«Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin so‘nggi daqiqada Aleksandr Lukashenko vositachiligida Kreml bilan kelishuvga erishdi. Kelishuvga ko‘ra, Minsk Prigojin va uning jangchilariga boshpana beradigan bo‘ldi, isyonda qatnashmagan jangchilarda esa Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash imkoni bor.

24 iyun kuni kechqurun ushbu kelishuvlar tuzilgandan so‘ng, Prigojin o‘z telegram-kanalida «ular» (katta ehtimol bilan RF mudofaa vazirligi nazarda tutilgan) «Vagner»ni tarqatib yubormoqchi bo‘lganini aytdi. Ammo bu uning demarshining asosiy va yagona sababi bo‘lgani yoki yo‘qligi noaniq.

26 iyun kuni oqshomda Prigojin yana bir audioxabar e’lon qildi, unda u o‘z jangchilarining hech biri mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolamoqchi emasligi va uning kompaniyasi 1 iyuldan rasman o‘z faoliyatini to‘xtatishi kerak bo‘lganini aytdi.

«Vagner» tarqatib yuborilganidan keyin Rossiyadan tashqarida harakat qilayotgan yollanma askarlar taqdiri qanday kechishi noma’lumligicha qolmoqda.

Ayni paytda «Vagner» jangchilari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida — Liviya, Sudan, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Mozambik, Burkina-Faso, Madagaskar va Venesueladagi to‘qnashuvlarda faol ishtirok etmoqda.

Shu bilan birga, ko‘plab yollanma askarlar Liviya, Suriya, Markaziy Afrika Respublikasi, Mali va Ukrainada ko‘pincha tinch aholiga qarshi sodir etilgan jinoyatlarda ayblanadi.

Vagnerchilar faoliyatini uzoq yillardan beri kuzatib kelayotgan BMTdagi diplomatik manba BBC nashriga bergan intervyusida aytishicha, agar bu guruh Rossiya hukumati qo‘llab-quvvatlovidan mahrum bo‘lsa va haqiqatan tarqatib yuborilsa, unda Rossiya mudofaa vazirligi Afrikada qolgan «Vagner» bo‘linmalariga ta’minotni to‘xtatishi mumkin.

Ushbu manba so‘zlariga ko‘ra, Afrikadagi, xususan, Markaziy Afrika Respublikasi, Liviya, Sudan va Malidagi yollanma askarlar pul rag‘batlarisiz, shuningdek, siyosiy va harbiy yordamsiz qoladi. Ya’ni aslida ular ishsiz qoladi va o‘z kasb yo‘nalishi bo‘yicha ish qidirishni boshlaydi, bu esa beqarorlik, fuqarolar urushlari va isyonlar hukm surayotgan mamlakatlar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Shu bilan birga, hokimiyat uchun kurashning birinchi qurbonlari, qoida tariqasida, tinch aholi bo‘ladi. Hozirda «Vagner» faoliyat yuritayotgan mamlakatlardagi mavjud barcha tartibsizliklar guruhning zo‘ravonliklariga aylanib ketmasligidan umid qilish mumkin, xolos.

Ammo «Vagner» Afrika va Suriyada aynan qanday vazifalarni bajaradi va agar kompaniya tarqatib yuborilib, Rossiya mudofaa vazirligidan yordam olishni to‘xtatsa, bu yerlarda nima sodir bo‘lishi mumkin?