«Xitoy — Markaziy Osiyo» sammiti. Foto: Cang Hai / Reuters

Rossiya esa yangi reallikni tan olishga majbur, deydi siyosatshunos Andrey Kazansev Forbes Russia nashrida yozgan maqolasida.

Xitoy yetakchisi Si Jinpingning Markaziy Osiyo davlatlarining besh prezidenti bilan uchrashuvi natijasi 19 may kuni imzolangan va unda «Xitoy — Markaziy Osiyo» hamkorligining yangi formati ta’sis etilgani e’lon qilingan Sian deklaratsiyasi bo‘ldi. Sammitda konkret iqtisodiy masalalar, masalan Pekin tomonidan mintaqani rivojlantirish uchun 3,8 mlrd dollar ajratilishi muhokama qilindi. Biroq, Siandagi uchrashuvlar natijasi birinchi navbatda uzoq muddatli siyosiy oqibatlar nuqtayi nazaridan muhim. 

Chorrahada joylashgan davlatlar

Eslatib o‘tish joizki, G‘arb — AQSh va Yevroittifoq, shuningdek Osiyo davlatlari — Turkiya, Yaponiya va Janubiy Koreya Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro hamkorlikning shunga o‘xshash formatiga ega. Yaqindan boshlab, Rossiya ham shu yo‘ldan yura boshladi. Turkiya, masalan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qiladi. Mana shu format targ‘ibot va madaniy jihatdan eng kuchlisi bo‘lsa kerak.  

Yevropa Ittifoqida Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha maxsus vakil hamda yetarli tarzda ishlab chiqilgan mintaqaviy strategiya bor. Amerikaning formati institutsional jihatdan barqaror emas. Masalan davlat kotibi unda goh ishtirok etadi, gohida yo‘q. Boz ustiga, AQShning mintaqadagi manfaatlarini anglashi Vashingtondagi ma’muriyat almashinishiga qarab muntazam o‘zgarib turadi. Hozir g‘arbliklarning har ikki formati Afg‘onistondagi urushning muvaffaqiyatsiz tugashi, mintaqaga g‘arbda qiziqishning pasaygani, Ukraina inqirozi kontekstida Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni qanday qurish kerakligini tushunmaslik oqibatida ochiq-ravshan tanazzul yoqasiga kelib qolgan.