YeI uchinchi davlatlarga qarshi yangi sanksiya quroliga ega bo‘ldi: lekin undan ayabroq foydalanishi mumkin
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiyaga iqtisodiy sanksiyalarga chap berishda yordam berayotgan uchinchi davlatlarni jazolash o‘rniga, ularning fikrini o‘zgartirishni afzal bilmoqda.
O‘tgan haftada Yevropa Ittifoqi Rossiyaga joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalarni yengib o‘tishda unga yordam berayotgan davlatlarni jazolashga iz beradigan sanksiya arsenalini kuchaytirishga rozi bo‘ldi. Lekin, ekspertlar fikricha, YeI bu ishga qo‘l urmasligi mumkin, deb yozmoqda Politico.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning harbiy mashinasini moliyalashtirishdan mosuvo etish uchun Yevropa Ittifoqi yo Kremlga daromad keltiradigan yoki Ukrainaga bosqin davomida jang maydonlarida foydalanilayotgan ko‘plab tovarlar savdo-sotig‘ini taqiqlab qo‘ydi.
Ammo ayrim davlatlar, jumladan Qozog‘iston va Armaniston o‘z hududi orqali sanksiya ostiga tushgan tovarlar oqimini Rossiyaga o‘tkazib berishda ayblanmoqda. Sanksiya ostidagi tovarlar YeI davlatlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga jo‘natilmayotgani sababli, ularni kuzatish juda mushkul.
Yevropa Ittifoqi ana shu masala bilan jiddiyroq shug‘ullanmoqchi.
O‘tgan yil fevral oyidan buyon Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin tufayli Rossiyaga qarshi 10 ta sanksiyalar paketini qabul qilgan Yevropa Ittifoqi elchilari yangi mexanizmni tasdiqlashdi: agar uchinchi davlatlar g‘arb sanksiyalariga amal qilmasa yoki Rossiyaga olib kirish taqiqlangan tovarlarning keskin o‘sishini tushuntirib bera olmasa, ular ham YeI tomonidan jazolanadi.
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen bu siyosiy bitimni ma’qulladi va paket «Kremlni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlarga qaratilgan eksport cheklovlarini qat’iylashtirish Putinning harbiy mashinasiga qo‘shimcha zarba berishi»ni aytdi.
Yevropa Ittifoqining yangi mexanizmiga binoan, sanksiyalarga chap berib olib kirilayotgan mahsulotlar ro‘yxati, shuningdek, ushbu mahsulotlarni yetkazish taqiqlangan davlatlar ro‘yxati tuzilishi mumkin.
Biroq, YeIdagilarning barchasi ham bu chorani yaxshi qadam deb ko‘rib, undan so‘nggi chora sifatida foydalanishni ma’qullamayapti. Bir necha davlat, jumladan Germaniya, bunday mexanizm diplomatik munosabatlarga putur yetkazishi, alal oqibatda sanksiya ostiga tushgan uchinchi davlatlar Rossiya va Xitoyning quchog‘iga yo‘l olishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
«Biz ayniqsa Markaziy Osiyodagi bu kompaniyalarni Putinning quchog‘iga borib tushish xavfini vujudga keltiruvchi jazolash choralariga darhol o‘tish bilan tavakkal qilishni istamaymiz. Chunki bu biz istaganimizga g‘irt teskari natija bo‘lar edi», — degan masalaning nozikligi uchun o‘z shaxsini oshkor etishni istamagan YeI diplomati.
Bu xavotirlarni tarqatish uchun Komissiya matnning turli variantlariga qo‘shimcha kafolatlar kiritgan va Politico nashri ular bilan tanishib chiqqan.
Diplomatlar o‘tgan payshanba kuni uchinchi mamlakatlarga sanksiyalar joriy etish tartibi tushuntirilgan qo‘shimcha bayonotni imzolashdi. Bu bayonotda uchinchi mamlakatlarga cheklovlarni aylanib o‘tish bilan bog‘liq vaziyatni to‘g‘rilash uchun yordam berish va buni nazorat ostiga olish, diplomatik ish va adresli texnik yordam mamlakatni jazolashdan ustuvor bo‘lishi lozimligi haqida gap boradi.
Germaniya iqtisodiyot vazirligi diplomatik yo‘l bilan odinga qadam bosish lozimligini talab qilib turib olgan edi.
