Jahon | 19:56 / 19.07.2023
14157
8 daqiqa o‘qiladi

«Natijaga tezda erishib bo‘lmaydi» - Ukrainaning sharqdagi qarshi hujumiga rahbarlik qilayotgan general

Foto: Reuters

Ukrainalik general Oleksandr Sirskiyni tez-tez XXI asrning eng muvaffaqiyatli qo‘mondoni sifatida tilga olishadi. Rossiya harbiy bosqini boshida Kiyev mudofaasiga aynan u boshchilik qilgandi, o‘tgan yil sentabrida Xarkiv atrofidagi g‘alabali qarshi hujumni ham u tashkillashtirgandi. Va mamlakat qurolli kuchlarining Ukraina sharqidagi harakatlariga - bu ayni vaqtda Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumidagi ikki asosiy yo‘nalishdan biri – Sirskiy qo‘mondonlik qilmoqda.

«Biz juda tez natijaga erishishni istaymiz, ammo bizning realligimizda bu amalda imkonsiz», — deya tan oladi general Sirskiy BBC muxbiri Jonatan Bilga bergan intervyusida.

Quyida ushbu reportaj tarjimasi keltiriladi.

Biz general Sirskiy bilan uning ko‘chma qo‘mondonlik punkti joylashgan maxfiy joyda ko‘rishdik — bu uni pozitsiyalar bo‘ylab olib yuradigan va harbiy harakatlar borishini kuzatib borish mumkin bo‘lgan maxsus jihozlangan avtomobildir.

Mashina yirik kalibrli pulemyot bilan qurollangan, ichkarida ulkan ekran bo‘lib, unga jang maydonida aylanib yurgan yuzlab dronlardan real vaqt rejimida tasvirlar kelib turadi.

Biz birgalikda ukrain qo‘shinlari raqibdan hududlarni qaytarib olishga harakat qilayotgan Baxmut atrofida snaryadlar bilan ilma-teshik qilingan dalalarni tomosha qilamiz. Men generaldan u o‘z oldiga shaharni qaytarib olish vazifasini qo‘ygan-qo‘ymaganini so‘rayman. «Ha, albatta, — deya javob qaytaradi u tabassum bilan. — Men buni uddalashga harakat qilaman».

Shu bilan birga, Sirskiy qarshi hujum boshlanganidan beri bir oydan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, frontning ko‘p jabhalarida yurish ko‘plar kutganidek tez kechmayotganini tan oladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina sharqida ham, janubda ham minalangan maydonlar va boshqa mudofaa istehkomlaridan iborat juda ko‘p to‘siqlar o‘rnatilgan. Rossiya armiyasi ko‘p istehkomlarga ega, «shuning uchun bizning qarshi hujumimiz biz xohlaganchalik tez olib borilmayapti».

Sharqiy qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni general-polkovnik Oleksandr Sirskiy. Foto: BBC

Shunga qaramay, general Sirskiyning fikricha, Ukraina shubhasiz ustunlikka ega: «Men harbiy rahbariyatimiz hamjihatligi va askarlarimizning bir-biriga ishonchi — bizning armiyaning kuchli tomoni, deb hisoblayman».

Bu Rossiya armiyasining yuqori doirasidan keskin farqlanadi: u yerda ichki nizolar bor, yuqori martabali ofitserlar muntazam ravishda qo‘mondonlikdan chetlatiladi.

General Sirskiyning atrofidagilar uning sobitqadamligi, qat’iyati va harbiy makkorligiga qoyil qolishadi. Uning uchun dam olish — sportzaldagi har kungi mashg‘ulotlardir. U odatda kuniga to‘rt yarim soatdan uxlaydi.

Ukraina tomoni Baxmut shimoli va janubida Rossiya armiyasidan qariyb 30 kvadrat kilometr hududni qaytarib olganini aytmoqda.

Baxmutni qaytarib olish general uchun sharaf masalasi hamdir.

«Biz Baxmutni mudofaa qilganimizda ko‘plab quroldosh birodarlarimizni, jangchilarimizni yo‘qotdik va endi biz shunchaki uni qaytarishimiz kerak».

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar bizni Baxmutdagi Rossiya qo‘shini tezda qurshab olinishiga ishontirdi. Ammo biz shahardan atigi 3 km masofadagi pozitsiyaga borganimizda, Rossiya tomonidan artilleriya zarbalari davom etayotgandi.

