AQSh konsulligi grin-karta yutgan o‘zbekistonliklarning shikoyatlariga munosabat bildirdi
AQShning Toshkentdagi konsullik bo‘limi ish yuklamasi va xodimlar sonidan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqilayotgan DV keyslarning soni oydan oyga farq qilishi, yoz oylarida o‘zbekistonlik talabalarga ko‘proq viza rasmiylashtirishga ustuvorlik berilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, konsullik bu yil grin-karta bo‘yicha ko‘proq arizalarni ko‘rib chiqish maqsadida ekanini bildirdi.
DV-2023 dasturida g‘olib bo‘lgan bir guruh o‘zbekistonliklar Kun.uz'ga murojaat qilib, AQShning Toshkentdagi elchixonasi g‘oliblarni intervyuga chaqirish masalasiga sustkashlik bilan yondashayotgani, faqat dushanba kuniga belgilanayotgan suhbatlar ko‘p marta bayram sanalariga to‘g‘ri kelgani ortidan kuyib ketgani, O‘zbekistonga kelib AQSh elchixonasiga viza olish uchun murojaat qilganlarni deb suhbatga kira olishmayotganidan shikoyat qilishgandi.
Suhbatdoshlar iyun oyiga atigi 90 ta, iyulga esa 99 ta keys bo‘yicha suhbat belgilangani, boz ustiga, negadir asosan kichik raqamli keyslar suhbatga chaqirilayotgani, hozirgacha g‘oliblarning atigi 44 foizi suhbatga chaqirilgani, dedlayn (30 sentabr)gacha katta keyslarga navbat yetib ham kelmasligidan xavotirlarini bildirishgandi.
Vatandoshlar elchixona suhbat o‘tkaziladigan kunlarni ko‘paytirishi, dushanba kunlari o‘tkazilmay qolgan intervyu kunlarini kompensatsiya qilib berishi hamda suhbatga chaqiriluvchilar limitini oshirishi kerak, degan fikrda. Ularga ko‘ra, shunda boshqalarning imkoniyatlari kuyib ketmaydi va elchixonaga nisbatan ham hech qanday e’tiroz bo‘lmaydi.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi Konsullik bo‘limi Kun.uz'da e’lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi.
Munosabatda aytilishicha, elchixona konsullik xizmatlarining barcha turlarini, jumladan, noimmigratsion vizalar, immigratsion vizalar va Amerika fuqarolik xizmatlarini taqdim etadi. Turli millat vakillari uchun vizalar – immigratsion vizalarning bir toifasi hisoblanadi va ular elchixona tomonidan har hafta rasmiylashtiriladi.
“2022 yili AQShning Toshkentdagi elchixonasi turli millat vakillari uchun rasmiylashtirilgan vizalar soni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Bu esa pandemiyadan oldingi davr, ya’ni 2019 yildagi ko‘rsatkichdan 25 foiz ko‘proq deganidir.
Shu bilan birga, AQShning Toshkentdagi elchixonasi o‘tgan yili rekord darajadagi immigratsion vizalarni rasmiylashtirdi va bu har qachongidan ham ko‘proq o‘zbekistonliklarning AQShga ko‘chib borishiga imkon yaratdi. Immigratsion vizalardan tashqari elchixona 2022 yili 2019 yildan farqli o‘laroq talabalar, almashuv dasturi bo‘yicha AQShga tashrif buyuruvchilar va sayyohlar uchun noimmigratsion vizalar uchun berilgan arizalarni ham ko‘rib chiqqanini ta’kidlash kerak”, – deyiladi rasmiy izohda.
Qayd etilishicha, konsullik bo‘limining umumiy ish yuklamasi va xodimlar sonidan kelib chiqqan holda, rejalashtirilgan va ko‘rib chiqilayotgan DV keyslarning soni oydan oyga farq qiladi. Masalan, yoz oylarida o‘zbekistonlik talabalar uchun vizalar berish ustuvor vazifa hisoblanadi, shu bois o‘zbekistonlik talabalarning AQShda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishlari, ular O‘zbekistonga qimmatli bilim va malaka bilan qaytishlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha resurslar ajratiladi.
“AQSh elchixonasi joriy moliya yilida turli millat vakillari uchun vizalarni o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq ko‘rib chiqishni maqsad qilgan”, – deya ma’lum qildi konsullik bo‘limi.
AQShlik diplomatlar DV dasturi g‘oliblariga ularning ma’lumotlarini ko‘rib chiqish uchun bir martalik to‘lovni to‘lashlari kerakligini eslatgan. Bu to‘lov grin-karta g‘olibi AQSh elchixonasida viza bo‘yicha suhbat belgilangan paytda to‘lanadi.
“DV lotereyasida qatnashish uchun hech qanday to‘lov olinmaydi. Insofsiz vositachilar talabgorlarga grin-karta uchun ariza to‘ldirishda yordam berishlari aytib, ularning tasdiqlash kodini qo‘lga kiritishgach, ular g‘olib bo‘lgan taqdirda kodni berish evaziga katta miqdordagi pul talab qilishlari hech kimga sir emas. DV dasturi ishtirokchilari ariza berish vaqtida onlayn blankalarni o‘zlari to‘ldirib, noyob tasdiqlash kodini o‘zlari olib saqlab qo‘yish orqali bu kabi holatlarning oldini olishlari mumkin.
Konsullik bo‘limi konsullik xizmatlariga bo‘layotgan talablarni yetarlicha qanoatlantirish, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga noqonuniy bostirib kirishi ortidan ushbu mamlakatdan qochishga majbur bo‘lganlar uchun vizalarni rasmiylashtirish ustida ishlamoqda.
Rasmiy munosabatda katta raqamli keyslar uchun intervyu belgilanmayotgani haqidagi shikoyatlarga izoh berilmagan.
Mavzuga oid
15:44
AQShda jarroh robot videoga qarab operatsiya qilishni o‘rgandi
14:22
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
22:03 / 12.11.2024
AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin
16:55 / 12.11.2024