O‘zbekiston | 12:45 / 04.08.2023
8210
2 daqiqa o‘qiladi

“Mintaqamizning keyingi taraqqiyoti hech shubhasiz suv omiliga bog‘liq” – Senat raisi

Senatning bugun o‘z ishini boshlagan qirq uchinchi yalpi majlisida suvni asrab-avaylash, uni tejash va samarali foydalanish borasidagi ishlar muhokama qilindi.  

Foto: Senat.uz

Muhokamalar jarayonida Senat raisi Tanzila Norboyeva mintaqaning keyingi taraqqiyoti hech shubhasiz suv omiliga bog‘liq ekanini ta’kidlab o‘tgan.

Bizga jamiyat va davlat imkoniyatlarini to‘liq safarbar qiladigan, barcha uchun birdek maqbul, manfaatli va mas’uliyatli suv siyosati kerak. Bu borada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish – birinchi galdagi vazifa.

Raqamli va ilmiy jihatdan asoslangan tejamkor texnologiyalarni keng joriy etmasdan turib suv muammosini hal qilib bo‘lmaydi.

Suvni asrab-avaylash axloqiy tarbiyamizning ajralmas qismiga aylanishi shart. Birinchi navbatda, insonlarimiz, ayniqsa yosh avlodning ekologik madaniyatini to‘g‘ri shakllantirishimiz zarur.

Lekin tashabbus Senat tomonidan ilgari surilgani bilan ushbu masalada Hukumat, vazirlik, idoralar va ilmiy hamjamiyatning o‘zaro o‘yg‘un harakati ta’minlanmasa, kutilgan natijaga erishish qiyin”, deya o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan Senat raisi.

Senatorlar suv masalasi bilan bog‘liq bo‘lgan “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunni ham ko‘rib chiqishdi.  Ta’kidlanishicha, bugungi kunda suv xo‘jaligi tizimida jami 73 ta suv ombori va sel-suv ombori, 1688 ta nasos stansiyasi, 49 ta GES va boshqa obektlar mavjud. Suv xo‘jaligi obektlarining aksariyat qismidan 40 yildan ortiq foydalanilmoqda. Bu esa ularni o‘z vaqtida ta’mirlash-tiklash va rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlarini amalga oshirish, texnik soz holatda saqlash hamda ularning xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlashni talab qilmoqda.

Qonun bilan gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlash yuzasidan foydalanuvchi tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, buyurtmachi tashkilotlarning, loyiha va pudrat tashkilotlarining majburiyatlari belgilanmoqda.

Muhokamalardan so‘ng ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid