Jahon | 20:38 / 20.06.2023
25009
3 daqiqa o‘qiladi

Migrantlar uyushmasi rahbari Rossiyaga migrantlarsiz yashab ko‘rishni taklif qildi

Renat Karimovning aytishicha, ular o‘zini oqlashdan, asosiy tarmoqlarda migrantlar muhimligini eslataverishdan charchagan. 

Foto: RIA Novosti

Rossiyada mehnat migrantlarining iqtisodiy ahamiyatini baholash uchun tarixiy eksperiment o‘tkazib, ularning xizmatidan vaqtincha voz kechish taklif etildi. Bu haqda Mehnat migrantlari kasaba uyushmasi raisi Renat Karimov gapirdi. 

«Hukumat asosiy tarmoqlarda migrantlar yetishmasligini aytadi. Demograflarning aytishicha, istiqbol unchalik yorqin emas, iqtisodiyot yangi mehnat resurslarini talab qiladi. Ish beruvchilar mehnat migrantlariga muhtoj. Aytishim mumkinki, Rossiya ishsizlikning tarixiy eng past darajasida. Ammo hozir migrantlarni almashtirishga tayyor odamlar ko‘p emas. Ba’zida qandaydir tarixiy eksperiment o‘tkazish yaxshiroqdek tuyuladi, chunki «migrantlar hammayoqni bosib ketdi» va shunga o‘xshash xitoblar to‘xtamayapti. 

Agar shunday bo‘lsa, unda mehnat migrantlarisiz yashab ko‘ring. Balki rossiyaliklar ikkita ish joyida ishlashni boshlar, mamlakat esa migrantlarsiz yashar? Har doim o‘zimizni oqlayverish jonga tegdi. Keling, migrantlarsiz yashab ko‘ring. Agar bu ish bermasa, migrantlar iqtisodiy jihatdan zarur degan iborani qulog‘ingizga quyib oling», dedi u. 

Avvalroq, fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha Rossiya prezidenti huzuridagi Kengash rahbari Valeriy Fadeyev xorijdan ishchi kuchini qabul qilish uchun kvota ajratish va qattiq tanlov o‘tkazish lozimligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, til bilmaydigan ishchilarni jalb qilish mumkin emas, ular keyinchalik Rossiyada anklav tashkil qilmoqda. Renat Karimov bu so‘zlardan hayron qolganini aytdi. 

«Inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari vaqti-vaqti bilan g‘alati takliflarni berishi bizni hayron qoldiradi. Biz bunga hech qanday ehtiyoj sezmayapmiz. Rus tilini bilishi patent berilganda tekshiriladi. Odamlar birinchi yoki ikkinchi marta bu imtihondan o‘tadi, bu jarayonda ular til bo‘yicha bilimlarini oshiradi. Nega endi Fadeyev tanlovni qattiqroq qilishni, migrantlar sonini kamaytirishni istayapti? Bu men uchun jumboq», dedi u. 

Mavzuga oid