Endi qarshi hujum boshlanganidan bir yarim oy o‘tgach, ko‘p narsa oydinlasha boshladi va vaziyatga boshqa tushuntirishlar ham qo‘shildi: bu Ukraina qo‘shinlarining umumqo‘shin operatsiyalari o‘tkazishga layoqatsizligi va qurolli kuchlar askarlarining NATO standartlari bo‘yicha mashqlari yomon tashkillashtirilgani, deyilmoqda.
Bild nashri Bundesverning ichki hujjatlariga tayanib yozishicha, nemis harbiylari Ukraina armiyasini qarshi hujum chog‘idagi xatti-harakatlari uchun ilk bor tanqid ostiga olishgan. Aytilishicha, yil boshidan buyon Yevropada Ukrainaning jami odam soni 20 mingga yaqin bo‘lgan kamida to‘qqizta zarbdor brigadasi o‘qitilgan va qurol-aslahalar bilan ta’minlangan. Biroq, GFR mudofaa vazirligi Ukraina ularni behudaga bo‘lib tashlamoqda va kichik kuchlar bilan hujumga o‘tmoqda, deb hisoblamoqda.
«Harbiy qismlar shunchalik kichik bo‘laklarga bo‘linmoqdaki, garchi har bir kichik harbiy qism nimadir bilan mashg‘ul bo‘lsa-da, umumiy jangovar rahbarlik ko‘zga tashlanmayapti», — deyiladi hujjatda. Bundesverdagilar fikricha, bu «o‘zinikini otib qo‘yish» xavfini kuchaytaribgina qolmasdan, «bosh zarba yo‘nalishi bo‘yicha harakatga o‘tib, o‘t ochish tashabbusiga ega bo‘lish uchun manyovrli bo‘linmalar yetishmasligini keltirib chiqaradi».
Nemis mutaxassislari jangovar tajribaga ega ukrain askarlari g‘arb texnikasini yangi chaqirilganlardan ko‘ra yomonroq o‘zlashtirayotganiga ham urg‘u bergan. Yosh kursantlar mashqlar davomida jangda o‘t ochish va harakatga kelishdan foydalanish prinsiplarini yaxshiroq o‘zlashtirmoqda, biroq Ukrainaga qaytishi hamono ularning sovetcha texnika va taktikada suyagi qotgan komandirlari bu g‘arbona prinsiplarga amal qilmasligiga duchor bo‘lishmoqda.
Harbiy tahlilchi Yulian Repkening tushuntirishicha, g‘arbda o‘qitilgan Ukraina QK brigadalari 10–30 askardan iborat bo‘linmalarga bo‘lib tashlanmoqda, Ukrainaning jang doktrinasi va ofitserlari g‘arbda o‘rgatilganlariga ters harakatlar qilishmoqda va shu tufayli tashabbusni qo‘ldan boy berishmoqda.
Kiyevning qarshi hujumdagi muammolari birgina mina maydonlari bilan cheklanmasligi haqida Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, frontda bo‘lib qaytgan Frans-Stefan Gadi tomonidan ham avvalroq tilga olingan edi. Uning aytishicha, Ukraina qurolli kuchlarining jiddiy muvaffaqiyatlarga ega bo‘lolmayotganining asosiy sababi armiya keng miqyosli umumqo‘shin operatsiyalarni samarali tashkillashtirishga layoqatsiz ekani, buning natijasida frontning turli uchastkalarida operatsiyalar hamohang o‘tkazilmayotgani bo‘lishi mumkin.
















