiga qarshi o‘zini juda mo‘min-qobil tutishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, agar Kremlning tanlovi ularga tushsa, bu hol aslo ularni qutqarib qololmaydi.
Yana variantlar bor: Belarus, Qozog‘iston. Xullas, tuganmas urush...
O‘z vaqtida nemis fyureri haqida kimdir to‘g‘ri aytgan: «Hitler – bu urush» deb. Bugungi kunda bu formulani Putinga nisbatan qo‘llasa ham bo‘ladi. Toki u hokimiyatda ekan, Rossiya o‘zining tuganmas urushlarini davom ettiraveradi.
Mavzuga oid
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
21:13 / 12.11.2024