Ukraina qurolli kuchlari 78-brigadasining Aleks ismli jangchisining aytishicha, vaziyat og‘irligicha qolmoqda.

U shu kuni tongda kelib tushib portlagan rossiyaliklar snaryadi hosil qilgan o‘rani ko‘rsatadi. Snaryad u turgan xandaqdan bir necha metr nariga tushgan. Ko‘p o‘tmay biz ham yerto‘laga qarab yugurishimizga to‘g‘ri keldi.

Portlashlardan uzoqda, yerosti bunkerida Baxmutni egallash harakatlari muvofiqlashtirilmoqda.

Ikki oy muqaddam, bu yerda so‘nggi bor bo‘lganimda, ukrain qo‘shini chekinayotgan va qurshovga tushish xavfi ostida turgandi. Bugun vaziyat tubdan o‘zgargan.

57-brigada komandiri polkovnik Olekandr Bakulinning aytishicha, endi Rossiya armiyasida muammolar paydo bo‘lgan.

U dushmanni kamsitishni xohlamasligi, ammo Rossiyaning muntazam qismlarini may oyida Baxmutni egallashga muvaffaq bo‘lgan Yevgeniy Prigojinning yollanma jangchilari bilan taqqoslab bo‘lmasligini aytadi.

Polkovnikning so‘zlariga ko‘ra, vagnerchilar «juda noqulay raqib» bo‘lgan, ular «o‘ldirish uchun o‘ldirishgan».

Shu tufayli endi, Bakulinning aytishicha, «agar sa’y-harakatlar amalga oshirilsa, Baxmutni qurshab olish mumkin». U shuningdek, harbiy mantiqqa zid o‘laroq, qarshi hujum vaqtidagi qurbonlar soni shahar mudofaasi vaqtidagidan kam bo‘layotganini ta’kidlaydi.

Bundan tashqari, sekin bo‘lsa ham oldinga siljish ruhiy ko‘tarinkilik keltiradi, shuning uchun «yo‘qotishlarni boshdan kechirish» ham osonroq.

Sharqiy frontda ukrain harbiylari soni urush boshidan buyon ilk bor rossiyaliklarniki bilan tenglashdi — 160 ming atrofida.

Ammo Rossiya artilleriya bobidagi ustunlikni saqlab qolmoqda.

AQShdan yetib kelgan M777 gaubitsalari Baxmut atrofidagi pozitsiyalarga joylashtirilgan.

Ehtimol, bu dinamika Amerika keng maydonga zarar yetkaza oladigan kassetali o‘q-dorilarni yetkazib berishi bilan o‘zgarar?

Bunday o‘q-dorilar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida taqiqlangan (faqat AQSh, Ukraina yoki Rossiyada emas), ammo polkovnik Bakulinning tasdiqlashicha, ular «dushman piyodalariga maksimal darajada zarar yetkazish uchun» zarurdir.

«Piyodalar qancha ko‘p halok bo‘lsa, ularning Rossiyadagi qarindoshlari o‘z hukumatiga „nega?“ degan savolni qo‘ya boshlaydi», — deb hisoblaydi u. Va shunday qo‘shimcha qiladi: «Men kassetali o‘q-dorilar jang maydonidagi barcha muammolarimizni hal qiladi deb ayta olmayman».

Bakulin bu juda bahsli qurol ekanini tan oladi, shu bilan birga shuni ta’kidlaydi: «Ammo agar ularni rossiyaliklar qo‘llamaganida, balki, vijdonimiz bizga ham buni qilishga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi».

General Sirskiy amerikaliklarning kassetali o‘q-dorilari allaqachon Ukrainaga yetib kelgani va yaqin kunlarda foydalanishi mumkinligini aytadi.

Biz Baxmut yaqinidagi pozitsiyalarda AQSh yetkazib bergan va shunday kassetali o‘q-dorilarni qo‘llash mumkin bo‘lgan M777 gaubitsalarini ko‘rdik.

Oleksandr Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, Baxmutning ozod etilishi faqat ramziy ma’noga ega bo‘lmaydi. Uning ishonch bildirishicha, Baxmut strategik nuqtayi nazardan ham ahamiyatli bo‘lib, regionning muhim shaharlariga kirish eshigi bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga «odamlarimiz g‘alabani kutmoqda, — deydi general — ularga kichik bo‘lsa ham g‘alaba kerak».

Mavzuga oid