«Kelgusida uchinchi davlatlar orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini samarali olish imkoniyatiga ega bo‘lish muhim. Shu sababli 11-sanksiyalar paketida uchinchi davlatlar bilan diplomatik muloqotlarga va jips hamkorlikka adolatli tarzda urg‘u berilgan. Agar jips hamkorlik bilan sanksiyalarga chap berish holatini bartaraf etish mumkin bo‘lsa, bu doim afzalroq hisoblanadi», — deyiladi bayonotda.
Agar boshqa choralar kor qilmasa
Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti sanksiyalar bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mariya Shaginaning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv kurashish choralarini samarasiz qurolga aylantiradi.
«Men bu vositalar keng ishlatilishiga birmuncha skeptik munosabatdaman, chunki YeI majburlashga qarshi vosita o‘ylab topganga o‘xshayapti. Ularning har ikkisi muloqot olib borish uchun bor say-harakatni ishga solishga harakat qilishadi va so‘nggi choradan qolgan barcha choralar ish bermasa foydalanish aytilmoqda. Shu holning o‘ziyoq bu choraning salohiyatini pasaytiradi», — degan Shagina.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammolardan biri – mamlakat sanksiyalarni chetlab o‘tishda o‘z ixtiyori bilan ishtirok etgani qanday isbotlanishi, shuningdek, ma’lum bir ko‘rsatkichlar bo‘yicha savdo hajmi keskin o‘sib ketgani uchun jazo joriy etish uchun olingan savdo to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishonarli ekanini isbotlashga borib taqaladi.
Shaginaga ko‘ra, mamlakatni sanksiya ro‘yxatiga qo‘shish masalasi ko‘rib chiqilayotganida asosiy xavotir u bilan diplomatik aloqalar buzilishi bo‘ladi. «Bu mamlakatlar bilan hali ham yaxshilab gaplashib olishlaring kerak», — degan u. Chunki, ekspertning fikricha, bunday vaziyat «nimadir qilish uchun ma’lum bir jur’atsizlikka olib keladi».
Pillsbury xalqaro savdo hamkori vakili Stiven Farmerning fikricha, «Yevropa Ittifoqi yaqin istiqbolda ma’lum bir mamlakatlar bo‘yicha ham, mahsulotlar assortimenti bo‘yicha ham o‘z vakolatlaridan keng foydalana olmaydi». Farmerga ko‘ra, bu hol sanksiyalarni aylanib o‘tishni yumshatish uchun boshqa variantlar qolmaganidan keyingina YeIdan qat’iy choralar ko‘ra boshlashi talab qilinishi bilan bog‘liq.
Rossiyaga yordam berganlik uchun mamlakatlarni jazolash sari tashlangan dastlabki qadam aynan qaysi mahsulotlar nishon ostiga olinishi bo‘ladi. Farmerning so‘zlariga ko‘ra, bu rossiyalik harbiylarga yordam berayotgan integral tizimlar va elektronika, simsiz aloqa vositalari va boshqa elektron tarkibiy qismlar bo‘lishi mumkin.
Lekin ikkilamchi sanksiyalar ro‘yxatiga qaysi davlatlarni qo‘shish siyosiy ta’sirchan munozaralarni keltirib chiqaradi. Armaniston YeIning potensial jazosi yangray boshlagach, allaqachon o‘z hududi orqali sanksiyalarga chap berishlarga barham berishi haqida bayonot berdi.
«Biroq, ro‘yxatdagi «beso‘naqay» davlat albatta Xitoy bo‘ladi. Tabiiyki, bu davlatni sanksiya ro‘yxatiga kiritib bo‘lmaydi», — degan Shagina.
Pekin qarshi choralar bilan tahdid qilgach, YeI davlatlari Xitoyning Komissiya taqdim etgan bir necha kompaniyalariga qarshi qat’iyroq savdo cheklovlari joriy etishdan cho‘chib qolishdi va ro‘yxatda Hongkongning bir necha kompaniyalarini qoldirishdi, xolos.
Nomini oshkor etmagan YeI diplomatining aytishicha, yangi vositalar blokning sanksiyalar bo‘yicha elchisi Devin O’Sallivanga rioya etishga majburlovchi vajlar keltirishda yordam beradi.
«G‘oya shundaki, O’Sallivan Rossiyaga yordam qo‘lini cho‘zgan davlatlarga yo‘l olganida so‘nggi choralar uning yengi ichidagi ko‘zin qarta bo‘lishi kerak. Biroq biz masalani do‘stona usulda hal qilishni afzal deb bilamiz», — degan diplomat.
Mavzuga oid
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
21:00 / 12.11.2024
Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi
20:43 / 12.11.2024