Jahon | 14:31 / 01.05.2023
13366
3 daqiqa o‘qiladi

Harbiy rahbariyatdagi doimiy o‘zgarishlar Rossiya armiyasining jangovarlik qobiliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazgan - ISW

Foto: Getty Images

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW — Institute for the Study of War) Ukrainaga bosqin uyushtirishda qatnashayotgan Rossiya qo‘shinlari qo‘mondonligidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan hisobot e’lon qildi.

ISW ekspertlari, xususan, Rossiya qo‘shinlarining keng miqyosdagi bostirib kirishi biror qo‘mondonsiz amalga oshirilganiga e’tibor qaratgan. ISW’dagilar taxmin qilishlaricha, RF prezidenti Vladimir Putin Rossiya qo‘shinlarining muqarrar muvaffaqiyatidan umidvor bo‘lib, g‘alabani hech kim bilan bo‘lishishni istamagan.

Urush boshlanganidan ancha vaqt o‘tibgina bosqinda ishtirok etayotgan barcha qo‘shinlarga qo‘mondonlik qiluvchi harbiy rahbar tayinlangan. Biroq bu lavozimni egallagan general Aleksandr Dvornikov bir oycha ishlagan. ISW ekspertlari u 2022 yil 9 may bayramigacha aytarli natijalarga erisha olmagani uchun bo‘shatilganini taxmin qilishmoqda.

Dvornikovning tayinlanishi va ishdan olinishi (undan keyin Gennadiy Jidko va Sergey Surovikin kelib ketdi, hozirda Ukrainadagi qo‘shinlarga RF QK bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovning o‘zi rahbarlik qilmoqda) Rossiya qo‘shinlari qo‘mondonligidagi doimiy o‘zgarishlar epizodlaridan biri, deyiladi ISW hisobotida. Urushni o‘rganish instituti ekspertlari qo‘mondonlik almashtirib turilishiga RF Mudofaa vazirligi ichidagi guruhlarning o‘zaro kurashi ham, Putinga xos bo‘lgan, biror bir shaxs haddan ziyod siyosiy ta’sirga ega bo‘lib qolmasligi va raqobatga kirishgan guruhlar ichida o‘z obro‘yini saqlab qolishga yo‘naltirilgan, kadrlarning doimiy rotatsiyasi bilan bog‘liq rahbarlik uslubi ham ta’sir ko‘rsatgan.

Ekspertlarga ko‘ra, bunday rahbarlik stili Kremlning institutitsional hokimiyatini saqlab qolishga yo‘naltirilgan avtoritar tizimda samarali ish berishi mumkin, biroq harbiy qo‘mondonlikning samarali va barqaror tuzilmasini yaratishda zarar keltiradi.

Hisobotda qayd etilishicha, kadrlar bilan bog‘liq o‘zgarishlar Rossiya armiyasini yanada parchalab yuboradi, qo‘mondonlik tuzilmalarining tashkiliy ishini vayron qiladi. Bu esa armiyaning Ukrainada tashkillashtirilgan harbiy kampaniya olib borish qobiliyatiga putur yetkazadi.

Mavzuga oid