Qator mamlakatlar AQSh va Rossiya o‘rtasidagi qarama-qarshilik qanday yakunlanishini kutmoqchi – OAV
Hindiston, Pokiston va Misr kabi rivojlanayotgan davlatlar Rossiya, AQSh va Xitoy o‘rtasida kuchayib borayotgan qarama-qarshilikdan o‘zini olib qochishga urinmoqda.
Hindiston, Pokiston va Misr kabi rivojlanayotgan davlatlar Rossiya, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi kuchayib borayotgan qarama-qarshilikda tarafkash bo‘lishga intilmayapti va ba’zi hollarda undan o‘zi uchun manfaat topishga harakat qilmoqda. Bu haqda The Washington Post Amerika razvedkasi maxfiy hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Shu sababli Bayden ma’muriyati xalqaro siyosatdagi sa’y-harakatlari uchun tarafdor topishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Jumladan, gap avtoritarizm tarqalishining oldini olish, Rossiya tajovuzini tiyib turish va Xitoyning kuchayib borayotgan ta’sirining oldini olish haqida ketyapti.
Masalan, Pokiston o‘z iqtisodiyoti va xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma Shtatlardan milliardlab dollar olgan. Biroq, hozir mamlakat Xitoy sarmoyasiga juda bog‘liq. Pokiston tashqi ishlar vaziri Hina Rabboniy Khar mart oyida Pokiston endi AQSh va Xitoy o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilmayotganini aytdi.
«Islomobod AQSh bilan munosabatlarni saqlab qolish uchun G‘arbga yon bosishdan qochishi kerak. Aks holda Xitoy bilan «haqiqiy strategik» hamkorlikning afzalliklaridan mahrum bo‘lishi mumkin», degan Khar «Pokistonning qiyin tanlovlari» nomli ichki hujjatda.
Yana bir hujjatda aytilishicha, Pokiston Rossiyani Ukrainadagi urushni boshlaganlikda qoralovchi BMT rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashi uchun G‘arb bosimi kuchayishini kutmoqda. Biroq bu Rossiya bilan savdo va energetika kelishuvlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. 23 fevral kuni Bosh Assambleyada rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish chog‘ida Pokiston betaraf qolgan 32 davlat orasida edi.
Hindiston ham Vashington yoki Moskva tarafini olishdan tiyilyapti. Axborot manbalarining ta’kidlashicha, Dehli Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bosh vazir Narendra Modi bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga shaxsan aytgan. Ammo Dehli Moskva bilan energetika va iqtisodiyot sohasida mustahkam aloqalarga ega. Shuningdek, Hindiston BMTda Rossiya yordamiga tayanadi.
Vashingtondan yiliga 1 milliard dollardan ortiq yordam oladigan va ayni paytda Moskva bilan yaqin aloqada bo‘lgan Misr keskinlik kuchayib borayotganini o‘tkir qabul qilyapti. Aprel oyi boshida Misr Rossiyaga raketa yetkazib berishni rejalashtirayotgani, biroq AQSh bosimi ostida bundan voz kechib, Ukraina uchun o‘q-dorilar ishlab chiqarishga rozi bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Moskva go‘yoki Qohira unga raketa yetkazish niyatida ekani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Bayden ma’muriyati eng yaqin ittifoqchilari qatoriga kirmaydigan davlatlarga bir tomondan AQSh, ikkinchi tomondan Rossiya va Xitoy o‘rtasida tanlov qilishni talab etmasligini bildirishga uringan. Ammo bunday davlatlar, jumladan, Janubiy Afrika va Kolumbiya o‘zini aniq tanlov oldiga qo‘yilayotganini his etmoqda va bu tanlovdan tiyilmoqda.
Mavzuga oid
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024
Rossiya Kursk oblastiga hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘pladi - NYT
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
13:30 / 10.11.2024