Jahon | 14:54 / 19.06.2023
15294
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina «Marshall rejasi» uchun 40 milliard dollar so‘raydi

Foto: AP

Kiyev Londondagi yig‘ilishda mablag‘ ajratish haqida, jumladan, ekologik toza metallurgiyani rivojlantirishga pul so‘raydi. Prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Shurmaning so‘zlariga ko‘ra, bu «Marshall yashil rejasi»ning birinchi qismi bo‘ladi

Ukraina Londondagi konferensiyada urushdan vayron bo‘lgan iqtisodiyotni tiklash va xususan, ekologik toza metallurgiyani rivojlantirish uchun «Marshall yashil rejasi» doirasida 40 milliard dollar so‘raydi, dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Rostislav Shurma 19 iyun, dushanba kuni chop etilgan Reuters agentligiga bergan intervyusida. 

«Agar qayta qurish zarur bo‘lsa, uni zamonaviy «yashil» texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, u Ukrainada 50 million tonna miqdorida ekologik toza po‘lat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir», - dedi Shurma. 

Reuters agentligiga ko‘ra, bu Ukrainaga atrof-muhitga minimal ta’sir ko‘rsatadigan eritilgan po‘latni dunyoda eng past narxlarda yetkazib berish imkonini yaratadi va Yevropaning uglerod chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Siyosatchilar va moliyachilar 21-22 iyun kunlari Londonda Ukraina va Buyuk Britaniya raisligida yig‘ilish o‘tkazadi, unda qisqa muddatli moliyalashtirish masalalari va Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha uzoq muddatli rejalar muhokama qilinadi. Shurma tilga olgan 40 milliard dollar Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun «Marshall yashil rejasi»ning birinchi qismi bo‘lishi kerak. 

Rostislav Shurmaning hisob-kitoblariga ko‘ra, mablag‘ yig‘ish bo‘yicha dastlabki ishlar bir yildan bir yarim yilgacha davom etadi, ammo Ukraina iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha haqiqiy ish faqat urush tugaganidan keyin boshlanishi mumkin. 

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Ukrainani tiklash 400 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ga tushadi. Bu miqdor Ukraina yalpi ichki mahsuloti hajmidan uch baravar ko‘pdir. 

Mavzuga oid