O‘zbekiston | 09:57 / 27.05.2023
8979
3 daqiqa o‘qiladi

Mavlono kulliyoti va Buxoro amirligi qushbegi ma’muriyati arxivi YuNeSKO reyestridan joy oldi

Parijda joylashgan YuNeSKO bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan Ijroiya kengashining 216-yig‘ilishi doirasidagi yakuniy yalpi majlisda alohida rezolyutsiya bilan 64 ta hujjatlar to‘plami, shu jumladan, O‘zbekiston boshchiligida ilgari surilgan ikki hujjat YuNeSKO "Jahon xotirasi" reyestriga kiritildi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Foto: Reuters

Reyestrga kiritilgan hujjatlar quyidagilar:

- Buxoro amirligining qushbegi ma’muriyati arxivlari to‘plami (O‘zbekiston tomonidan taqdim qilingan). Ushbu to‘plam Markaziy Osiyo hukmdorlarining Buxorodagi eng yirik arxivlari yig‘indisidir. Unda hozirgi O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, qisman Afg‘oniston hududida 200 yildan ortiq vaqt davomida sodir bo‘lgan tarixiy voqealar aks etgan hujjatlar o‘rin olgan. Arxivda Buxoro amirligining Rossiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Yaponiya, AQSh, hamda Xiva va Qo‘qon xonliklari bilan diplomatiya aloqalari haqida ham muhim ma’lumotlar bor. Hozirgi paytda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan to‘plam arab, fors, o‘zbek chig‘atoyi, rus va boshqa tillarda yozilgan 9,5 mingga yaqin jilddan (200 mingga yaqin alohida hujjat) iborat;

- Mavlono kulliyoti  – 13-asrda yashagan buyuk so‘fiylardan biri hisoblangan shoir, faylasuf, olim va ilohiyotchi Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining to‘liq to‘plami. O‘zbekiston va Bolgariya, Germaniya, Eron, Tojikiston va Turkiya tomonidan taqdim etilgan. Kulliyot faylasufning to‘liq asarlarini o‘z ichiga oladi. Mavlononing barcha asarlari fors tilida yozilgan, biroq ularning ba’zilarida arab, turk va yunon iboralari ham mavjud. Ular dunyo bo‘ylab minglab qo‘lyozma nusxalari bilan ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Bu asarlar Sharq mamlakatlari xalqlari tarixi va madaniyatini o‘rganish nuqtayi nazaridan juda katta ilmiy ahamiyatga ega.

1992 yilda YuNeSKO tomonidan tashkil etilgan “Jahon xotirasi” reyestri hujjatli meros - qog‘oz, audiovizual, raqamli yoki boshqa har qanday formatdagi muhim va doimiy qiymatga ega bo‘lgan hujjatlar yoki hujjatlar to‘plamining qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotilishining oldini olish, avaylab asrash va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan dastur hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur reyestrga kiritilgan to‘plamlarning umumiy soni 494 tani tashkil etadi.

Mavzuga oid