Jahon | 11:05 / 31.05.2023
5703
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya atom elektr stansiyalarining ishlash muddatini uzaytirdi

Yaponiya parlamenti yadro reaktorlarining maksimal ishlash muddatini cheklamaydigan qonun loyihasini ma’qulladi. Ilgari bu 60 yilni tashkil qilardi.

Foto: Kyodo

Yaponiya mavjud atom elektr stansiyalarining ishlash muddatini uzaytirdi. 31 may, chorshanba kuni Tokiodagi parlament atom elektr stansiyalarining ishlash muddatini avvalgidek 60 yil bilan cheklamaydigan, lekin yadroviy reaktorlarning potensial cheksiz ishlash muddatini ta’minlovchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Bu bilan Yaponiya neft va gaz importiga qaramligini kamaytirish va shu bilan birga 2050 yilgacha CO₂ chiqindilarini nolga tushirish orqali iqlimni muhofaza qilish maqsadlariga erishishni maqsad qilgan. Tokio rasmiylari, Berlindan farqli ravishda, zilzilalar tahdidi va 2011 yilgi Fukusimadagi yadroviy halokatga qaramay, atom energiyasini muhim deb biladi. Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish ham kengaymoqda.

Dengiz bo‘yida joylashgan Fukusima atom elektr stansiyasi 2011 yil mart oyida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida 15 metrlik sunami kelishi tufayli jiddiy shikastlangan edi. Stansiyaning sovitish tizimi ishlamay qoldi, oltita reaktordan uchtasida yonilg‘i tayoqchalari erib ketdi. Yadro halokati yaqin atrofdagi aholi punktlarini «arvoh» shaharlarga aylantirdi. Bu 1986 yilda Chernobil AESdagi avariyadan keyingi eng yirik yadroviy halokat bo‘ldi.

Avariyadan so‘ng Yaponiya barcha atom elektr stansiyalari faoliyatini to‘xtatdi va xavfsizlik standartlarini sezilarli darajada kuchaytirdi. 33 ta yadro reaktoridan hozirda faqat 10 tasi elektr tarmog‘iga qayta ulangan. Yaponiya hukumati rejalariga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakatda elektr energiyasining 20-22 foizi atom elektr stansiyalarida, 36-38 foizi qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqariladi. Ushbu maqsadga erishish uchun 30 ga yaqin yadroviy reaktorni qayta ulash kerak. 

Mavzuga oid