09:52 / 21.07.2023
3793

Minskda O‘zbekiston va Belarus TIV o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi

Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

TIV ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov va Belarus tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Nazaruk boshchilik qildi.

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, ikki davlatning ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalari muhokama qilindi.

Iqtisodiy diplomatiyani, jumladan, hududlararo darajada faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Tashqi savdo sohasida yetarlicha foydalanilmagan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Ikki davlat bozorlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ayirboshlashni jadallashtirish hisobiga o‘zaro savdo hajmini oshirishga qiziqish bildirildi. Farmatsevtika, veterinariya, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar kun tartibidan madaniy-humanitar almashinuvlarni faollashtirish ham joy oldi. Tomonlar ilm-fan va ta’lim sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirishga, xususan, ikki mamlakatning yetakchi ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni oshirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim jihatlari ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid
Top